Yurtimizda faol nuroniylar o'rtasida o'tkazib kelinayotgan “Bir nuroniy — o'n yoshga mas'ul” ko'rik-tanlovi ma'naviy ko'makka muhtoj yoshlar bilan ishlash, ijtimoiy-ma'naviy muhitni barqarorlashtirish, yoshlarni Vatanga muhabbat, ezgulik va rahmdillik ruhida tarbiyalash, nuroniylarning yoshlar o'rtasida milliy, umuminsoniy qadriyatlarni asrab-avaylash borasidagi faoliyatini yanada takomillashtirishga xizmat qiladi.

Toshkent viloyati Quyi Chirchiq tumanidagi 4-sonli musiqa maktabida tuman hokimligi, “Nuroniy” jamg'armasi, Kambag'allikni qisqartirish va bandlikka ko'maklashish bo'limlari, Mahalla uyushmasi, Ma'naviyat va ma'rifat markazi,  Yoshlar ishlari agentligi tuman bo'limlari, Madaniyat bo'limi hamkorligida o'tkazilgan ko'rik-tanlovda ayni haqiqat yaqqol namoyon bo'ldi, deyish mumkin.

Tanlovning tuman bosqichida “Madaniyat”, “Mashrab”, “Oydinobod”, “Chinobod” mahallalarining nuroniylari va yoshlari ishtirok etdilar. Bellashuv uchta yo'nalish bo'yicha tashkil qilindi.

Tadbirda ishtirok etgan nuroniylar o'z faoliyatiga oid taqdimotlar tashkil qilib, amalga oshirgan ishlari xususida ma'lumotlar berib o'tdilar. Shuningdek, o'z ijodkorlik qobiliyatlarini namoyon etdilar.

Murosasiz, ammo samimiy va qiziqarli tarzda kechgan tanlovda “Mashrab” mahallasi faol nuroniysi Egamberdi Ataxanov faxrli birinchi o'rinni qo'lga kiritib, viloyat miqyosidagi tanlovda ishtirok etish imkoniyatiga ega bo'ldi. “Oydinobod” mahallasi faol nuroniysi Dilbar Rahmatova ikkinchi o'rinni, “Chinobod” mahallasi faol nuroniysi Gulzoda Nazarova uchinchi o'rinni egalladilar. G'olib va sovrindorlar tadbir tashkilotchilari tomonidan maxsus diplom hamda qimmatbaho sovg'alar bilan taqdirlandilar.

Nigora O'ROLOVA.

By Behzod

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan