Ko'chadan o'tayotib, darvozaga ilingan: “Ushbu xonadonda “Ibratli oila” ko'krak nishoni bilan taqdirlangan oila istiqomat qiladi” degan yozuvga ko'zingiz tushsa, beixtiyor ushbu xonadon sohiblarining hayot tarzi, jamiyatda tutgan o'rni va ibratli faoliyati haqida o'ylaysiz. Ana shunday namunali oilalardan biri Buxoro viloyati Vobkent tumanidagi “Kumushkent” mahallasida istiqomat qilayotgan Mansurovlar oilasidir.
Mazkur oilada ma'naviy muhit, o'zaro hurmat va sog'lom turmush tarziga ustuvor qadriyat sifatida qaraladi. Oila bekasi Mayram Shaymurodova uzoq yillar ta'lim sohasida samarali mehnat qilgan. Bugun esa nafaqada bo'lishiga qaramay, o'zining boy hayotiy tajribasini yosh avlod tarbiyasiga bag'ishlab kelmoqda.
Onaxon Vobkent tumanidagi 4-sonli umumta'lim maktabi “Faxriylar kengashi” raisi sifatida o'quvchilar bilan uchrashuvlar, ma'naviy-ma'rifiy tadbirlar va turli davra suhbatlarini muntazam tashkil etib, yoshlarni Vatanga muhabbat, milliy qadriyatlarga sadoqat hamda sog'lom turmush tarziga da'vat etmoqda.
Xalqaro oila kuni munosabati bilan “Ibratli oila” ko'krak nishoni bilan taqdirlangan Mayram Shaymurodovaning yana bir e'tiborga molik jihati — sportga bo'lgan cheksiz mehridir. Aya nuroniy yoshda bo'lishiga qaramay, jismoniy faollikni kundalik hayotining ajralmas qismiga aylantirgan. Muntazam mashg'ulotlar orqali sog'lig'ini mustahkamlab, atrofdagilarga ham sog'lom turmush tarzining afzalliklarini namoyon etmoqda.
Mayram opa nuroniylar o'rtasida tuman va viloyat miqyosida o'tkaziladigan sport musobaqalarida faol ishtirok etib, bir necha bor faxrli o'rinlarni qo'lga kiritgan. Uning sportdagi yutuqlari nafaqat shaxsiy muvaffaqiyat, balki yoshi ulug' insonlar uchun ham faol va mazmunli hayot kechirish mumkinligining yorqin isbotidir. Onaxon har bir musobaqada o'zini qat'iyat, iroda va sog'lom turmush tarzining haqiqiy targ'ibotchisi sifatida namoyon etmoqda.
Bir so'z bilan aytganda, islohotlar jadal tus olgan hozirgi yangilanish va bunyodkorlik davrida Mansurovlar oilasi milliy qadriyatlarni o'zida mujassam etib, mahalla ahli va yoshlar uchun chin ma'noda ibrat maktabiga aylanib kelmoqda.
Dilafruz OBLOQULOVA.