Inson yoshi ulg'aygani sari tajribasi va bilimi ortib boradi. O'zi esa, magarki, ezgu yo'lda bo'lsa, chin dildan, halol mehnat qilsa, el aro aziz va tabarruk bo'lib boraveradi. Mekkam momo Xoliyorova ana shunday insonlardan biri. Onaxon 1920 yil 20 fevral kuni Surxondaryo viloyatining Sho'rchi tumanida tug'ilgan. Otasi Sherqobilov Xoliyor bobo  chorvador, onasi Rahmonova Kumush momo uy bekasi bo'lgan. Mekkam momo oilada katta yolg'iz qiz farzand bo'lgan.

Mekkam momoning yoshligi Ikkinchi jahon urushi yillariga to'g'ri keldi. Otasi Xoliyor bobo bilan birgalikda Bobotog' yaaylovlarida chorvachilik bilan shug'ullanib, chorva fermasida mudir bo'lib ishlagan. Mekkam momo boshchiligida atrofdagi ayollarni to'plab, brigada tuzgan holda, qo'y va echki junidan jangchilar uchun junpaypoq, paytava va chakmonlar to'qib, tikib, g'alabaga munosib hissa qo'shganlar. Bundan tashqari, go'sht va qatiqdan oziq-ovqat mahsulotlari tayyorlab, doimiy ravishda frontga jo'natib turganlar.

Momo urush yillarini shunday eslaydilar:

— O'zimiz sovuqda och, ustimiz yupun bo'lsak-da, front uchun borimizni berardik. Urushning oti o'chsin, bolam, qancha yoshu qarini hayotdan olib ketdi. Ochlik xalqning tinkasini quritdi…

Mekkam momo urushdan keyin 1945-1946 yillarda Sho'rchi tumani sobiq Karl Marks nomli kolxozidagi Mirshodi qishlog'ida yashovchi urush qatnashchisi, I guruh nogironi Jummayev Ergash boboga turmushga chiqib, shu qishloqqa ko'chib kelishadi. Onaxon bu yerda asli Qozog'istondan bo'lgan Ipak momoga shogird tushib, u kishidan o'tov to'qish, tuzish, jundan oy gilam, gajak gilam, to'da gul gilam, sharoqot gilam to'qish, tikuvchilik sirlarini o'rganadi. Birgalikda maktab ochishib, yoshlarga ham o'rgatadilar. Ko'plab shogidrlar  chiqaradilar. Urush asoratlarini bartaraf etishda o'tov qurish ishlariga asos soladi, gilam to'qish ishiga ulkan hissa qo'shadi. Mekkam momo qaynotasi Donayev Jummo bobo, qaynonasi Qorayeva Zulfin momolarning xizmatlarini astoydil ado etadi. Turmush o'rtog'i Ergash bobo bilan birga, o'n nafar farzanddan 5 nafarini voyaga yetkazadilar.

Turmush o'rtog'i 2005 yil 85 yoshida vafot etgan.

Bugungi kunda Mekkam momo Oltinsoy tumanidagi “Alpomish” MFY Mirshodi qishlog'ida 40 nafardan oshiq nevara, 50 nafardan oshiq chevara, 10 nafardan oshiq evara, 10 nafardan ortiq dubaralar davrasida baxtli umr kechirib kelmoqda.

Farzandlari, nevarayu chevaralari hozirda jamiyatimizning turli jabhalarida sidqidildan mehnat qilib kelmoqdalar. Bunda Mekkam momoning roli hamda tarbiyasi alohida ahamiyat kasb etadi. Momoning samarali mehnatlari hisobga olinib, ular “O'zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi” esdalik nishoni bilan taqdirlandilar. Mukofotni topshirish tantanasida tuman hokimi Otabek Mavlonov, “Nuroniy” jamg'armasi tuman bo'limi raisi Yusufxon Hakimov va yana bir guruh nuroniylar ishtirok etib, momoning ibratga to'la hayotini e'tirof etdilar. Ulkan ehtirom ramzi sifatida esdalik nishoni va qimmatbaho sovg'alarni topshirdilar.

Mustaqilligimizning 35 yilligi oltinsoyliklarga o'zgacha g'urur va iftixor bag'ishladi. Hozirda nuroniylarning ijtimoiy faolligiga muhim e'tibor qaratilayotganligi, xalqimiz farovonligini oshirish, yosh avlodni tarbiyalashda ularning yuksak hayotiy tajribalaridan samarali foydalanilayotganligi ayni muddao bo'lmoqda.

— Bunday adolatli, tinch, ozod va obod Vatanda qancha mehnat qilib yashasang, shuncha kam, — deydilar momo.

Mustaqillik va tinchlikning qadriga yetish, ularning oliy ne'mat ekanligini yoshlarimiz ongiyu qalbiga singdirish kechiktirib bo'lmaydigan vazifalardan biri ekanligini aytadilar tabarruk aya. Baxtimizga 100 yoshdan oshib, 106 yoshda tabarruk bo'lib, barcha-barchasi uchun shukrona aytib, butun xalqimiz va yoshlarimizni ezgulik sari chorlab kelayotgan buvijonimizga qarata: “Hamisha sog' va omon bo'ling, Mekkam momo!” deb qolamiz.

Omonturdi Esonov,

Oltinsoy tumani

faol nuroniysi.

By Behzod

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan