Avval xabar berganimizdek, mamlakatimiz mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan davlat xizmatchilari hamda ishlab chiqarish va ijtimoiy-iqtisodiy sohalar xodimlaridan bir guruhi Prezidentimiz farmoniga binoan mukofotlangan edi.

Ular qatorida 100 yoshdan oshgan 14 nafar keksa nuroniylarimizning  “Shuhrat” medali bilan taqdirlanganligi barchamizni baxtiyor etdi.

Jumladan, Navoiy viloyati Xatirchi tumanidagi “Samarqand” mahalla fuqarolar yig'inida yashovchi 102 yoshli Hakim bobo Rajabovning mukofotlanganliklarini eshitgan kattayu kichik birdek mamnun bo'ldi.

Uzoq yillar davomida tuman sanitariya va epidemiologiya stansiyasi bo'limi, Oqdaryo va Qoradaryo suvi sathini nazorat qilish idorasi hamda “Xatirchi pilla” ishlab chiqarish korxonasida oddiy ishchi sifatida mehnat qilgan otaxonimizga davlat mukofotini Navoiy viloyati hokimi, senator Normat  Tursunov tantanali topshirdi.

Hakim boboga mahalladoshlari, jamoatchilik vakillari o'z dil izhorlarini bildirib, hamisha sog'-omon, yurtimiz ahlini duo qilishda bardavom bo'lishlarini tiladilar.

O'z navbatida, tabarruk otaxon ham qo'llarini duoga ocharkanlar, yurtimizdagi tinchlik-farovonlikni abadiy bo'lishini Yaratgandan so'radi.

— Hakim bobodek otaxonlar yurtimiz, xalqimiz xazinasi. Ularning ulkan hayotiy tajribalari, bosib o'tgan shonli yo'llari barchamiz uchun o'rnak. Bu kabi nuroniylarimizning har biri hikmatga aylangan so'zlaridan, bosib o'tgan yo'llaridan biz faqat va faqat ibrat, o'zimiz uchun munosib mo'ljal olamiz, — deydi “Nuroniy” jamg'armasi Navoiy viloyati bo'limi raisi Shabon Nabiyev.

Darhaqiqat, yurtimizda yuz yosh bilan diydorlashgan, yuzlaridan nur tomgan, duogo'y piru badavlatlarimiz bor ekan, kunlarimiz yanada charog'on, ishlarimiz serunum bo'laveradi, albatta.

Xudoyberdi Navro'z,

“Nuroniy” muxbiri.

By Behzod

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan