Ikki tabarruk yosh egalari Xorazmning Shovot tumanida istiqomat qiladilar. Ularning ikkovi ham Ikkinchi jahon urushi davrining bolalari edilar. 1942 yili birinchi sinf muallimi ularni bir partaga o'tqizganda, ikkalovi do'st bo'lishgan. O'shanda Sa'dullo sinfdagi qizlarning eng chiroylisi bilan bir partada o'tirganidan g'ururlanib ham qo'ygandi.
Rostdan ham, Ra'no jamalak sochlari o'ziga yarashgan istarali qizaloq edi. To'qqiz yil birga o'qidilar. Sa'dulloning “papka” xaltasida olib kelgan zog'ora nonini bo'lishib yedilar. Saboqdan so'ng bug'doyi o'rilgan daladan birgalashib boshoq terdilar. Ular bir-birlarini eng yaqin do'st bilib, yoshlari ulg'aygani sari yoqtirib ham qolishdi. Murg'ak ko'ngillarga muhabbat tushdi.
Ra'noni kelinlikka mo'ljallaganlar qishloqda anchagina ekanini bilgan Sa'dullo o'ninchi sinfni tamomlagandan so'ng institutga kirishni rejaladi. Ko'ngilda esa muhabbat. Nima qilish kerak?! Muhabbat kuchliroq chiqdi.
— To'qqiz yil maktabda sinfdosh, partadosh, 71 yildan buyon bir oiladamiz.
— Kelinlikda qiynalmaganmisiz? — so'radim Ra'no buvidan.
— Ota-onamning to'ng'ich qizi bo'lganim uchun uy yumushlarini uddalab ketdim, — deydi Ra'nobuvi. — Ammo institutga kirish uchun hujjat topshirish imkoni bo'lmadi. Sa'dullo bobongiz Urganch pedagogika institutida o'qidi, bu bilan men juda faxrlanganman. Axir, o'sha yili 49 bola maktabni bitirgan bo'lsa, birgina shu odam institut talabasi bo'lgan. Dim a'lochi edi-da. “matematika” desa undan zo'ri yo'q edi.
Sa'dullo otaga “dim zo'r” degan tavsifni uni bilganlarning bari berishadi. U kishi, haqiqatan ham, eng yaxshi matematik muallim bo'lgan. O'quvchilarini ham qiziqtira olgan. Shogirdlaridan biri, matematik olim Azimboy Sa'dullayevning O'zbekiston Milliy universitetining eng yaxshi mutaxassisi, so'ngroq Urganch universiteti rektori bo'lgani, Bahodir Sultonov degan yana bir shogirdining Urganch malaka oshirish instituti rektori bo'lib faoliyat ko'rsatgani unga doim faxru iftixor bag'ishlagan. Bu kabi shogirdlari bayram yoki alohida kunlarda otani yo'qlab kelishganida, boladay quvonib ketadi.
Sa'dullo Saparov o'z davrida yaxshi muallimgina emas, eng izlanuvchan rahbar ham bo'lgan. Axir, 42 yil maktabga direktorlik qildi. “Xalq maorifi a'lochisi” degan sharafli nomga sazovor bo'ldi. U kishi Ra'nogul onaning ham uyda o'tirib qolishini istamay, ikkinchi farzandi tug'ilgandan keyin pedagogika texnikumiga o'qishga kirib, boshlang'ich ta'lim muallimasi bo'lishi uchun ko'maklashdi.
— Texnikumni boshlang'ich sinf muallimi bo'lib bitirganimda farzandimiz to'rt nafarga yetgan edi, — deydi Ra'nogulbuvi. — Shu kunlar esimga tushsa, rahmatli qaynonam Sharifa onaning mehnatlari, menga yordamlari naqadar katta bo'lganini eslayman. Duoi fotihada ismlarini aytib, oxiratlariga obodlik tilayman.
Xullas, yetti yoshlarida partadosh, sinfdosh bo'lib, farzandlari to'rt nafarga yetgandan boshlab, bir maktabning ikki muallimi bo'lib, nafaqa yoshiga yetdilar. Bu orada to'rt o'g'li, to'rt qizi voyaga yetib, elga qo'shildi. Hammasi ota-ona ibrati tufayli ilmli, hunarli, mehnatkash bo'ldilar. O'g'li Alisherbek Saparovni bugun Shovotda “dim zo'r tadbirkor” deyishlari shundan. Alisherbek hovlisidan sal narida bo'sh yotgan salkam ikki gektar yerni olma bog'iga aylantirdi. Sa'dullo otaning maslahati bilan ushbu bog' yonida maxsus joy hozirlab, o'nta qoramol, 25 ta qo'y, 100 ga yaqin tovuq, shuncha kurka va g'ozlar boqa boshladi. So'ngroq 10 yashik asalari, kattagina baliq hovuz ham paydo bo'ldi. Uning akalari, uka, opa-singillari ham zarur vaqtda uning tadbirkorligiga ko'maklashadilar. Oilaning ahil va mehnatkashligi elga ma'lum.
Bundan tashqari, yashab turgan xonadonlari tomorqasidagi mo''jazgina issiqxonada limon, apelsin, mandarin, xurmo yetishtiradilar. O'n xil mevali daraxt, sabzavotu turfa ekinlar ham o'zlaridan chiqadi. Sog'in sigirning suti kundalik dasturxonlariga qaymoq, qatiq beradi. Umuman, bu xonadonda yemoq-ichmoqning bari o'zlari yetishtirgan ekologik toza, tabiiy mahsulotlar hisoblanadi.
Sa'dullo ota va Ra'nogul buvining umri uzunligi siri, otaxonning to to'qson yoshga yetguncha ham mol-qo'y qaroviga o'zi mas'ul bo'lgani, bemalol tomga chiqib o't-xashak tashlagani boisini topganday bo'ladi kishi. Axir, bu xonadon kishilarining aksariyati o'z kasbi bo'yicha davlat korxonalari, idoralarida ham ishlashadi. Biri ishga ketganida, biri uy yumushlarini bajaraverishi bir tarafdan tarbiya va tartibning borligidan, bir tarafdan esa yemoq-ichmoqlar kimyoviy dorilanmagan, sarxil mevalar, sabzavotlar, baliq va qo'y go'shti, sut-qaymoq ekanligi tufaylidir. Eng muhimi, bu xonadonda keksayu yosh sog'lom turmush tarzini yarata olganlar va sog'lik hamda umri uzunlikni doimiy harakatda, deb biladilar. Bu yumushlarni ularning kasbi taqozosidan ishlayotgan ishiga qo'shimcha bo'lsa, daromad va farovonlik beruvchi chinakam tadbirkorlik, deyish mumkin.
Yuz yoshni mo'ljallab yashayotgan ikki nuroniyning aytishicha, yurtimizdagi ko'plab sihatgoh va dam olish uylarida birga dam olganlar. Sayohatlarga birga borganlar. O'zaro hurmat, e'zozga dog' tushmay, bir-birlarini suyab, ayab, keksalikning farog'atli kunlarini qarshi olganlar. Bu tarzda yetti yoshdan 94 yoshgacha mehru muhabbat, mehnatu rohat bilan turmush kechirish har qancha havasga arziydi.
Yon daftarchamga ular haqidagi aniq faktlarni yozayotganimda, keyingi paytlarda yoshlar orasida nikoh ajrimlari ko'paygani borasidagi xabarlar yodimga tushdi. Bu ikki piri badavlat insonga o'xshash uchun bizda nima yetishmayapti, deya o'ylab qolaman.
Sa'dullo otadan shu haqda so'radim.
— Hayotning, turmushning osoni yo'q, — deydilar otaxon. — Ammo insonda shukronalik, ishonch, mehr, sabr bo'lsa, hamma qiyinchlikni yengish mumkin. Fe'l, jahl hammada bo'ladi. Ammo uni jilovlay bilish kerak. Agar hamma ayollar Ra'nogulga o'xshasa, oilalarda ajrim bo'lmaydi.
— Ra'nobuvini juda yaxshi ko'rasiz-a?
— Uni yomon ko'rib bo'lmaydi-da. Ota-onamni ko'p hurmat qildi. Sakkiz bolamizni oq yuvib, oq taradi. Biror marta yoqam kir, tugmam uzilgan bo'lmadi. Maktabda ham eng yaxshi o'qituvchilardan edi. Kelinlaru qizlarimizga ham doim o'zi ibrat.
Farzandlarning ota-onalaridan o'rnak olgani ularning bugun jamiyatdagi o'z o'rnini topganida, har biri bittadan oilani go'zal boshqarayotganida, bobo va buvining qator nabiralarini bilimli, hunarli qilib tarbiyalayotganida ko'rinib turadi. Bugun Sa'dullo bobo Saparov va Ra'nogulbuvi Matsapoyevaning farzandu nevara-chevaralari o'zlaridan ko'payib 50-60 tadan oshib ketdi. Jamlansalar, to'y boshlanganday bo'ladi. Axir, farovonlik bor joyda to'y yarashaveradi.
Xorazmning Shovot tumaniga fayz bo'lib yashayotgan, yuz yoshni qoralab borayotgan bu ikki nuroniy aslida butun O'zbekistonimizning fayzu barakasidir. Ularning duolari bilan yurtimiz obod, elimiz farovonligi ayni haqiqat.
Zamira RO'ZIYEVA,
“Nuroniy” muxbiri.