Sodiqjon TURDIYEV, “Nuroniy” jamg'armasi respublika Boshqaruvi raisi, senator, O'zbekiston Qahramoni.
Yangi O'zbekistonimizning har bir go'shasida “Yagona Vatan, yagona xalq bo'lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!” bosh g'oyasi asosida keng nishonlanayotgan mustaqilligimizning 35 yilligi har birimizning qalbimizga o'zgacha surur, shukronalik baxsh etmoqda. Eng muhimi, inson qadri va xalq manfaati davlat siyosatining ustuvor mezoniga aylangan yurtimiz tinchligi barqaror ekani, mahallalarimizning kundan-kunga obod bo'lib borayotgani ulkan saodatdir.
O'tgan 35 yil, ayniqsa, so'nggi o'n yilda O'zbekiston siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, ma'naviy-ma'rifiy sohalarda ulkan taraqqiyot yo'lini bosib o'tdi. Yangi shahar va qishloqlar, xalqimiz uchun yangi turar joylar, yangi uylar bunyod etildi. Ilm-fan, ta'lim, madaniyat, tadbirkorlik sohalari keng rivojlanishi natijasida xalqimizning hayotiga obodlik va farovonlik kirib keldi. Hamyurtlarimizning hayoti, orzu-istaklarida ham ulkan yangilanishlarga guvoh bo'lib turibmiz.
Biz, keksa avlod vakillari bugungi saodatli kunlarga yetib kelish yo'li oson kechmaganini yaxshi bilamiz. Tarixdan ma'lum- ki, mamlakatlar hayotida ro'y beradigan katta ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar va yangila- nishlar davri, odatda, davlat rahbarlarining juda kuchli siyosiy irodasi va yetakchilik salohiyati bilan belgilanadi. Shu ma'noda, bugun yurtimizda erishilayotgan yutuqlar zamirida xalqimizning fidoyi mehnati bilan birga, Prezidentimizning oqilona ichki va tashqi siyosati, yuksak bilimi va salohiyati, xalqimizga cheksiz mehri va sadoqati mujassam ekanini unutmasligimiz kerak.
Biz hozir ota-bobolarimiz asrlar davomida orzu qilgan saodatli kunlarda yashayapmiz. Yangi O'zbekiston taraqqiyoti faqat raqamlarda emas, farzandlarimizning ko'zidagi ishonch va qat'iyatda, mehnati qadrlanayotgan o'qituvchi, dehqonu bog'bonlar, kundan-kunga xonadoni obod bo'layotgan oilalar, zamonaviy tibbiyot yutuqlaridan foydalanib oyoqqa turayotgan bemorlarning hayotidagi yangilanishlarda, mamlakatimiz va dunyo bo'ylab sayohat qilayotgan hamyurtlarimizning qalbidagi quvonchda aks etmoqda.
Bugungi saodatli kunlarga osonlik bilan yetib kelmadik. Og'ir sinovli yillar, xalqimizni rozi qilish uchun chora izlab o'tkazilgan uyqusiz tunlar va mashaqqatli mehnatlar evaziga yetdik. Fidoyilik, mehnat va mashaqqatga to'la bu yo'lning pastu baland sinovlarini yoshlarga anglatishimiz kerak. Bu ishda, albatta, ko'pni ko'rgan nuroniylar, bobo va buvilarning o'rni juda muhim. Chunki katta avlod vakillari yurtimizning kechagi kunini, xalqimiz boshdan o'tkazgan mashaqqat va sinovlarni yaxshi eslaydi.
Uzoqqa bormaylik: sobiq ittifoq davrida hamda mustaqilligimizning dastlabki yillarida ham juda og'ir va mashaqqatli yo'l bosdik. Umrining mazmunini paxta yetishtirish bilan bog'lagan xalqimiz boshiga “Paxta ishi”, “O'zbeklar ishi” degan malomatlar yog'ildi.
Mustaqillikning dastlabki yillarida esa odamlar va davlat idoralari o'rtasidagi sun'iy to'siqlar, tadbirkorlikni yo'lga qo'yish, tibbiy ko'rikdan o'tish, pensiyaga chiqishdagi juda uzoq davom etgan byurokratik jarayonlar, ortiqcha ovoragarchiliklar, doimiy va vaqtincha yashash joyi bo'yicha ro'yxatga olishning qiyinlashtirilgan tartibi hamyurtlarimizning sillasini quritgan edi. Uy-joyi bo'la turib, yashash joyida doimiy ro'yxatdan o'tolmayotgan yurtdoshlarimizni, plastik kartaga tushgan pensiya pulini yechib olish uchun ham kimlargadir sarg'ayib yalinayotgan keksalarni deyarli har kuni uchratardik. Bunday holatda odamlarning ertangi kunga ishonchi haqida gap bo'lishi ham mumkin emasdi.
2016 yilda Prezidentimiz endigina ishga kirishganida, eng avvalo, keksa avlod vakillari, olimlar va ziyolilar, yoshlar hamda og'ir sharoitda qiynalib yashayotgan yurtdoshlarimizning muammolarini hal etishga alohida e'tibor qaratdi. Yangi O'zbekiston taraqqiyoti va xalqimiz farovonligi yo'lida hayotimizga shiddatli islohotlar kirib keldi. Mamlakatimiz hamda yurtdoshlarimiz hayotida tub burilish, keng ko'lamli yangilanishlar davri boshlandi.
Bugun yurtimiz nuroniylari, yoshlari, olim va ziyolilari, tadbirkor, dehqon va bog'bonlarining qaddi tik, qadami shaxdam, orzu-niyatlari yuksak.
Aslini olganda, xalqning orzu-niyatlari yuksalishi uchun davlat darajasidagi e'tibor qanchalik muhim ekanini so'nggi o'n yillikdagi islohotlar misolida ko'rish mumkin. Bugun o'z oldiga katta-katta orzu-maqsadlarni qo'yayotgan yoshlarimizga qarab turib, ta'lim sohasidagi yangilanishlar ko'z oldimizga keladi. Zero, so'nggi o'n yilda xalqimiz qalbiga taskin va shukronalik solgan omillardan biri ham mamlakatimizda o'qitish sifatining yaxshilangani, o'g'il-qizlarimiz kelajagi kafolatlangani bo'ldi. Ta'lim tizimidagi yangilanishlar va yoshlarimizning yutuqlari haqida gap ketganda, biz, katta avlod vakillari o'z bolaligimizni eslaymiz…
Milliy ta'lim: majburiy mehnatdan — olamshumul yutuqlargacha
O'zim qishloqda katta bo'lganman. Bolaligimiz sobiq ittifoq davrida, mashaqqatli va majburiy mehnat ichida o'tgan. O'sha davrda, ayniqsa, qishloq maktablarida o'qish va ta'lim olish sharoiti nihoyatda og'ir edi. O'quvchilar boshlang'ich sinflardan — 9-10 yoshidan boshlab paxta dalasiga yaganaga chiqar, chekanka, paxta terimi va boshqa mavsumiy qishloq xo'jaligi ishlariga jalb etilar, o'quv yilining asosiy qismi dalada o'tardi. Bo'yimiz cho'zilib, yuqori sinfga qadam qo'yganimiz sayin mehnatimiz ham og'irlashib boraverardi.
U paytlari paxta terimi davrida dars qilish haqida o'ylashning imkoni ham yo'q edi. Kechqurun horib-charchab uyga qaytib, ota-onamizga yordam berish, ertalab esa yana dalaga chiqish odatiy holga aylangandi. Hatto o'qituvchilarimiz ham biz bilan birga paxta dalalarida kun o'tkazardi. Ba'zan noyabr, dekabrning qirovli kunlarida ham kaftimiz yorilib paxta terardik, ko'sak chuvirdik.
Qishning izg'irin kunlarida esa o'quvchilar zimmasiga metallolom yig'ish vazifasi qo'yilardi. O'sha davrlarda maktablarga shunday majburiyatlar yuklanar, buni, albatta, o'quvchilar bajarishi kerak edi. 8-9 yoshli bolalar yuqori sinfdagi akalari qatori sovuqdan qo'li yorilsa-da, maktabga metallolom ko'tarib kelardi.
Bunday sharoitda ta'lim sifati, o'quvchining qobiliyati va iqtidorini rivojlantirish masalalari ikkinchi darajaga tushib ketardi. Qishloq maktablarining moddiy-texnik bazasi ham talab darajasida emas, ayrim maktablarda devorlar eskirgan, derazalardan sovuq shamol kirib turar, qish kunlari sinfxonani isitish uchun kichik pechkalardan foydalanilardi. O'tinni ham ko'p hollarda o'quvchilarning o'zi olib kelardi.
Fan olimpiadalariga borardik, biroq shaharlik o'quvchilar bilan yuzlashganimizda, saviyamizdagi tafovut bilinib qolar, bilimimiz yetmaganidan mung'ayib yana qishloqqa qaytardik, yana dalaga yo'l olardik. Bahor oylarida esa har bir xonadonda ipak qurti boqilar, pilla terish mavsumi ham o'quvchilarning yordamisiz o'tmasdi. Katta avlod vakillari bu manzaralarni yaxshi eslaydi.
Mustaqillikka erishganimizdan keyin bu jarayon barham topadi, degan umid qalbimizga taskin berdi. Biroq qishloq o'quvchilari hamda mamlakatimizdagi barcha oliygoh talabalari zimmasidan “majburiy mehnat” degan yuk olib tashlanmadi. Aksincha, o'qituvchilik kasbiga hurmat yo'qoldi, pedagoglarning mehnati munosib qadrlanmadi. Ijtimoiy va moddiy ahvoli yetarlicha qo'llab-quvvatlanmadi.
Eng og'ir ishlarga jalb etilishi, obodonlashtirish, asosiy ko'chalarni tozalash ham o'qituvchining zimmasiga yuklatilishi natijasida jamiyatda bu kasb egalarining obro'si nihoyatda tushib ketgandi. Maktablarda deyarli erkak muallim qolmagan, oilasini boqish, farzandlarini o'qitish va ro'zg'orini ta'minlash uchun ko'plab ustozlar boshqa kasb-kor izlashga majbur edi.
O'sha yillari ta'lim sifati pasayib ketishi natijasida yoshlarning bilimga intilishi susayganiga, ota-onalarda maktab ta'limiga ishonch yo'qolib, ularning ko'pi farzandini ta'lim muassasalariga yubormay qo'yganiga guvohmiz. O'sha paytda davomat eng katta muammoga aylandi. O'qituvchilardan ta'lim sifati emas, o'quvchilarning davomati haqida hisobotlar talab qilina boshlandi. Natijada kelajagimiz egalari — farzandlarimizning orzu-istaklari yer bag'irlab qoldi.
Bunday holatning oqibati esa butun jamiyatga salbiy ta'sir qildi: yoshlar o'rtasida huquqbuzarlik avj olib, bilim olishga ishtiyoq susaydi. Kasb-hunarsiz yigit-qizlar ko'paydi.
Ana shunday sharoitda Prezidentimiz yoshlar ta'lim-tarbiyasi yo'lida shiddatli islohotlarni boshlab berdi. O'sha davrda o'quvchilar, talabalar, o'qituvchilar va jamiyatdagi barcha soha vakillari zimmasidagi majburiy mehnatni olib tashlash uchun juda katta siyosiy iroda talab etilardi. Davlatimiz rahbari ana shunday ezgu va savobli ishni boshladi.
Tizimli sa'y-harakatlar tufayli o'g'il-qizlarimizning sifatli ta'lim olishi davlat siyosatining ustuvor yo'nalishiga aylandi.
Yoshlarning xorijiy tillar, zamonaviy axborot texnologiyalari, kasb-hunar o'rganishi, salohiyatini yuzaga chiqarishi uchun, umuman, baxtli-saodatli kelajagini ta'minlash yo'lida mutlaqo yangi tizim yaratildi. Bugun mamlakatimizning barcha hududida faoliyat yuritayotgan yangi va zamonaviy ta'lim muassasalari, Prezident va ixtisoslashtirilgan maktablarda farzandlarimiz faqat o'qish, ilm olish, o'z iqtidorini namoyish etish bilan shug'ullanyapti. Xorijiy tillar, aniq fanlar, axborot texnologiyalari va boshqa zamonaviy yo'nalishlarni chuqur o'rganyapti.
Kechagi maktab o'quvchisi paxta dalasida kun o'tkazgan bo'lsa, bugungi o'quvchi xalqaro olimpiadalar, nufuzli tanlovlar, xorijiy universitetlar imtihonlarida O'zbekiston nomini munosib himoya qilyapti. Bugun dunyoning nufuzli universitetlarida tahsil olayotgan, katta grantlarni qo'lga kiritayotgan, oliy ta'limni tamomlab, obro'li xalqaro tashkilotlarning yetakchi kadrlari safida mehnat qilayotgan yoshlarimiz soni kundan-kunga ortib bormoqda. Ular nafaqat o'z oilasi, balki butun mamlakat uchun faxr va iftixorga aylanmoqda. Bu imkoniyatlar yoshlarimiz uchun eng katta baxt emasmi?!
Davlatimiz rahbari yoshlar bilan uchrashuvlarda global raqobat sharoitida mamlakatlarning ustunligi, avvalo, bilim, texnologiya va inson kapitali bilan belgilanayotganini alohida ta'kidlab, ularni buyuk ajdodlarimizga munosib voris bo'lish, Yangi O'zbekistonda Uchinchi Renessans poydevorini yaratishga da'vat etmoqda. Bu — yuksak ishonch! Axir, qaysi davrda mamlakat yetakchisi yoshlarga bu qadar keng imkoniyatlar yaratgan?!
Bugun yoshlarga oid davlat siyosati natijasida tashabbuslari qo'llab-quvvatlanayotgan, zamonaviy kasb-hunar egallab ishlayotgan, tadbirkorlik bilan shug'ullanib, xalqaro biznes loyihalarni taqdim etayotgan yoshlarning g'ayrati, shiddati va o'ziga ishonchi ortida Prezidentimiz va davlatimizning ularga cheksiz mehri mujassam ekanini unutmasligimiz zarur.
Inson qadri — islohotlarning bosh mezoni
O'zbekistondagi eng muhim o'zgarishlardan biri davlat va xalq o'rtasidagi munosabatlarning yangicha mazmun kasb etganidir. Shu o'rinda inson qadrini tiklash, huquq va manfaatlarini himoya qilish degan tushuncha ortida qanchalik og'ir yuk, keng mulohaza va katta siyosiy iroda mujassam ekanini anglash qiyin emas. Ilgari oddiy fuqaroning vazir yoki yuqori lavozimdagi rahbarga murojaat qilishi, o'z muammosini to'g'ridan to'g'ri aytishi juda qiyin masala edi.
Davlatimiz rahbari Prezidentlik faoliyatining dastlabki kunlaridanoq “davlat idoralari xalqqa xizmat qilishi kerak” degan tamoyilni ilgari surdi va bu tamoyil davlat boshqaruvining muhim mezoniga aylandi. Xalqning dardini eshitish, murojaatini o'rganish, muammolarni joyiga chiqib hal qilish maqsadida davlat boshqaruvi vakillari odamlar orasiga tushdi. Muammolar esa shu qadar ko'p edi, xuddi o'rgimchak to'ri kabi yurtimizdagi har bir oilani, har bir sohani qamrab olgandek edi. O'sha davrda achchiq bir haqiqat ayon bo'ldi: xalqimiz allaqachon davlat idoralariga ishonmay qo'ygan, ularga hech kim o'z muammosini aytishni istamas, “aytishning foydasi yo'q” degan ifoda yuz-ko'zlarda qotib qolgandi. Shu bois, dastlab xalq bilan muloqot jarayoni oson kechmadi.
Bundan 9-10 yil avval Oqqo'rg'on tumanida xonadonma-xonadon yurib, aholi muammolarini o'rganish jarayonida bir kichik kulbada yashayotgan ayolga duch keldik. U muammolar girdobida qolgan, yuzida alamzadalik, ishonchsizlik ifodasi muhrlangan edi. Oiladagi yetishmovchilik tufayli qarzdor bo'lib, xonadonning gazi tarmoqdan uzilgan ekan. Muammo tez hal qilinib, gaz qayta ulandi. Shunda ayolning bizga ishonchi ortdi va o'zining eng katta dardini aytdi: uning ikki buyragi ham ishlamayotgan, operatsiya qilinmasa, hayoti xavf ostida ekan.
Masala mutasaddilarga yetkazilib, ayol shu kunning o'zida tibbiy muassasaga yotqizilib, ertasi kuni operatsiya qilindi. Oradan bir necha kun o'tib, uning holidan xabar olish uchun borganimizda, kayfiyati juda yaxshi, davlat ko'rsatgan e'tibordan mamnun edi.
Qo'shni xonadonda yana bir bemor ayol bor edi. Uning ko'zi ojiz, turmush o'rtog'i esa yaxshi eshitmasdi. Ularning ham muammosi e'tibordan chetda qolmadi: ko'zi ojiz inson uchun zarur sanatoriy masalasi hal etildi, eshitishda qiynalayotgan kishiga moslama topib berildi.
2016-2017 yillarda Prezidentimiz tashabbusi bilan aholi muammolarini “xonadonbay” o'rganishga kirishilgani natijasida minglab, millionlab shunday taqdir egalarining yelkasiga oftob tegdi, muammolari hal etildi. Bu kabi misollar so'nggi o'n yillikda mamlakatimizdagi islohotlarning xalqimiz hayotidagi ifodasini ko'rsatadi.
Vazirlik va idoralar vakillarining xalq bilan muloqoti kuchayib bordi hamda davlat bilan xalq o'rtasida mustahkam va uzilmas ko'prik barpo etildi. Eng muhimi, bu ko'prik faqat murojaatlarni qabul qilish uchun emas, odamlarning hayotini o'zgartirish uchun xizmat qila boshladi. Yillar davomida yozda tuproq, qishda loyga botib yotgan yo'llar ta'mirlandi, ko'chalar obod qilindi, mahallalar infratuzilmasi yaxshilandi. “Obod mahalla”, “Obod ko'cha”, “Obod xonadon” kabi loyihalar hayoti- mizdan tobora keng o'rin egalladi.
Rahbarlar, vazirlik va idoralar mutasaddilari xonadonlarga borib, odamlarning muammolarini eshitishi, mahallalarda uyma-uy yurib, aholining dardini o'rganishi natijasida shahar va qishloqlarimizda uzoq yillar davomida yig'ilib qolgan ijtimoiy, maishiy muammolarga yechim topildi. Odamlarning ertangi kunga va davlatga ishonchi mustahkamlandi.
Davlatimiz rahbari inson qadrini ulug'lashni islohotlarning bosh mezoniga aylantirib, xalqimizning qadri va qaddini ko'tardi. Eng muhimi, bu jarayonda yurtdoshlarimiz o'zining qadrini chuqurroq his eta boshladi. Odamlarning o'ziga ishonchi yuksaldi.
Joylardagi bunyodkorlik, obodlik bilan bir qatorda, insonlar ko'ngli obod etildi, oilalarning muammolari yechim topdi. Inson qadri bilan birga, yurtdoshlarimizning orzu-niyatlari ham yuksaldi.
Shu o'rinda xalqimizni uzoq yillar qiynab kelgan bir muammoni eslamasak bo'lmaydi. Ko'pchilik yaxshi biladi, mustaqilligimizning dastlabki yillarida elektr ta'minoti bilan bog'liq juda katta muammolar yuzaga kelgan edi. Qishning qirovli kunlarida qishloqlar va hatto tuman markazlarida ham kuniga bir soat elektr yoqilgan davrlar bo'ldi. Eski simyog'ochlar, eski elektr tarmoqlari, xonadonlarga o'tkazilgan simlar — kechagi hayotning oddiy manzaralari edi. Simyog'ochlar eskirib, chirib ketganidan uzundan-uzun simlarga osilib turardi.
Elektr ta'minoti yetarli emasligi tufayli xonadonlarda yashash sharoiti va turmush tarzi ham shunga yarasha, yurtdoshlarimizning maishiy texnika jihozlari, yoshlarning kompyuter texnologiyalaridan foydalanishi, zamonaviy texnika vositalaridan bahramand bo'lishi haqida gap ham bo'lishi mumkin emasdi.
Bugun esa vaziyat butunlay boshqacha. Prezidentimiz rahbarligida Yangi O'zbekistonda amalga oshirilgan islohotlar natijasida elektr energiyasi ta'minoti sohasiga ham juda katta yangilanishlar kirib keldi. Yangi elektr ishlab chiqarish tarmoqlari soni kundan-kunga ko'paymoqda. Bu boradagi yangi tashabbuslar qo'llab-quvvatlanmoqda.
Aslini olganda, bugun mamlakatimizda aholi va oilalar soni ortib bormoqda. Yangi uy-joylar, mahallalar, shaharchalar, zavod-fabrikalar, tadbirkorlik sub'yektlari barpo etilmoqda. Shunga yarasha elektr energiyasiga talab ham tobora ortmoqda. E'tiborlisi, sohaga yo'naltirilgan tizimli islohotlar, elektr energiyasini ishlab chiqarishda quyosh, shamol va suv kabi qayta tiklanuvchi manbalardan foydalanish imkoniyatlari kengaygani natijasida yangidan-yangi ishlab chiqarish quvvatlariga ega bo'lyapmiz. Xalqimiz hayotiga farovonlik kirib kelayotgani tufayli elektr energiyasidan foydalanish miqdori ham oshmoqda.
Esimda, bolalik yillarimizda butun boshli qishloqda bir nechta xonadondagina televizor bo'lardi. Bugun esa har bir xonadonga 3,5 tadan televizor to'g'ri kelar ekan. Qo'l telefoni, internetdan foydalanish imkoniyatlari, oilalardagi maishiy texnika vositalari haqida aytmay qo'ya qolaylik. Kir yuvish mashinalari, changyutkichlar, muzlatkichlar va hayotimizni yengillatishi mumkin bo'lgan deyarli barcha texnika vositalariga egamiz.
Buni nega aytyapman? Chunki bu misol ortida katta ijtimoiy o'zgarishlar ko'zga yaqqol tashlanadi. Bor-yo'g'i 9-10 yilda yurtdoshlarimizning daromadi, iste'mol imkoniyati, uy-joy sharoiti, texnika va axborotdan foydalanish sharoiti kengaydi. Bularning barchasi xalqimizni rozi qilish, turmushini yaxshilash yo'lidagi tizimli islohotlar natijasi emasmi?
Inson qadri haqida gap borganida yana bir muhim jihatni eslab o'tishimiz joiz. Odam sog'lom bo'lmasa, unga hech narsa tatimaydi. Shu ma'noda, bugun xalqimiz salomatligi muhofazasi yo'lidagi yutuqlar ham davlatimiz rahbari tashabbusi bilan sohada amalga oshirilgan islohotlar natijasidir.
Kechagi tibbiyotning og'riqli manzaralari hali ham ko'pchilikning xotirasida. Ilgari og'ir va murakkab operatsiyalar xorijda bajarilar, ahvoli og'ir bemorlar ham ba'zan oylab navbat kutardi. Mablag'i va navbati yetgunicha ayrim hamyurtlarimiz hatto yaqinlaridan ayrilib qolardi. Bunday voqealarni shaxsiy xotiralar bilan eslash yanada og'ir. Ota-bobolarimiz, yaqinlarimiz orasida tibbiy yordam o'z vaqtida ko'rsatilmagani sababli hayotdan ko'z yumganlar qancha…
Ba'zan inson hayotini saqlab qolish uchun juda katta mablag' ham talab qilinmasdi. Oddiy bir tibbiy apparat yetishmasligi tufayli qanchadan-qancha insonlar o'z yaqinini yo'qotgan. Buning qanchalik alamli ekanini ana shunday og'ir vaziyatda chorasiz qolgan, yaqinlarini yo'qotganlar yaxshi biladi.
Bugun esa eng murakkab jarrohlik operatsiyalari ham o'zimizda, poytaxtimiz va viloyat markazlaridagi tibbiyot muassasalarida bajarilmoqda. Sanatoriylarda dam olayotgan, sog'lig'ini tiklayotgan yurtdoshlarimiz safi kundan-kunga kengayib bormoqda. Shunga yarasha sanatoriylar va davolanish maskanlari soni ham ko'paymoqda. Bularning barchasi yurtimizda inson qadrini yuksaltirish, salomatligini asrash, xalqimizni rozi qilish yo'lidagi hayotbaxsh islohotlar samarasidir.
Bir paytlar umrining mazmuni paxta bilan bog'liq bo'lgan, keyinchalik mustaqillikning dastlabki yillarida ham “paxta yetishtirish” degan og'ir yumushdan boshi chiqmagan odamlar salomatligini o'ylay olarmidi? Yo'q, albatta.
Kechagi O'zbekistonni eslasak, mamlakat hayotining deyarli barcha sohasi paxta bilan bog'liq edi. Mutaxassisligidan qat'i nazar, talaba ham, o'qituvchi ham, zavod ishchisi ham, turli muassasa xodimi ham paxta terimiga jalb etilar, eng og'iri — paxta odam taqdiridan ustun qo'yilardi. Yo'llarga to'siqlar qo'yilib, yo'lovchilarni avtobusdan tushirib paxta terdirilgan davrlarni ko'rdik. Bu o'sha paytda inson mehnati va qadriga munosabatni ko'rsatadigan achchiq haqiqatdir.
Dehqon paxta yetishtirsa-da, o'z mehnatining haqiqiy samarasini ko'rmasdi. Qo'li qadoq, peshonasi terga botgan oddiy dehqonning xonadonida yetarli oziq-ovqat bo'lmasdi. Mustaqillikning dastlabki yillarida ish haqi o'rniga bug'doy, yog', guruch kabi mahsulotlar berilganining guvohi bo'lganmiz. O'sha kezlarda qishloqlarda yashash nihoyatda og'ir edi.
Bir umr qishloq xo'jaligida ishlab kelgan odamlarning qora qozoni arang qaynar, bug'doy o'rimi davrida kombaynlar dalaga kirib, bug'doyni o'rib ketgach, odamlar bug'doy boshoqlarini terib olish uchun dalaga yopirilib kirardi. Chunki ularning boshqa iloji yo'q edi. Tirikchiligi og'ir, dasturxonida yeyishga noni bo'lmagan, rahbarlarning e'tiboridan chetda qolgan odam yana qanday yo'l tutardi? Xalqimiz ana shunday qiyin va sinovli kunlardan o'tdi.
Bugun bu gaplarni aytsangiz, birovning ishongisi kelmaydi. Chunki so'nggi o'n yillikda qishloq xo'jaligiga munosabat butunlay o'zgardi. Davlatimiz rahbari sohaga juda katta o'zgarish olib kirdi. Klaster tizimi joriy etildi. U qishloq xo'jaligida yangi iqtisodiy munosabatlarni shakllantirdi. Yerga, mehnatga va yetishtirilgan mahsulotga manfaat nuqtai nazaridan qarash kuchaydi.
Klaster tizimi bilan birga, qishloq xo'jaligiga ilm va texnologiya kirib keldi. Ilgari 25-30 sentner paxta hosili katta natija sifatida baholangan bo'lsa, bugun bu ko'rsatkich 80-85 sentnerni tashkil etyapti. Yuqori hosildorlikka erishish uchun yangi navlar, zamonaviy agrotexnologiyalar, texnika va ilm-fan yutuqlaridan foydalanilmoqda. Paxta dalasida odamlarning qo'l mehnati o'rnini zamonaviy texnika egalladi.
Bugun mamlakatimiz qishloq xo'jaligi faqat xomashyo yetishtirish sohasi emas. Paxta tolasi qayta ishlanib, ipga, matoga, tayyor mahsulotga aylantirilmoqda. Qishloq xo'jaligi va sanoat o'rtasidagi zanjir mustahkamlandi. Kechagi O'zbekiston paxta yetishtirib, xomashyo sotgan bo'lsa, bugun qiymati yuqori tayyor mahsulot ishlab chiqarish yo'lga qo'yilmoqda va eksport hajmi ortmoqda. Bularning barchasi qishloq xo'jaligiga zamonaviy bilimlar, texnologiyalarning joriy etilgani natijasidir.
Bu fikrlar shunchaki e'tirofdek eshitilayotgandir, ammo davlatimiz rahbari yetakchiligida qishloq xo'jaligini eng qoloq holatdan bugungi serdaromad, rivojlangan darajaga olib chiqish, hayoti qishloq xo'jaligi va tomorqa bilan bog'liq millionlab oilalarni bu sohada tadbirkorlik darajasiga yetkazish jarayonida qancha mehnat, mashaqqat chekilganini biz, keksa avlod vakillari yaxshi bilamiz.
Inson qadrini ulug'lash tamoyili asosidagi islohotlar bugun har bir inson hayotiga, orzu-maqsadlariga katta yangilanishlar olib kirganini o'zimiz, qo'ni-qo'shnilarimiz, yaqinlarimiz misolida ko'rib turibmiz. Mana shu oddiy insonlarning hayotidagi o'zgarishlar va yangilanishlar Yangi O'zbekistonimizda so'nggi o'n yildagi islohotlarning haqiqiy mazmunini belgilamoqda.
Kechagi qishloq bolasi bugun zamonaviy ta'lim olish, dunyoni ko'rish, xorijiy til o'rganish, zamonaviy kasb egallash va o'z orzulariga erishish imkoniyatiga ega.
Bugungi tinch va farovon kunlarni asrash, qadriga yetish, farzandlarimizga yetkazish va kelajak avlodga yanada obod O'zbekistonni qoldirish — barchamizning muqaddas burchimiz. Zero, biz bugun ota-bobolarimiz asrlar davomida orzu qilgan kunlarda yashayapmiz. Farzandlarimizni erkin o'qityapmiz. Dunyoni ko'rish, jahon bilan hamkorlik qilish, ilm olish, tadbirkorlik qilish, o'z iqtidorimizni namoyon etish imkoniyatlariga egamiz.
Hozir oddiy fuqaro ham nufuzli davlat idoralari rahbarlari bilan yuzma-yuz tura oladigan darajada qadrga erishdi. Ota-onalar va bobo-buvilarning qalbida esa o'g'il-qizlari, nabiralarini katta-katta orzu-maqsadlar sari yo'llay oladigan darajada ishonch uyg'ondi.
Albatta, hali oldimizda ulkan vazifalar bor. Hali hal etilishi lozim bo'lgan muammolar, rivojlantirilishi kerak bo'lgan sohalar ko'p. Biroq bosib o'tilgan yo'lning o'zi bizga katta ishonch beradi. Bu ishonch bizga nafaqat o'z taqdirimizni o'zimiz belgilash imkonini berdi, balki o'zgarishlarga intilish, dunyo bilan bo'ylashish, farzandlarimiz uchun kechagidan yaxshiroq hayot qurish mas'uliyatini ham yuklaydi.
Ammo bugun ba'zi yoshlar hayotda uchrab turadigan ayrim qiyinchiliklardan, yengil-elpi sinovlardan norozi bo'layotganini ham ko'ryapmiz. Shuning uchun ham bugun yoshlar bilan uchrashuvlarda nuroniylarimiz kechagi kun qanday bo'lganini, ota-bobolarimiz qanday og'ir sinovlardan, mashaqqatlardan o'tganini tushuntirmoqda. Bugungi saodatli kunlarning qadriga yetish uchun, albatta, kechagi kunni unut- masligimiz zarur.
Bugun biz, nuroniylar mahallalardagi “Keksalar maslahati”, “Buvijonlar maktabi” guruhlari faollari, “Bir nuroniy — o'n yoshga mas'ul” tamoyili asosida yosh avlod tarbiyasi bilan shug'ullanayotgan otaxon va onaxonlarimiz, viloyat va tumanlarda faoliyat yuritayotgan “Nuroniylar” jamoatchilik kengashi a'zolari ishtirokida yoshlarni shukronalikka o'rgatish, ularni vatanparvarlik ruhida kasb-hunarli, bilimli va salohiyatli qilib tarbiyalash yo'lida keng targ'ibot-tushuntirish ishlarini olib boryapmiz. “Uch avlod uchrashuvlari”da Vatanimizning bugungi saodatli kunlarigacha bosib o'tilgan ulug' va mashaqqatli, sinovli yo'l haqida ma'rifiy suhbatlar o'tkazyapmiz. Toki farzandlarimiz Yangi O'zbekistonimizning obodligi, tinchligi va farovon hayotini qadrlasin.
Zero, bugungi saodatli kunlar uchun shukr qilish va bu kunlarga yetishimiz yo'lidagi fidoyilikni qadrlash biz uchun yangi yutuqlar sari yo'l ochadi.