“Boy ota” degan atamaga ko'p duch kelganmiz, ammo Sirdaryoning Sayhunobod tumanidagi  “Sintop” mahallasida bir  “Boy ona”  bor ekanlar.

— Olti qizning kattasi, singilga boy edim. Ikki ukam ham bor edi, — deydilar Izzatoy ona. — Olti o'g'illi, olti qizli  oilaga to'ng'ich kelin bo'lib tushdimu olti ovsinning kattasi, olti  qaynisingilning kelinoyisi bo'lib yana boyidim. O'sha 18 yoshimdayoq o'zimning “boy ona” bo'lganimni sezganman. Mana, oltmish yildirki, “boy ona”man.

— 18 yoshdan bu sizga oson bo'lmagandir?! — so'rayman onaxondan.

— Rost gap, ancha qiynalganman. U paytlar hozirgiday sharoit qayda?!  Axir, dasturxonimizga 15-16 kosa ovqat keladi. Tongda turib non yopsak,  bir tandir non bir kunga yetadi. Kir yuvish mashinasi bormidi unda, qozonni o'choqqa osib, suv isitardigu qo'lda kir yuvardik. Ammo qaynonam Saragul ona sabr bilan hamma narsani o'rgatganlar. Qayinsingillarim kichik yordamchilarim bo'lgan. Muhimi, oilamizda baxt bor edi.

Oiladagi o'sha baxt Izzatoy ona va Soyibnazar  otani  oradan 60 yil o'tsa-da, hamon tashlab ketmagan. Bu orada qo'shni Tojikistonning Xo'jand  shahridagi musiqa maktabi o'zbek cholg'u sozlari bo'limini tamomlab, Nov tuman teatrida  biroz ishlab qaytgan  Soyibnazar Sayhunobod tumanidagi “Malik” sovxozi musiqa maktabida  o'zbek cholg'ulari bo'limini tashkil qildi. O'zi yaxshi ko'rgan san'at yo'lini umrbodlikka tanladi.

— Ilk qo'shig'imni  onam o'rgatganlar. O'shanda bor-yo'g'i  ikkinchi sinfda o'qiyotgan bola ekanman, — deya eslaydi otaxon. — San'at mehri tomiringda aylanadi, deganlari rost ekan. G'ijjak chalganimda dunyoni unutardim. Rohat qilardim. Ansambl tuzgim keldi, ammo o'sha davrlarda  bu sohaga elda unchayam xayrihohlik bo'lmagani bois, o'zimning uch singlim —  Fotima, Zuhra, Zulayho, ikki ukam — Abdunazar va Komiljonlar bilan ish boshladim. Viloyat yo tuman emas, bor-yo'g'i kolxozda tashkil qilingan  “Sadbarg” ansamblimiz hech qancha o'tmay, ancha mashxur bo'lib ketdi. Yosh havaskorlar dastasi sifatida respublikamizning aksariyat  viloyatlarida, tuman va shaharlarda konsertlar berdik. Bolgariya va Chexoslovakiyadan  laureatlik diplomlarini olib keldim.

Soyibnazar Sohibov tashkil qilgan “Sadbarg”ning iste'dodli yoshlari ko'payib, 1977 yilda Nazira  Mamadaliyeva degan qiz “Kuylang, yosh xonandalar” respublika tanlovi g'olibi ham bo'ldi. Keyinroq Soyibnazar Sohibov o'z tashkilotchiligi bilan  dramatik asarlarni ham sahnaga olib chiqa boshadi. “Zaharli hayot” spektakli namoyishi uchun “O'zbek xalq teatri” degan sharafli nomga ega bo'ldi.

Oilada esa “boy ona” — Izzatoyxonim ularni qo'llab-quvvatlab turdi. Soyibnazar otaning aytishicha, Izzatoy ona uning “yuragini tushungan ayol” bo'la oldi. Uch qizi, ikki o'g'lining tarbiyasida hamisha otasini ibrat qilib ko'rsatdi. Uch qiziga uy yumushlarini qanday bajarish, pazandalik, tikuvchilikdan boxabar bo'lish, ikki  o'g'liga esa ilm va hunarli bo'lishni uqtirdi.  “Siz yaxshi farzand  bo'lmasangiz, otangizning obro'siga putur yetadi”, degan gapni ko'p  aytardi. Otaning ishdan kelishi uyda bayramdek kutib olinardi. Bugun bu oilaning besh farzandi,  kuyov-kelinlari, nevara- evaralari  “Yurtning yaxshi farzandlari”  degan nomga sazovor bo'lib ulgurgan.

Soyibnazar Sohibov nafaqaga chiqqandan beri ham uyda o'tirgani yo'q. Uch  yil mahalla raisi bo'ldi, yaxshi tashkilotchi sifatida mahalla ahli ikki saylovda ham o'zini sayladi.  Shu kunda esa  mahallaning eng faol nuroniylar maslaxatchilaridan biriga aylangan.  Yosh oilalarni ahillikka chorlab, ularning muammolarini hal etishda  tajribali ko'makchi bo'lib  turibdi. Baxt topish va boy yashashning sirlari totuvlikda, sabru qanoatda, halol mehnatda,  deb ko'p aytadi otaxon. Yoshlarga bugungi farovon kunlar qadriga yetish oilalarni asrab qolishdan boshlanadi deb uqtiradi.

— Izzatoy onangizdan  bir umr rozi bo'lib yashayapman, — deydi Soyibnazar ota. — 6 nafar singlim, uch nafar qizimning o'z oilasida baxt topishi shu “boy ona”ning oqilaligi  sharofatidan.   Olti singlim  hozirgacha kelinoyisidan minnatdor bo'ladi. Besh ukamning ayollari — “boy ona”ning ovsinlari ham uning izidan ketishdi. Qisqasi, bizda hamma baxtli, Xudoga shukr! Bu baxt osmondan tushgani yo'q, albatta. Uni, avvalo, Yaratganning marhamati bilan  o'z mehr-muhabbatimiz, aql-idrokimiz evaziga bunyod etdik.

Shu kunda Soyibnazar ota va Izzatoy onalar ikki o'g'li, ikki kelini,  ularga qo'shimcha yana ikki nabira, ikki nabira kelin parvarishi ila  birga yashashadi. O'zlarining aytishicha, 77 yoshga yetgan bu ikki qo'sha qarigan nuroniy,  rohat-farog'atda yashashmoqda. Erta tongdan hovlilariga suv sepilib, supurilgach, ko'rpachalar solinib dasturxon  yoziladi, tomorqadagi meva-cheva uzilib, dasturxonga qo'yiladi. Kelinchaklar shirin taomlar bilan nonushta tayyorlaydi va uyning ulug'lariga salom berishadi. Bunday manzaradan rohatlangan “Boy ota va boy ona” o'zlarini qo'sha qarish saodatiga yetgan chinakam baxtlilardan sanaydilar.

Yaqinda bu fayzli hovlida  “Nuroniy” jamg'armasi Sayhunobod tumani  bo'limi rahbari Baxtiyorjon Mamatqulov, “Sintop” MFY raisi A'zam Jo'rayev, faol nuroniylar —  Rustam Rahimov, Dodaxon  Azizovlar tashabbusi bilan katta tadbir bo'lib o'tdi. Mehmon degani yog'ilib ketdi. Axir, qarindoshlarning o'zi ikki yuz nafardan ko'p bo'lsa,  yana unga do'stu yoronlar, yoshlar, qo'shilsa, telejurnalistlar, muxbirlar ham kelishsa,  shunday bo'ladi-da.

Tadbirda yoshi ulug'larga o'zgacha ehtirom ko'rsatildi.

Otaxonni 1-darajali “Mehnat faxriysi” ko'krak nishoni sohibi bo'lgani bilan tabrikladilar. Ikki nuroniyni to'rga o'tqazib gullar, sovg'alar berdilar. Sayhunobodlik ushbu piri badavlatlarning yuz-ko'zlariga boqar ekanmiz, ularda baxtu saodat, shukronalik va mamnuniyatning yorqin aksini ko'ramiz. Ilohim, barchaga mana shunday baxt nasib etsin!

Zamira RO'ZIYEVA,

“Nuroniy”  muxbiri.

By Behzod

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan