Jizzax shahridagi “Yakkasaroy” tantanalar majmuasida bo'lib o'tgan bayramona tadbirda g'amxo'rlik namunasi yaqqol namoyon bo'ldi. Viloyatning barcha shahar va tumanlaridan taklif etilgan 400 nafardan ziyod nuroniylar, keng jamoatchilik vakillari hamda soha faxriylari jam bo'lgan ushbu anjuman chinkam mehnat va e'tibor bayramiga aylandi.

Marosimda O'zbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qo'llab-quvvatlash “Nuroniy” jamg'armasi respublika Boshqaruvi raisining birinchi o'rinbosari Sharof Ubaydullayev hamda Jizzax viloyati hokimining o'rinbosari Sahobiddin Boliyev ishtirok etdi. So'zga chiqqanlar mamlakatimizda keksa avlod vakillariga ko'rsatilayotgan davlat g'amxo'rligi, ularning jamiyatda tutgan o'rni va yoshlar tarbiyasidagi beqiyos hissasini alohida e'tirof etdilar.

Shundan so'ng ko'p yillik samarali va fidokorona mehnati bilan el-yurt hurmatini qozongan 55 nafar jizzaxlik faxriylarga I, II va III darajali “Mehnat faxriysi” ko'krak nishonlari hamda pul mukofotlari topshirildi. Mukofotlanganlar orasida viloyatning iqtisodiy va ijtimoiy hayotida o'chmas iz qoldirgan fidoyilar ko'p.

Zero, bu e'tirof yoshlarga ilm-fan va ma'rifat ulashgan, ta'lim tizimi rivojiga munosib hissa qo'shgan vakillarga, Mirzacho'lu Zomin bag'rida, fidokorona mehnati bilan rizq-ro'zimizni yaratgan, soha rivojiga umrini bag'ishlagan mehnatkashlarga, salomatligini muhofaza qilishda tunu kun xizmat ko'rsatgan shifokorlar hamda davlat va mahalla tizimida samarali faoliyat yuritgan mutaxassislarga, yurt tinchligi va osoyishtaligi yo'lida sidqidildan xizmat qilgan posbonlarga, mahallalarda sog'lom ma'naviy muhitni qaror toptirish, xotin-qizlarni qo'llab-quvvatlash va oilalar mustahkamligini ta'minlashda ibrat bo'layotgan tabarruk onalarimizga topshirilgani bilan yanada ahamiyatli.

Yillar davomida shakllangan bu kabi e'zoz va e'tibor faxriylarimiz qalbiga cheksiz quvonch bag'ishladi. Tantanali tadbir davomida yozilgan dasturxon va yangragan kuy-qo'shiqlar yig'ilganlarga xush kayfiyat ulashdi.

Beknazar EShALIYEV.

By Behzod

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan