Keksalikda odamning dunyoga qarashi ham o'zgaradi. Ilgari shoshib bajarilgan ishlarga endi xotirjamroq, hafsala bilan yondashadi. Daraxtning bugungi hosilidan ko'ra, uning qachon ekilganini, necha yil oldin ilk kurtak yozganini eslaydi.
Bir qarashda bu oddiy tomorqa. Ammo egasining ko'zida u shunchaki yer emas. Bu yerning har bir qarichi tanish: mevasi g'arq pishganidan shoxlari yerga tegay-tegay deb turgan daraxtni bir vaqtlar o'zi ekkan, yo'l bo'yidagi nihollarni esa nevarasi bilan birga o'tqazgan. Qaysidir tok qurg'oqchilikka bardosh bergan, qaysidir mevali daraxt yillar o'tibgina hosilga kirgan. Bugun bog'ning yaxlit manzarasiga qarab, keksa bog'bon o'z umrining bir qismini ko'rayotgandek bo'ladi.
Aytgancha, bunday bog'larda meva faqat pishib yetilmaydi — xotiralar ham qat-qat bo'lib yig'iladi. Daraxtlar yildan yilga ko'kka bo'y cho'zarkan, ularni parvarish qilgan insonning qadamlari aksincha, tobora vazminlasha boradi. Shunga qaramay, tongda hovliga chiqib, yerning taftini kaftida sezish, daraxtlarga bir qur mehr bilan nazar tashlash odatini bunday mirishkorlar aslo tark etmaydi.
Yaxshimurod ota Choriyev Buxoro viloyati Olot tumani “Ko'l Chovdur” mahallasida yashaydi. Bu yerda ularning bog'i juda mashhur. Aytishlaricha, bugun uzumlar g'arq pishgan yerlar bir vaqtlar sho'rxok, hosil unmaydigan bo'lib, beda ekib, ko'kartirish ham amrimahol bo'lgan. Ammo keksa bog'bonning mehnatlari natijasida toklar shig'il hosilga kirgan. Dastlab 20 sotix maydonda uzumzor tashkil etildi, keyinchalik 60 sotixga yetkazildi. Ayni kunlarda “Toyipi”, “Husayni”, “Behishti”, “Qora kishmish”, “Ketmonsopi”, “Avatar” va boshqa navlar ming tupga yaqinlashib qolgan. Ilk hosilning o'ziyoq 20 tonnadan ortiq meva berdi, bu bog'bonning cho'ntagiga 100 million so'm daromad kirdi, degani.
Yaxshimurod otaning uzumzori xonadoniga baraka olib kirish bilan birga, undan mahalla ahli ham bahramand bo'layotir. Otaxonning tashabbusi atrofdagi bog'bonlarni ham qiziqtirib qo'ydi, natijada, 10 nafar yer egasini birlashtirgan kooperatsiya tashkil etildi. Bu bir qarashda muvaffaqiyat hikoyasidek ko'rinadi, ammo mo'l hosil va daromad ortida Yaxshimurod otaning qilgan mehnatlari, yerga bergan mehri, ertangi kunga bo'lgan ishonchi turibdi. Bu keksa nuroniy misolida yerga mehr berish, ona tabiatga g'amxo'rlik ko'rsatish orqali qaqroq yerlarni ham ko'kalamzorlashtirish mumkinligini yaqqol ko'rish mumkin. Quvonarlisi, bir xonadonning “yashil tashabbusi” atrofdagilarni ham ilhomlantirmoqda, mahalla ahlini ham harakatga boshlayotir.
Darhaqiqat, bugun yurtimiz nuroniylarini, tom ma'noda, ijtimoiy islohotlarning nafaqat faol ijrochisi, balki shaxsiy namuna ko'rsatib, keng jamoatchilikni orqasidan ergashtirayotgan katta kuch sifatida e'tirof etishimiz mumkin. Yaxshimurod ota kabi yuzlab mirishkor yurtdoshlarimiz o'z tashabbuslari bilan bo'sh yerlardan unumli foydalanish, hududlar salohiyatini oshirish, oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlash, qishloq xo'jaligida barqarorlikka erishish, ichki bozorni ta'minlash hamda tashqi savdoda O'zbekistonning jozibadorligini oshirish masalalariga munosib hissa qo'shib kelishmoqda.
Aslini olganda, keksa yoshiga qaramay, bog' barpo etib, yashillikni kengaytirish, sarxil mevalarni yetishtirish yo'lida mehnat qilayotgan zahmatkash bog'bonlarni buxoroliklar orasida ko'plab uchratish mumkin. Xususan, Xudoyberdi ota va Salomat aya Sharopovlar katta, keng bog'ga g'amxo'rlik qilib, har xil mevalarni yetishtiradilar. Qurigan daraxtlar o'rniga yangi nihollarni qadash, daraxtlarning keraksiz shoxlarini butashdan tortib, anvoyi gullarni o'stirishgacha — hammasiga bosh-qosh bo'ladilar. Sharopovlar bog'ida gilos, zardoli, shaftoli, olcha daraxtlari mevadan bo'shab, “tin olayotgan” bo'lsa, navbat olmalarga yetgan. Uzumning esa “Shivirg'oni”, “Husayni” navlari g'arq pishib yetilgan. Onaxon muallimlikdan, Xudoyberdi ota esa muhandislikdan nafaqaga chiqqan, bugungi kunda ular o'zlarining mo''jazgina bog'lari bilan band.
Qaysi bog'bonning mehnatiga razm solib qaramang, ularning mehnat-mashaqqati ortida yagona maqsad yotadi: o'z mehnati bilan umumning manfaatiga xizmat qilish, bozorlar, xonadonlarga baraka ulashish, yerdan xalq rizqini yetishtirib olishdir. Bozorlardagi fayz, el dasturxonining to'kin-sochin bo'lishida mirishkor dehqon, zahmatkash bog'bonlarning alohida o'rni borligi ayni haqiqat.
Sug'diyona SOBIROVA,
“Nuroniy” muxbiri.