O'z taqdirimizga egalik qilish, kelajagimiz va istiqbolimizni o'zimiz belgilash, bor imkoniyat va salohiyatimizni mustaqil ro'yobga chiqarish huquqini bergan shonli mustaqillikning qutlug' ayyomi tobora yaqinlashmoqda. Bugun bu ulug' bayramni turfa sohalarda erishilgan olamshumul yutuqlar, xalqimiz turmushini yanada yaxshilashga qaratilgan oqilona islohotlarning samarasiga guvoh bo'lib, ezgu amallar bilan qarshi olmoqdamiz. Azaldan ilm-fan, madaniyat, savdo-sotiq va bunyodkorlik markazi sifatida dunyo sivilizatsiyasiga munosib hissa qo'shgan, bugun esa zamonaviy taraqqiyotning yangi qiyofasini namoyon etayotgan Samarqand kun sayin yangi bunyodkorlik, sezilarli o'zgarishlar bilan yanada obod va fayzli manzilga aylanib bormoqda.

So'nggi o'n yilda mamlakatimizda amalga oshirilgan keng ko'lamli islohotlar Samarqandning nafaqat iqtisodiy va sayyohlik salohiyatini yuksaltirdi, balki uning obodligi, shaharsozlik madaniyati va aholining turmush tarzini ham tubdan o'zgartirdi.

Bugun azim viloyat bo'ylab sayohat qilsangiz, obodlik, bunyodkorlik va yuksak iqtisodiy o'zgarishlarning guvohi bo'lasiz. Viloyatimizda yalpi hududiy mahsulot hajmini 143,9 trillion so'mga yetkazish, ya'ni 110 foizlik o'sishni ta'minlash maqsad qilingan. Bunda sanoatda 110 foiz, qishloq xo'jaligida 105,5 foiz, qurilishda 118 foiz, xizmatlar sohasida 120 foiz o'sishga erishish vazifasi turibdi. Bu sa'y-harakatlarning barchasi aniq bir maqsadga — xalqimizning turmush farovonligini yanada yuksaltirishga qaratilgan. Zero, rejalar zamirida ulkan ezgu ishlar ko'zlangan: yangi ochilgan ish o'rni, halol mehnati bilan o'z biznesini yo'lga qo'ygan tadbirkor, daromadi oshib, oilasiga qut-baraka kirib kelgan inson, zamonaviy sinfxonalarda bilim olayotgan bolalar va shifo topib minnatdor bo'layotgan bemorlar — mana shular yurtimiz taraqqiyotining asl mazmunini tashkil etadi. Shu ma'noda aytsak, mustaqillikning eng ulug' imkoniyati ham har bir insonning o'z salohiyatini namoyon etishi, ertangi kuniga bo'lgan ishonchini mustahkamlash uchun barcha sharoitlar muhayyo qilinganidir.

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan mamlkatimiz hududlarini barqaror va jadal rivojlantirish, tabiiy xomashyo resurslaridan foydalanish samaradorligi, iqtisodiy va investitsiyaviy salohiyatini oshirish, xalqimiz farovonligini yuksaltirishga qaratilgan keng ko'lamli islohotlar bugungi kunda Samarqand viloyatida o'zining yuksak samarasini namoyon etmoqda.

Bugun qadimiy Samarqandning iqtisodiy qiyofasi kundan-kunga yangilanib, investitsiya loyihalari hayotga tatbiq etilmoqda va insonlarni rozi qilishga xizmat qilmoqda. Joriy yilning o'tgan olti oyida 1,7 milliard AQSh dollari miqdorida to'g'ridan-to'g'ri xorijiy investitsiya o'zlashtirilgan, eksport hajmi esa 497,1 million dollarga yetgan. Hududiy dasturlar doirasida 263,2 million dollarlik 350 ta loyiha foydalanishga topshirilib, 4 361 ta yangi ish o'rni yaratildi; shundan 79 tasi sanoat, 202 tasi xizmatlar, 69 tasi qishloq xo'jaligi sohasiga to'g'ri kelib, har bir tarmoq yangi natijalar sari dadil qadam tashlamoqda.

Viloyat yalpi hududiy mahsuloti hajmi 67,4 trillion so'mga yetib, o'tgan davrga nisbatan 109,7 foizga o'sdi va bu ko'rsatkich hududimiz iqtisodiy taraqqiyoti va xalqimiz farovonligi yo'lida olib borilayotgan ishlar zalvorini ko'rsatadi.

So'nggi o'n yillikda mamlakatimizda tadbirkorlikni rivojlantirishga qaratilgan imkoniyatlar natijasida granit toshi qazib olishda Qo'shrabotdagi “Si Tong Stone” MChJ tomonidan  sohada 7 barobar o'sishga erishildi. Pastdarg'omdagi “Samarqand Polimer” MChJ 1,2 million metr PVX profili ishlab chiqarib, hajmni 3 barobar oshirdi, “Aziya metall proff” korxonasida esa 4,2 trillion so'mlik mahsulot ishlab chiqarilib, 2,3 barobar o'sish qayd etildi va bularning barchasi el farovonligiga xizmat qilmoqda.

Import emas, eksportda salohiyatimiz oshyapti

Taraqqiyotning yana bir ulkan mezoni — mahalliy mahsulotlarimizning nafaqat ichki bozor, balki jahon maydonida ham raqobatlasha olishi hamda yuqori natijalarga erishishidir. Samarqand viloyatida eksport hajmini 1,4 milliard dollarga yetkazish va shu orqali iqtisodiyotimizni yanada kuchaytirish maqsad qilingan. Joriy yilning o'tgan olti oyida 87 ta yangi korxona eksport faoliyatiga jalb etilgan, 40 ta korxona xalqaro sertifikatlarni qo'lga kiritgan, 37 ta korxona esa xalqaro ko'rgazmalarda ishtirok etib, o'z mahsulotlarini dunyoga tanitgan. Qurilish sanoati mahsulotlari, to'qimachilik mahsulotlari, elektrotexnika, meva-sabzavot mahsulotlari va boshqa yo'nalishlarda yuksak samaradorlikka erishildi. GSP+ tizimi doirasida Yevropa mamlakatlariga 17 million dollarlik mahsulot eksport qilingani esa mahalliy mahsulotlarimizning jahon talablariga to'la javob berayotganini yaqqol isbotlaydi.

Turizm — dunyoga ochilgan darvoza, degani

Samarqandning bebaho strategik imkoniyatlaridan yana biri — bu turizmdir. Mazkur soha kundan-kunga ulkan daromad hamda rivojlanish olib kelmoqda. Olti oy davomida Samarqandga 3,4 million xorijiy va 4,7 million mahalliy sayyoh tashrif buyurib, yurtimiz mehmondo'stligidan bahramand bo'ldi. Sayyohlarning viloyatda qolish davomiyligi 3 kunga yetdi, bir turistning o'rtacha xarajati 400 dollargacha oshdi, turizm eksporti esa 578,1 million dollarni tashkil etib, 144 foizga o'sdi va bu hudud iqtisodiyotiga beqiyos hissa qo'shmoqda. Viloyatimizda turizm salohiyatini oshirish yo'nalishida amalga oshirilgan ezgu sa'y-harakatlarning natijasida mehmonlarga ko'rsatiladigan xizmatlar sifati keskin yaxshilandi.

Davlatmiz rahbari tashabbusi bilan qayta rekonstruksiya qilingan Imom al-Buxoriy majmuasi bir kunda 65 ming nafar ziyoratchini qabul qilish imkoniyatiga ega bo'lib, so'nggi uch oyda bu maskanga 2,8 million nafar ziyoratchi tashrif buyurdi va ma'naviy obidalarimiz yanada obod qilindi. Samarqand tumanida 40 million dollarlik “Edelveys tog' turistik markazi” ishga tushirilib, 120 ta yangi ish o'rni yaratildi, 1,7 kilometrlik dor yo'li ishga tushirildi hamda “Bog'izog'on”, “Pangat” va “Yangi joy” mahallalariga “turizm qishlog'i” maqomi berilib, aholining turmush tarzi tubdan o'zgardi.

Aholi farovonligi — islohotlarning bosh mezoni

Yurtimizning obodligi xalqimiz farovonligi, insonlarning roziligi va turmush tarzining yaxshilanishida namoyon bo'lmoqda. Odamlarning yashash sharoitlarini tubdan yaxshilash maqsadida 6,9 trillion so'm mablag' yo'naltirilib, 1 336 ta ob'yektda qurilish ishlari olib borilmoqda. Yangi maktablar, zamonaviy tibbiyot muassasalari, bog'chalar qurilishi natijasida farzandlarimiz zamonaviy sharoitlarda bilim olishmoqda. Aholiga sifatli tibbiy xizmat ko'rsatilyapti. Hamyurtlarimiz markazlashgan toza ichimlik suvi bilan ta'minlanmoqda. Yangi yo'llar, ko'priklar, yangi turar joy massivlarining barpo etilgani esa xalqimiz turmush sharoitlarini tubdan yaxshilashga xizmat qilmoqda.

Nuroniylar — ma'naviy suyanchimiz

Mahallalarimizda tinchlik va osoyishtalikni ta'minlash, yosh avlodni to'g'ri yo'lga boshlash, ularni milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalashda nuroniy otaxon va onaxonlarimizning o'rni va ta'siri beqiyos. Har bir mahallada “Bir nuroniy — o'n yoshga mas'ul” tamoyili asosida amalga oshirilayotgan xayrli ishlar bugun o'zining amaliy natijalarini bermoqda. Nuroniylarimizning boy hayotiy tajribasi, otalik va onalik g'amxo'rligi tufayli adashgan yoshlar to'g'ri yo'lga qaytmoqda, oilalar mustahkamlanib, jamiyatimizda sog'lom ma'naviy muhit yanada mustahkamlanmoqda.

Viloyat bo'yicha ushbu ezgu tashabbus doirasida jami 1 063 ta mahalla fuqarolar yig'inlari mavjud bo'lib, ularga 2 271 nafar nuroniy biriktirilgan. Viloyatda jami 22 079 nafar muammoli yoshlar aniqlangan bo'lib, ularning 9 704 nafari uyushgan, 12 375 nafari esa uyushmagan yoshlarni tashkil etadi, shuningdek, 946 nafar yosh profilaktik ro'yxatda turadi. Nuroniylar ishtirokida o'tkazilgan tarbiyaviy tadbirlar natijasida 2 884 nafar yosh ishga joylashtirildi, 2 976 nafari kasb-hunarga yo'naltirildi va jami 8 253 ta yoshlarning muammolari ijobiy hal etildi.

Joriy yilning o'tgan olti oyida 586 nafar yosh profilaktik ro'yxatdan chiqarildi, 2 452 nafar yosh bilan bog'liq jinoyat holatlarining oldi olindi, 1 081 ta oilaviy nizolar va oilaviy ajrimlar bartaraf etildi hamda 132 ta oila yarashtirildi. Shuningdek, subsidiya, kredit, kontrakt to'lovi va boshqa ijtimoiy-iqtisodiy masalalar bo'yicha 4 002 nafar yoshning muammolari hal etilib, ayni paytda 14 113 nafar yoshning masalasi nazoratda turibdi. Nuroniylarimizning oqil maslahatlari va ibratli faoliyati sababli har bir yosh to'g'ri yo'lni topib, yurtimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo'shadigan insonlar bo'lib voyaga yetmoqda.

Imkoniyat — mas'uliyat demak

YaHMni 143,9 trillion so'mga yetkazish, 850 ta investitsiya loyihasini amalga oshirish, 24,3 mingta yangi ish o'rni yaratish, 3,1 milliard dollar xorijiy investitsiya o'zlashtirish va kambag'allikni 2 foizga tushirish kabi ulkan marralar katta mehnat va mas'uliyat talab qiladi. Bu borada Davlatimiz rahbarining Samarqand viloyatiga, uning azmu shijoatli, mehnatkash va bag'rikeng xalqiga ko'rsatayotgan yuksak g'amxo'rligi, doimiy e'tibori va yaratib berayotgan keng imkoniyatlari har bir samarqandlik qalbida cheksiz shukronalik tuyg'usini uyg'otmoqda.

Shu ishonchni oqlash, ajratilayotgan ulkan mablag'lar va yaratilayotgan sharoitlarning qadriga yetib, mas'uliyatni his qilgan holda yanada astoydil mehnat qilishimiz zarur, albatta. Bularning barchasi ertangi kunimizning yanada nurafshon, oilalarimiz baxtli va turmushimiz farovon bo'lishini ta'minlaydi.

By Behzod

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan