— deydi kosonsoylik ismoilovlar
Oila ham kichik davlat, degani. Uning o'z yutug'i, quvonchli kuni, oyning o'n besh qorong'isida esa kamchiligi, sinovli damlari bo'ladi. Muhimi — ishonch, sadoqat va sabr. Bugun kayvonilikka erishgan, yarim asrdan ziyod birga turmush kechirayotgan piru badavlat otaxon-onaxonlarimiz hayot yo'liga nazar tashlasak, ana shu haqiqatga yana bir bor iqror bo'lamiz.
Zamonamizda shunday insonlar borki, ularning bosib o'tgan yo'li haqida so'z ketganda, bir xonadon taqdiri emas, balki butun bir davr tarixi ko'z oldimizda gavdalanadi. Ular kechagi mashaqqatli yillar va bugungi farovon kunlar farqini yaxshi anglaydilar. Kosonsoy tumanidagi “Tagijar” mahallasida yashovchi Hojixon Ismoilov va Farog'atxon Yoqubova ana shunday ibratli avlod vakillari.
Bu yil ushbu xonadon vakillari ahil turmush qurganlarining 50 yilligini — “Oltin to'y”larini nishonlamoqda. Sakson yoshni qarshi olgan Hojixon ota hamda u kishining sadoqatli umr yo'ldoshi Farog'atxon opa nafaqat oila, balki el-yurt e'zozida. Bugungi yoshlar uchun ko'p narsa tayyordek va oddiy tuyulishi mumkin: ravon yo'llar, shinam uylar, uzluksiz elektr va gaz ta'minoti, internet hamda zamonaviy qulayliklar… Ammo bu farovonlik o'z-o'zidan kelgani yo'q. Uning poydevorida qancha mashaqqatli mehnat va beqiyos matonat mujassam. Ismoilovlar buni yoshlarga doimiy uqtirib keladi. Hojixon ota mehnat faoliyatini haydovchilikka bag'ishlab, qishloq xo'jaligi va qurilish sohasida el xizmatida bo'ldi. Farog'atxon opa esa yillar davomida kutubxonachi sifatida mahalladoshlarini kitob o'qishga, ma'rifatga chorladi. Shu bilan birga, paxta dalalarida mehnat qilib, ipak qurti parvarishlab, oila va jamiyat farovonligiga munosib hissa qo'shdi.
O'sha yillarda hayot yengil emasdi. Qishning sovug'i-yu yozning jaziramasiga qaramay, yelkama-elka qilingan halol mehnat xonadonga baraka, farzandlar tarbiyasiga esa mustahkam asos bo'ldi. Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, qishloqlar qiyofasining o'zgarishi va yoshlarga yaratilayotgan imkoniyatlar zamirida ham, eng avvalo, oilaviy barqarorlik yotadi.
Ismoilovlar xonadonida uch o'g'il va uch qiz mehnatsevarlik, halollik hamda mehr-oqibat ruhida tarbiyalandi. Bugungi kunda otaxon va onaxon o'ttizdan ziyod nevara-chevaraning mehri, e'tibori va ardog'ida umrguzaronlik qilishmoqda. Bu — halol va mazmunli kechgan umrning eng go'zal mevasi emasmi?!
— Qo'sha qarish — Yaratganning insonga bergan eng ulug' saodati, — deydi Farog'atxon Yoqubova. — Oila mustahkamligi haqidagi azaliy qadriyatlarimiz, ota-bobolarimizdan qolgan mezonlar hech qachon o'z kuchini yo'qotmaydi. Ro'zg'orning kam-ko'stiga sabr qilib, boriga shukrona keltirdik, yaxshisini oshirib, yomonini yashirib yashadik. Eng muhimi, hayotning har qanday sinovida bir-birimizga suyanchiq va yelkadosh bo'la oldik. Guruch kurmaksiz bo'lmaganidek, turmushda turli fasllar, issiq-sovuq kunlar bo'ladi. Ammo arzimas ko'ngilsizlik yoki ro'zg'orning vaqtinchalik kamchiligi sabab bir-biridan yuz o'girish — oilaviy mas'uliyatni anglamaslikdir. Bizning davrimizda “oila” deyilganda, eng avvalo, sabr va oqibat tushunilardi. Ha, oilani muhabbat barpo etsa, uni sabr va o'zaro hurmat ushlab turadi. Ro'zg'or — sabr-toqat talab qiladigan katta maydon. Toqatli bo'lgan, oilaviy qadriyatlarni muqaddas bilgan xonadondagina qut-baraka, tinchlik-totuvlik va qo'sha qarish baxti bardavom bo'ladi.
Albatta, shiddatli axborot oqimi va turmush sur'ati oshgan hozirgi davrda yoshlarimizga sabr, bag'rikenglik va oilaviy mas'uliyatning ahamiyatini anglatish juda muhim. Nuroniylarimiz hayoti shuni ko'rsatadiki, inson ortidan qoladigan eng katta boylik — ezgu nom, odobi bilan el og'ziga tushgan farzandlar va xalqning duosi. Ana shunday ibratli xonadonlar, duogo'y nuroniylarimizni e'zozlash va ularning hayot tajribasini yoshlarga yetkazishda nuroniylarimiz va jamoatchilik vakillarining o'rni beqiyos. Ziyolilarimiz va ma'naviyat fidoyilari zimmasidagi eng muhim burch esa ana shu ma'naviy merosni avloddan-avlodga asrab-avaylab yetkazishdan iborat.
Munavvar SUBANOVA,
“Nuroniy” jamg'armasi Kosonsoy tumani bo'limi mutaxassisi.