Insonga keksalikdagi saodatli hayot o'z-o'zidan tuhfa etilmaydi. Unga xolis niyat, to'g'ri yo'l, halol mehnat orqali erishiladi. Bugun yuzlaridan nur yog'iLIb, o'tgan umridan, bugunidan mamnunlik tuyayotgan, dillari shukronaligu kaftlari oltindan qimmat duolarga to'lgan nuroniylarning qay biri bilan suhbatlashmang, ayni shu haqiqat bilan yuzlashasiz. Ular kabilar go'yoki yuragida oftob yashayotgan insonlardir!

Buxoro shahridagi “Gulchorbog'” mahallasining “Keksalar maslahati” guruhi rahbari, “Mehnat faxriysi” ko'krak nishoni sohibasi, Xalq ta'limi a'lochisi  Mavjudaxon Ro'ziyeva ana shunday onaxonlardan biri.

Mavjudaxon ona 1954 yilda shu mahallada tug'ildi. Bolalikdan eng e'zozli kasblardan biri — o'qituvchilikka mehr qo'ydi va shu istakda Buxoro davlat universitetining matematika fakultetida tahsil oldi. 1975 yilda o'zi tahsil olgan Buxoro shahridagi 25-umumiy o'rta ta'lim maktabida pedagoglik faoliyatini boshladi va nafaqaga chiqquniga qadar ishiga bor mehrini baxshida qildi. Muallimalik hayotining mazmuniga aylandi. Undagi kuch-shijoatga, intilish va tashabbuskorlikka, hatto yoshlar ham havas qilishardi. Chunki yangiliklarni amalga tatbiq etishda, noan'anaviy darslar tashkillab, ularni ommalashtirishda doim tashabbuskor bo'ldi. Eng muhimi, minglab o'quvchilar qalbidan eng yaxshi ustoz sifatida joy oldi. Bugun ham unga barcha yoshlar “ustoz” deya hurmat ko'rsatib, murojaat qilishadi.

Albatta, Mavjudaxon Ro'ziyeva maktabdagi o'quvchilarga matematikadek murakkab fan sirlarini o'rgatish barobarida oiladagi mas'uliyat va vazifalarini ham bekamu ko'st uddalashga harakat qildi.

— Bolalar qalbida ilmga, kitob o'qishga ishtiyoqni uyg'otishga harakat qildik, bu farzandning yorug' kelajagi uchun eng muhim shart ekanini anglagan holda, — deydi Mavjudaxon ona. — Shukrki, o'g'il-qizlarimizning barchasi o'qimishli, hayotda, jamiyatda o'z o'rniga ega insonlar bo'lib kamolga yetishdi. O'g'limiz Hamza telejurnalist va boshlovchi, Mavludaxon mening izimdan kelyapti, u boshlang'ich sinf o'qituvchisi. Mashhura qizimiz hamshiralik kasbini tanlagan bo'lsa, Muqaddasxon shifokor bo'ldi. Xursand bo'lamiz, ziyoga intilish hissi xuddi oltin zanjirdek dilbandlar fitratida davom etayotir. To'qqiz nabiraning uch nafari oliy ma'lumotli bo'lib ulgurdi, bu yil yana ikki nabiramiz oliy ta'lim muassasalariga hujjat topshirishgan.

Darhaqiqat, oila hayoti ham bir o'ram uzun ipdek tuyuladi. Unda bir tugun yoki uzilish paydo bo'lsa, bu taqdirlarga daxl qiladi. Aslida bu noziklikni ushlab turishning o'zi oson emas…

— Bolaga faqat “o'qi-o'qi” deyaverganingiz bilan u kitobga mukkasidan sho'ng'ib ketmaydi, shu bilan bolangiz orzuingizdagidek inson bo'lib qolmaydi, — suhbatni davom ettiradi qahramonimiz. — Unga, avvalo, ota-ona, ya'ni o'zingiz namuna, ibrat bo'lishingiz kerak. Ustozlikning eng katta darsi oilada kechadi. Muomala-yu munosabatda, mehnatda-yu ma'naviyat bobida siz murabbiy bo'lasiz. Hovlimizda ikki sotixlik issiqxonamiz bo'lardi, otasi bolalarning har biriga bir qatordan egatni bo'lib bergan. Bolalarning egatlardagi hosilni ko'rib quvonishi o'z yo'liga, ertapishar pomidor, bodringlarni bozorga chiqarganimizda, ro'zg'orimizga qo'shimcha daromad kirganida, ularning ko'nglida odamlar dasturxoni to'kinligiga, oila iqtisodiga hissa qo'shishdek surur, huzur paydo bo'lgani — bizning maqsadga yetganimiz ifodasi edi. Mehnat bilan turmush farovon bo'lishini ular bolalikdayoq tushunib yetishdi. Mehnat bilan topilgan pulni qadrlash, uni rejali sarflash borasida otasi eng qimmatli o'gitlarni berganidan ham bugun xursand bo'laman.

Hamma havas qilarli baxt qo'rg'onini yaratgan, tadbirkorlikda ham yuksak salohiyatga ega Hayot aka Jumayev bilan Mavjudaxon onaning umr yo'llari bog'laganiga 48 yildan oshyapti. Yuqorida aytib o'tganimizdek, bu yillar ularga uch qiz, bir o'g'ilni ilmli, el-yurt ishiga kamarbasta insonlar etib tarbiyalash mashaqqati bilan birga, ularning rohati-yu kamolini ko'rishdek huzurli onlarni ham taqdim etdi.

Qahramonimiz nafaqaga chiqqandan so'ng “qirq besh yilga yaqin maktabda dars berdim, endi oyog'imni uzatib, dam olsam ham bo'ladi”, desa ham yarashaverardi. Biroq u tanamda kuchim bor ekanki, el-yurtga nafim tegsin, dedi. Mahalla ishi o'qituvchilikdek soatli jarayon emasligidan, kunu tuni oilalar va odamlar muammosini hal etishga yo'g'rilib o'tishidan cho'chimadi. Mahalladagilar ham xursand bo'lishdi.

— “Gulchorbog'” deb atalgan mahallamiz o'z nomiga munosib obod va ko'rkam, unda 6030 dan ziyod aholi istiqomat qiladi, — deya ko'zlari quvnab so'zlaydi Mavjudaxon ona. — Yangi O'zbekistonimizda kechayotgan yillar, asrlarga tatigulik o'zgarishlar bizning mahalla hayotida ham yaqqol aks etmoqda. Ayniqsa, so'nggi o'n yilda insonlarning yashashga, ertangi kunga bo'lgan ishonchi kuchaydi. Har bir inson, har bir oila e'tiborda tutilib, ulardagi muammolar endi qog'ozlarda qolib ketmayapti. Barchasiga yechim topilyapti. Bugun mahalladagi 1220 ta xonadonda yashayotgan 1805 ta oilaning har biri bizga juda yaxshi tanish. Faollar, nuroniylar xonadonlarga biron sabab paydo bo'lganida emas, balki doimiy ravishda tashrif buyurishadi. Ilg'angan ayrim vaziyatlar chuqurlashmasdan hal etiladi, muammolar kattalashmay turib barham topadi, rejalar ro'yobi yanada tezlashadi. Hududlardagi ta'lim muassasalarida o'tayotgan “Uch avlod uchrashuvi” tadbirlari yoshlar bilan dildan suhbatlarga aylanib ketadi. Chunki unda kecha va bugun yuzlashadi, sinovlarni yengib o'tmoqlik, qat'iyat, yurtga sadoqat, maqsad sari kurash, natijalarga erishish yo'llari haqida so'z boradi.

Mavjudaxon ayaga bu katta mahallaning har bir oilasi tanish. Xonadonlarga kirib borishi bilan “xush kelibsiz, ustoz” va yoki “keling, hoji ona” deya ochiq chehra bilan kutib olishadi. Qiz chiqarayotgan, o'g'il uylantirayotgan oilalarga u odatdagidan-da ko'proq tashrif buyuradi, ko'proq vaqt qolib ketadi. Erta turmush, qarindoshlar nikohining oldini olish maqsadida, to'ylarning kamxarj, tartibli o'tishini ta'minlash uchun qudalar, yoshlarning har biri bilan suhbatlashishdan erinmaydi. Uning tushuntirishlaridan so'ng qancha qizlar erta oila qurish fikridan kechib, oliy ta'lim olishni istamadi deysiz. Qancha qudalar to'yni, u bilan bog'liq marosimlarni qisqartirdi, o'zlariga yengillik bo'lganidan minnatdor ham bo'lishdi. O'tgan yili 11 ta ajrim yoqasiga kelib qolgan oila murosaga keltirildi. Bu bilan o'sha oilalardagi o'ttizga yaqin norasidalarning peshonasiga tirik yetimlik qismati bitilishining oldi olindi, ular kemtik ko'ngillikdan asrab qolindi demakdir. Haligacha bu oilalar hayoti nazoratda.

Sidqidildan qilingan mehnatlar, albatta, tan olinadi. Mavjudaxon Ro'ziyevaning “Bir nuroniy — o'n yoshga mas'ul” tamoyili asosidagi sa'y-harakatlari  e'tirofga loyiq. Qahramonimiz xuddi shu yo'nalishdagi tanlovning shahar va tumanlar bosqichida faxrli, viloyat bosqichida esa sovrinli o'rinlarni egallab kelyapti. U yoshlar ta'lim-tarbiyasi, ularga kasb-hunar o'rgatish bilan bog'liq amaliy sa'y-harakatlarda Sharofatxon Nazarova, Rahmat O'roqov, Muyassarxon Jalolova, Shamsiya Ashurova kabi mahalla faollari ko'magiga tayanadi. Safar Avezov, Sodiqjon Tursunov, Ozodaxon Zamonova, Muzaffar Hayitov kabi ibratli oila sohib va sohibalari bilan kengashib, amalga oshirilgan ishlarning natijasidan ham doim ko'ngli yorishadi.

— Bugun yurtimizning jamiki keksa faxriylari e'tibor, e'zoz, ehtirom og'ushida, — deydi Mavjudaxon ona Ro'ziyeva suhbatimiz nihoyasida. — Ularning salomatligidan tortib, ko'ngilli dam olishlarigacha bo'lgan barcha masalalar Yurtboshimiz, hukumatimiz va mas'ullarning diqqat-markazida. Bizning mahallamiz nuroniylari ham hozirgacha Xorazm, Toshkent, Samarqand, Qarshi, Nukus, Namangan, Andijon, Farg'ona viloyatlari va shaharlariga sayohatlar qilishdi.

Ha, 72 yoshli Mavjudaxon ona uchun bugun “Gulchorbog'” katta bir oilaga aylangan. Aya mahalladagi har bir o'g'il-qiz taqdiriga o'zini daxldor sezadi. Hech bir minnat, manfaatsiz ular uchun qayg'uradi. Shu yurtga keraklilik hissi unga kuch beradi.

Baxtimizga mana shunday nuroniylar omon bo'lishsin. Ular borki, hech qachon farzandlar tarbiyasida og'ish bo'lmaydi. Ular borki, oilalarda sog'lom muhit qaror topaveradi. Ular borki, piru badavlatlar duosi tongu shom qadar yangrayveradi. Bu duolar niholga quyilgan suvdek qudratli — elni yuksaklik, oydinlik, obodlik sari eltaveradi.

Shahlo Toshbekova,

“Nuroniy” muxbiri.

By Behzod

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan