Mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy salohiyati va rivoji, eng avvalo, mahallalardagi ijtimoiy muhit, aholining kayfiyati, turmush darajasi, ishbilarmonligi hamda jamoaviy uyushqoqligi kabi omillarda namoyon bo'ladi. Mustaqilli­gimizning 35 yilligi tantanalari arafasida mahallalardagi hamjihatlik yanada yaqqolroq ko'zga tashlanmoqda.

Xonadonlarni obodonlashtirish, tomorqa va ko'chalarni tartibga keltirish, aholini kambag'allikdan chiqarish, bandlikni ta'minlash, muammoli oilalar va yoshlar bilan individual ishlash, ijtimoiy ko'mak berish hamda mahallada ma'naviy-madaniy muhit va xavfsizlikni barqarorlashtirish masalalari bugun faqat rahbarlarning emas, balki o'zini yurt hayotiga daxldor deb bilgan har bir fuqaroning bosh maqsadiga aylanmoqda. Mazkur jarayonda, ayniqsa, keksa nuroniylarimizning faolligi alohida tahsinga loyiq.

Xususan, poytaxtning Sergeli tumanidagi “Qo'shqo'rg'on” mahallasida istiqomat qiluvchi G'ulomjon ota Murodov hamda Gulchehra aya Egambayevalar ham Davlatimiz Mustaqilligining 35 yilligi tantanalariga tayyorgarlik jarayonlarida barchaga birdek o'rnak bo'lishmoqda. G'ulomjon ota mahallada “Keksalar maslahati” guruhiga rahbarlik qiladi. Bu xonadonga qadam qo'yishingiz bilan o'ziga xos fayz va tarovatni his etasiz: tomorqa atrofi gullar bilan o'ralgan, o'rtada turli ekinlar, ishkomlarda esa uzumning bir necha navi g'arq pishgan.

— Bog'dorchilikka juda qiziqaman, — deydi G'ulomjon ota uzum parvarishi haqida to'xtalib. — Boshqa viloyatlarga borganimda ham, albatta, so'ritoklar  e'tiborimni tortadi. Tajribali bog'bonlardan maslahat so'rayman. Mavsumda qulupnaydan ham yaxshigina hosil olib, qo'ni-qo'shnilarga ulashamiz. Endi kivi yetishtirish harakatidamiz. Ammo bu meva biroz injiq ekan — suv sal ko'paysa ham, ozaysa ham, tutib ketishi qiyin kechadi.

G'ulomjon ota asli buxorolik. Otasi usta-duradgor, onasi esa g'oyat mehnatkash, tadbirli ayol bo'lgan. Otaxon o'qishni tamomlab, armiyada xizmat qilgan. “Yoshlikdan suyagimiz mehnatda qotdi, armiya esa irodamizni yanada tobladi”, — deb hikoya qiladi u.

G'ulomjon ota va Gulchehra aya mutaxassisligi bo'yicha dasturchi (tez hisoblash mashinalari operatori dasturchisi) yo'nalishida tahsil olishgan. Oila qurishgach, bir muddat Buxoroda yashashgan. Gulchehra aya ham ota-onasini mehr bilan xotirlaydi: otasi mirishkor dehqon, buvisi nonvoy bo'lgan, onasi esa yopilgan nonlarni sotib, kechqurunlari do'ppi tikkan. Shu tariqa, ota-ona farzandlarini halol mehnat bilan bekamu ko'st voyaga yetkazgan.

— Dastlab kasbga tayyorlash markazida, keyin bog'cha va maktabda ishladim. Keyinchalik faoliyatim mahalla bilan bog'landi. Mahalla hayotini farovonlashtirishda haligacha qo'limizdan kelganicha ishtirok etyapmiz, — deydi onaxon kamtarlik bilan. — Nizoli oilalarni yarashtirishga harakat qilamiz. Buning uchun, eng avvalo, oilaviy kelishmovchiliklarning asliy sabablarini o'rganamiz. Ochig'i, aksariyat hollarda sabablar juda oddiy bo'ladi. Oiladagi tinchlik-xotirjamlik bir-ikki kishininggina harakati bilan bo'lmaydi: kattalar ham, kichiklar ham bir-birini eshita olishi, qarorlarini hurmat qilishi kerak. Nizolar, odatda, uchinchi shaxs aralashuvi ortidan kelib chiqadi. Agar xonadonda yosh ham, qari ham o'z ishi bilan band bo'lsa, ijtimoiy hayotda o'z o'rnini topsa, bir-biriga beminnat ko'maklashsa va qaynonalar kelinlariga o'z farzandidek munosabatda bo'lsa, masala ajrimgacha yetib bormaydi. Mahallada oilaviy muammolarga bejiz jiddiy e'tibor qaratilmaydi. Chunki oilalar birlashib mahallani, mahallalar esa butun boshli yurt taqdirini belgilaydi. Farzand va nabiralarimizning “zuvalasi” aynan oilada pishib-etiladi.

Uzoq yillardan beri ahil va baxtli yashab kelayotgan bu ikki nuroniyni, tom ma'noda, namunali oila tayanchi sifatida ibrat qilib ko'rsatish mumkin. Gulchehra aya 65 yoshda, G'ulomjon ota esa yetmishni qoralab qolganiga qaramay, haligacha jamoatchilik ishlarida faol. Ular uch nafar farzandni go'zal xulq va oliy ma'lumotli qilib tarbiyalashdi. Bugun ularning biri tadbirkor, ikkisi esa bank sohasida el-yurtga xizmat qilmoqda. Nabiralar esa bobo va buvisining hayotidan ibrat olib, o'qish va izlanishda muvaffaqiyatlarga erishmoqda.

Qolaversa, bu nuroniylar mahalladagi muammoli yoshlar bilan ham alohida shug'ullanib kelmoqda. Ularni begona qilmay, moddiy va ma'naviy ko'mak berilishiga, jamoatchilik tomonidan qo'llab-quvvatlanishiga alohida e'tibor qaratishmoqda.

Sug'diyona SOBIROVA,

“Nuroniy” muxbiri.

By Behzod

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan