Eng ulug', eng aziz bayram — davlat mustaqilligining 35 yillik shonli tantanalari oldidan e'lon qilingan “Mahallada obodlik va mehr-saXovat” oyligi hamda “Dolzarb 40 kunlik” tadbirlari mamlakatimiz bo'ylab yangicha sur'at kasb etmoqda.
Ahamiyatlisi, ushbu xayrli va ezgu jarayonlarda nuroniylar, mahalla faollari va yoshlar bir tanu bir jon bo'lib, hududlarni obodonlashtirish, yashil maydonlarni kengaytirish hamda kam ta'minlangan va ehtiyojmand yurtdoshlarimizga mehr-oqibat va muruvvat ko'rsatishda yuksak faollik ko'rsatmoqdalar.
Aslida bayram va xursandchilik kunlari oldidan o'z uyimiz, mahallamiz va ko'chalarimizni obod qilish, atrofga go'zallik ulashish xalqimizga xos eng ezgu an'analardan biri aslida. Chunki xonadon ozodaligi va ko'chalar ko'rki nafaqat dilni yayratadi, balki odamlar orasida o'zaro mehr-oqibat va ahillik muhitini ham mustahkamlaydi.
Aynan ana shunday xayrli qadriyatlarni ulug'lagan holda, Farg'ona tumanidagi faol nuroniylar tashabbusi bilan salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, “Tinchlik” mahallasida yashovchi Mavluda Temirova, Barchinoy Ahmedova va Kimyoxon Bekmirzayevalar mahalla raisi Rustamjon G'ofurov tavsiyasiga asosan, rayhon ko'chatlarini mahalladoshlarga ulashib, xonadonlarga fayz va iliqlik olib kirmoqda.
Bu kabi ezgu va savobli amallar hudud chiroyiga chiroy qo'shish bilan birga, mahalladagi qo'shnichilik rishtalarini yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Qoraqalpog'iston Respublikasi Beruniy tumanida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari esa tuman husniga husn, ko'rkiga ko'rk ulashmoqda. Bu esa beruniyliklarning kayfiyatiga ijobiy ta'sir qilib, ertangi kunga bo'lgan ishonchini yanada mustahkamlayapti.
Prezidentimizning 2025 yil 8 oktyabrdagi “Alohida tuman (shahar) va mahallalarni aholining yashashi va tadbirkorlik faoliyati bilan shug'ullanishi uchun namunali hududga aylantirish chora-tadbirlari to'g'risidagi”gi qaroriga asosan, Beruniy tumani “Saroyko'l” mahallasi “og'ir toifadagi mahalla” ro'yxatiga kiritilgan bo'lib, respublika byudjetidan 2 mlrd. mahalliy byudjetdan 1. mlrd so'm mablag' ajratilgan.
Shunga asosan hududdagi 3 kilometr yo'lda qora qoplamali asfalt yotqizish, 1 dona transformator punktini o'rnatish hamda 1 kilometr 200 metr masofaga havo elektr tarmoqlarini tortish ishlarini amalga oshirish ko'zda tutilgan.
Hozirda ichki ko'chalarda asfaltlash ishlari boshlangan. Aholining “Tashabbusli byudjet” jarayonidagi faolligi sabab yana 2 kilometr yo'lda asfaltlash ishlarini amalga oshirish rejalashtirilgan.
Bunday amaliy loyihalar natijasida hududda tadbirkorlik qilish istagidagi ishbilarmonlar uchun qulay infrastrukturaning yaratilishi, doimiy daromadga ega bo'lish, yangi ish o'rinlarining paydo bo'lishiga shart-sharoitlar yaratmoqda.
Shuningdek, mamlakatimizda bayram shukuhi kezib yurgan bugungi kunlarda yurtimizda tabiatga oshno, gulni sevib parvarishlaydigan otaxonu onaxonlarimiz ham mahallalar obodligiga o'z hissalarini qo'shishmoqda.
Yunusobod tumani “Minor” mahallasida istiqomat qiluvchi Tryabin Aleksey Nikolayevich hamda Tryabina Natalya Nikolayevna ana shunday yurtdoshlarimizdan. Ular yoshlarining ulug'ligiga qaramay, mehnatsevarligi va tabiatga bo'lgan cheksiz mehrini amalda namoyon etib kelishmoqda. Ushbu gulchi nuroniylar o'zlari yashayotgan ko'p qavatli uy atrofida 400 tupdan ortiq turfa xil gul ko'chatlarini ekib, mehr bilan parvarishlab, mo''jazgina gulzor barpo etgan holda, barchaga namuna bo'lmoqdalar.
Bugungi kunda ushbu go'zal maskan mahalla ahlining eng sevimli go'shasiga aylangan. Bu yerga tashrif buyuruvchi mehmonlar o'zgacha zavq olib, fayzli maskan tarovatini alohida e'tirof etmoqdalar.
Tryabinlar oilasining gulsevarligi, fidoyiligi mahallada barchaga yaxshi ma'lum. Ikki nuroniy aslo bo'sh o'tirmaydi. Qachon qarasangiz, ular ana shu gulzorga ishlov berayotgan bo'ladilar. Ayni ezgu amal obod va fayzli mahalla yaratishda har bir insonning o'z hissasi va o'rni qanchalik muhimligini yana bir bor ko'rsatib bermoqda, albatta.
Darhaqiqat, go'zallik mehr bilan yaratiladi, obod mahalla esa ana shunday fidoyi insonlar bilan yanada fayzli bo'ladi. Ushbu ikki fidoyi nuroniy mehnatlarining samarasini ko'rib, dil yashnaydi, ko'z quvonadi. O'z navbatida, bu tajribani mahalladagi barcha xonadonlar uchun tavsiya etish ham mumkin.
Shubhasiz, yuqoridagi tadbirlarda uyushqoqlik bilan qatnashayotgan faol keksalarimiz, ularning tashabbusi bilan obod bo'layotgan hududlar hamda bu yo'ldan borayotgan o'rta va yosh avlod vakillari mahallalarimizdagi ahil muhitning mustahkam kafolatidir. Bunday umumxalq harakati yurtimizda mehr-oqibat, oqibatlilik va yaratuvchanlik an'analari bardavom ekanini yana bir bor yaqqol namoyon etyapti.
Tursunboy MADALIYEV,
“Nuroniy” jamg'armasi Farg'ona tumani bo'limi raisi,
Maysara Nazarova,
“Nuroniy” muxbiri.