Mazkur kasallik markaziy asab tizimining surunkali kasalligi bo'lib, u miya faoliyatidagi elektr impulslarining buzilishi natijasida yuzaga keladi. Kasallik talvasalanuvchi (tutqanoq) xurujlari bilan kechadi, ular to'satdan boshlanadi va ko'pincha kutilmagan holatlarga olib kelishi mumkin.
Epilepsiya har qanday yoshda, jinsi va millatidan qat'iy nazar, har bir insonga ta'sir qilishi mumkin. Dunyoda taxminan 50 millionga yaqin odam ushbu kasallikdan aziyat chekadi.
Bu sindrom ba'zida nazorat ostida saqlanadi, ammo ayrim holatlarda hayot uchun xavfli oqibatlarga sabab bo'lishi mumkin. nevrologik kasallikdir. Xastalik to'satdan boshlanuvchi va takrorlanuvchi tutqanoq xurujlari bilan tavsiflanadi.
Jahon sog'liqni saqlash tashkiloti ma'lumotlariga ko'ra, dunyo bo'yicha 50 milliondan ortiq inson ushbu kasallikdan aziyat chekadi. Epilepsiya yosh, jins va ijtimoiy maqomga bog'liq bo'lmagan holda har qanday shaxsda rivojlanishi mumkin.
To'g'ri va o'z vaqtida tanlangan medikamentoz terapiya yordamida xurujlarni nazorat qilish imkoniyati mavjud, biroq tegishli tibbiy nazoratning yo'qligi hayot uchun xavfli oqibatlarga olib keladi.
Kasallikning etiologiyasi turli omillarga bog'liq bo'lib, ular sirasiga genetik moyillik, bosh miya jarohatlari, perinatal gipoksiya, neyroinfeksiyalar (meningit, ensefalit), bosh miyada qon aylanishining o'tkir buzilishlari (insult) hamda o'sma jarayonlari kiradi.
Holatlarning taxminan 50 foizida anamnez va diagnostik tekshiruvlar orqali aniq sababni aniqlash imkoni bo'lmaydi, bunday hollarda kriptogen yoki idiopatik epilepsiya tashxisi qo'yiladi.
Patologik jarayonning lokalizatsiyasi va qamroviga ko'ra xurujlarning bir necha asosiy klinik shakllari farqlanadi. Fokal (qisman) xurujlarda elektr razryadi bosh miyaning muayyan bir sohasida cheklanadi.
Bemorda xush saqlangani holda tananing ma'lum qismlarida mushak qisqarishlari va paresteziyalar kuzatiladi. Generalizatsiyalashgan xurujlarda jarayonga bosh miyaning ikkala yarim shari bir vaqtning o'zida jalb qilinadi.
Bemor xushini yo'qotadi, tonik-klonik sudorogalar, og'izdan ko'pikli ajratma kelishi va beixtiyor defekatsiya yoki miksiya kuzatilishi mumkin. Absans shakli asosan pediatrik amaliyotda uchrab, qisqa muddatli (bir necha soniyalik) xushning vaqtinchalik uzilishi va atrof-muhitga munosabatning yo'qolishi bilan kechadi.
Epilepsiya sindromi nazorat qilinmagan hollarda bir qator og'ir asoratlarni keltirib chiqarishi mumkin. Epileptik status (Status Epilepticus) — 5 daqiqadan ortiq davom etadigan yoki bemor xushiga kelmasdan ketma-ket takrorlanadigan xurujlar bo'lib, u shoshilinch reanimatsion yordamni talab etadi va bosh miya gipoksiyasi hamda to'qimalar o'limiga sabab bo'ladi.
Epilepsiyada to'satdan o'lim sindromi (SUDEP) kam uchraydigan, ammo nazoratsiz xurujlar fonida yurak ritmi va nafas markazi faoliyatining to'xtashi bilan kechadigan xavfli holatdir. Bundan tashqari, xuruj vaqtida yiqilish va travmatik jarohatlar olish, shuningdek, bemorlarda depressiv holatlar va ijtimoiy dezadaptatsiya rivojlanishi xavfi yuqori bo'ladi.
Profilaktika va bemorlar hayot sifatini oshirish tadbirlari antikonvulsant vositalarni shifokor-nevrolog tavsiyasiga ko'ra muntazam va belgilangan tartibda qabul qilishni nazarda tutadi.
Shunga qaramay, uyqu va dam olish rejimiga rioya qilish, stress omillari, kuchli vizual va akustik qo'zg'atuvchilardan saqlanish hamda muntazam dispanser nazoratida bo'lish muhim ahamiyatga ega. Bemorning yaqinlari va atrofdagi shaxslar xuruj paytida birinchi yordam ko'rsatish qoidalaridan xabardor bo'lishlari zarur.
Zahro AMONOVA,
Samarqand davlat tibbiyot universiteti dotsenti.