Bugun, 86 yoshida Toshkent viloyatining Olmaliq shahridagi faol nuroniylardan biri bo'lib, tadbirlarda ishtirok etib kelayotgan Toshtemir ota Abduxoliqov biz bilan suhbatda shunday dedilar: “Mening bolaligim davr olovlarida yonib ketgan, ammo keksaligim shukronalar bilan yosharib, yashnab turibdi”.
Darhaqiqat, otaning bolalikdagi orzulari to 25 yoshga yetgunicha ham armonlarga o'ralib, dil tubida qolgan ekan. Ismining Toshtemir ekani ham bejiz emas. Olti farzandi yo'qlik, qaxatchilik sabab turli kasalliklar bilan uch yoshgacha vafot etgan ota-onaning “Shu yettinchimizning joni toshdan, temirdan bo'lsin” degan tilagi bois, Yaratganning marhamati bilan otaxon shu yoshga yetgan bo'lsalar, ne ajab?!
Rostdan ham, ismiga yarasha Toshtemirning bolaligi davr olovida yonib ketgan edi go'yo. Uch yoshida otasi ommaviy safarbarlikka ko'ra, front ortiga ishlash uchun olib ketilganda, onasi bilan yolg'iz qolgan. Erini olis Rossiya shaharlaridan biridagi urushga aslaha chiqaradigan zavodga ishga kuzatgan Maysara ona Toshtemirjoni bilan yangi kolxoz qurilishi uchun safarbarlikka ro'para bo'lib, qishlog'idan olisga ko'chibdi. To yangi boshpana topilguncha hamsafarlari bilan katta bir binoning yerto'lasida yashashga ko'nibdi.
Toshtemirning bolaligi mashaqqat olovida yondi. Ikkinchi jahon urushi tugab, otasi yurtga qaytganida esa onasining kasallikka chalinib yotib qolishi yolg'izgina Toshtemirning bolaligini battar yondirdi. Onasining rangpar yuzlariga qarab o'n yoshga ham yetdi. Uzoq vaqt otasiz yashab qiynalgan Toshtemir endi onasidan bir umrga ayrildi.
— Bu bosh nimalarni ko'rmadi, — deydi ota xotiralar ummoniga g'arq bo'lgancha. — Uka-singillarim bo'lishini orzu qilardim, ammo bu ham armonligicha qoldi. Yigirma olti yoshimgacha nima yumush bo'lsa ishlab, institutda o'qishni orzulab yurdim. “Oyning o'n beshi qorong'u, o'n beshi yog'du bilan” degan gap bekorga aytilmagan. 26 yoshimda hozirgi Nizomiy nomidagi O'zbekiston Milliy pedagogika universitetining geografiya fakultetiga sirtqi bo'limga bo'lsa-da, o'qishga kirganim, o'sha yili o'n yetti yoshli Muborak onangizga uylanganim men uchun yog'duli kunlarning boshlanishi bo'lganligi rost. Shundan buyon oradan 61 yil o'tibdi. Bu orada ikki o'g'il, ikki qiz ko'rib, kunlarim yanada nurga, yog'duga cho'mdi.
Ta'bir joiz bo'lsa, Muborak ona kelin bo'lgan kunlarining boshidanoq hovliga yog'du sochib kirib keldi. Ikkovlon o'zaro rishtalarni mustahkamlab, baxt-saodatli oila bunyod etish umidida Toshkent viloyatining Oqqo'rg'on tumanidan Olmaliqqa yaxshiroq ish izlab keldilaru shu yerda muqim qoldilar. To'rt farzandli bo'lganlarida Muborak ona ham turmush o'rtog'i o'qigan oliy o'quv yurtining talabasi bo'ldi. Endi Toshtemir ota geografiya fanidan saboq berar, Muborak ona esa boshlang'ich ta'lim muallimasi bo'lib ishlay boshladilar.
Oiladagi muhabbat ma'rifat ziyosi bilan uyg'unlashgani sari xonadonga fayz, baraka ham kela boshladi. Toshtemir otaning tez-tez takrorlaydigan gapi bor: “Ming shukr, bir edim — juft bo'ldim. Keyin to'rt farzand topib, oltiga aylandim. Kelin-kuyovlarim bilan o'ntaga yetdim”.
Bugungi kunda Toshtemir otaning 11 nafar nabira, to'rt nafar abirasi bor. Qarangki, nabiralarning o'n nafari allaqachon oliy ma'lumotli, bittasi hozircha talaba. Toshtemir otaning orzu-armonlari ro'yob topib, shukronasi ortib bormoqda.
— Katta oilamizda farzand ko'paygani sari quvonaveradilar, — deydi Muborak ona. — Asli maktabda muallimlik paytlarida ham o'quvchilarini yaxshi ko'rardilar. Yozgi ta'til keldi, deguncha maktab o'quvchilarining amaliyot paytida ishlagan pullarini undirish va ularga rag'bat tarzida sayohat yo'llanmalarini olish uchun idoralarga yugurardilar. Yo'llanmani qo'lga kiritib, yonlariga bir-ikki muallimni olardilar-da, o'ttiz o'quvchi bilan sayyoh bo'lib ketishardi. Bir gal Belorussiyaning Xatin qishlog'iga borib kelishdi. O'quvchilarining tafakkuri tiniqlashdi, shundan keyin uch marta Moskvaga, bir marta Tojikistonning Dushanbe shahriga, so'lim Farg'onaga, sir-asrorga to'la afsonaviy Samarqandga ham sayohatlar uyushtirishdi. Tabiiyki, eng a'lochi o'quvchilarga nasib etadigan bunday sayyohlik safarlariga borish ilinjida yuqori sinflarda a'lochi, faol o'quvchilar ko'paya bordi. O'quvchilarga Vatan tushunchasini teranroq anglatish, dunyoqarashining kengayishiga ko'maklashgan tashabbuskor Toshtemir Abduxoliqov “O'zbekiston xalq maorifi a'lochisi” unvoni bilan taqdirlandi. Xullas, Toshtemir otaning bilgani bilgan…
O'sha o'quvchilarning ko'pi bugun yuqori lavozimlarda ishlab, el xizmatidagi obro'-e'tiborli insonlar hisoblanishadi. Ustozdan esa tez-tez xabar olib turishadi. Toshtemir ota ko'pincha o'zining sinovlarda kuyib-yongan bolaligini eslab, o'z yoshlik yillarini bugungi yigit-qizlarning hayotiga solishtirar ekan, davlatimiz rahbariga chin dildan rahmatlar aytadi, tinch va osoyishta, to'kin hayot uchun shukrona keltiradi.
Otaxon sira bo'sh o'tirmaydi. Choqqina tomorqasidagi sarxil meva daraxtlariga shakl beradi, ozuqa soladi, qo'radagi qo'ylar, katakdagi tovuq hamda kurkalarga qarab, xursand bo'ladi.
“Nuroniy” jamg'armasi Olmaliq shahar bo'limi tashkillashtirgan uchrashuvlarga “Mehnat faxriysi” ko'krak nishonini taqib borgan chog'ida o'zgacha hurmat-ehtiromdan dili yayraydi. Bu kunlarga yetib kelish qanchalar mashaqqatli bo'lganligini aytib, farovon kunlar uchun shukrona aytish kerakligini yosh va o'rta avlod vakillariga tushuntiradi, hamisha Vatan va xalq xizmatida kamarbasta bo'lish lozimligini uqtiradi.
Haqiqatan ham, hayotning achchiq-chuchugini totigan, yillar sinovlaridan mardonavor o'tib, oila atalmish mustahkam qo'rg'on bunyod etgan, barkamol farzandlar, nabira-yu abiralarni voyaga yetkazgan Toshtemir ota kabi nuroniylarning har bir so'zi, amali chinakam ma'noda, kamolot maktabidir.
Zamira RO'ZIYEVA,
“Nuroniy ” muxbiri.