Yurtimizda yuz bilan yuzlashib, tobora tabarruklashib, xalqimizning fayzu farishtasiga aylangan nuroniylarimiz ko'pchilikni tashkil qiladi. Ularning oltinga teng o'gitlari-yu duolari bugun barchamizning yo'llarimizni bamisoli quyoshdek yoritib kelmoqda, desak aslo mubolag'a qilmagan bo'lamiz.
Ana shunday yurtdoshlarimizdan biri bugungi kunda o'zining tabarruk 100 yoshini nishonlayotgan Jo'ra bobo Abdimurodov 1926 yilda Surxondaryo viloyati Sho'rchi tumanida tavallud topgan. 14 yoshida maktabning 7-sinfini tugatib, kolxozda aravakashlik qilgan bolakay aslo mehnatdan qochmadi. G'alla o'rilgan paytda bug'doyni omborga, paxta terimida esa hosilni zavodga tashidi. Yugurib-elib, arava haydab yurgan kunlari yomon xabar keldi: Urush! Sobiq Ittifoq sarhadlariga fashistlar bostirib kirdi. Shum xabar odamlarni qattiq qayg'uga solib qo'ydi. Birin-ketin hammayoqni to'ldirib yurgan yigitlar, erkaklar frontga ketdilar. Ishlar, asosan, yosh-yalanglaru keksalarga qoldi. Oldinlari havas uchun yugurib-elib ishlagan qahramonimiz endi mas'uliyatni his qilib ishlardi. Endi jangga ketgan akalaru otalar uchun ham ishlashi kerakligini his qildi.
Ikkinchi jahon urushi davrida front ortida xizmat qilgan, urushdan keyin ham tiklanish davrida boshi mehnatdan chiqmagan Jo'ra Abdimurodov 1955 yilda turmush qurdi. Rafiqasi bilan birga 4 nafar o'g'il, 3 nafar qiz farzandlarni voyaga yetkazdi. Bugungi kunda farzandlari ham nafaqa yoshida bo'lib, keksalik gashtini surmoqdalar. Boboning 32 nevara, 38 chevarasi hamda 10 nafar evarasi bor.
Jo'ra bobo urush yillari, urushdan keyingi tiklanish vaqtida, tinchlik-to'kinlik zamonida ham halol mehnat qilib, barchaga o'rnak bo'ldi. Otaxon 9 may — Xotira va qadrlash kunida Mudofaa vazirligi tomonidan “Ikkinchi jahon urushidagi g'alabaning 80 yilligi” esdalik yubiley medali bilan taqdirlangan.
Fidoyi bobo hozirgi kunda Surxondaryo viloyati Sho'rchi tumanidagi “Kakan” MFY Shoto'rayev ko'chasi 43-uyda istiqomat qiladi. Mahallasi, o'zi yashab turgan hududda obro'-e'tiborga, hurmatga ega nuroniy sifatida e'zozlanib keladi.
Bugun otaxonni yo'qlab keluvchilar ko'p. Otaxon ularni duo qilar ekan, bugungi tinch va farovon kunlar uchun Yaratganga shukronalar aytib, davlatimiz rahbariga ulkan minnatdorlik bildiradi. O'z navbatida, kaftlarini nurli duolarga ochib, yurtimizda bugungidek dorilomonlik abadiy bo'lishini tilaydi.
Asolat AHMADQULOVA.