“Nuroniy” jamg'armasi respublika Boshqaruvi, O'zbekiston Mahallalari uyushmasi, Toshkent shahar “Bilim” axborot-kutubxona markazi hamda Olmazor tumanida joylashgan “Quyosh” mahallasi kutubxonasi hamkorligida o'tkazilgan ijodiy kecha o'zining serqirra faoliyati, madaniyatimiz rivojiga qo'shgan beqiyos hissasi bilan xalqimiz ardog'iga sazovor bo'lgan shoira va adiba — O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan madaniyat xodimi, “Do'stlik” ordeni, I darajali “Mehnat faxriysi” ko'krak nishoni, “Oltin qalam” Milliy mukofoti sohibasi Muqaddas Abdusamatova ijodiga bag'ishlandi.

Tadbirda Toshkent shahar “Bilim” axborot-kutubxona markazi jamoasi,   tumanlardagi axborot-kutubxona markazlari rahbarlari, Muqaddas Abdusamatovaning yaqinlari, kasbdoshlari, shogirdlari, “Nuroniy” jamg'armasi Olmazor tumani bo'limi, ma'naviyat bo'limi vakillari, “Quyosh” mahallasi kutubxonasi kitobsevarlari, mahalla faollari, taniqli yozuvchilar, shoirlar va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdilar.

Muqaddas Abdusamatova 1941 yil 28 aprelda Toshkent shahrida ziyoli oilasida tavallud topgan. Umrining ilk yillaridan boshlab, ilmga chanqoqlik, so'zga muhabbat Muqaddasxonning qalbida chuqur ildiz otdi. 1960 yili poytaxtdagi 22-o'rta maktabni muvaffaqiyatli tamomlagan qalbi orzularga to'la qiz ToshDU (hozirgi O'zbekiston Milliy universiteti)ning filologiya fakulteti jurnalistika bo'limiga o'qishga kirib, uni muvaffaqiyatli tamomladi.

Ijodkorning mehnat faoliyati 1966 yildan boshlangan. “Yosh leninchi” (hozirgi “Yoshlar ovozi”) gazetasining adabiyot va san'at bo'limida adabiy xodim sifatida ish boshlagan Muqaddas opa qariyb 30 yildan ortiq vaqt davomida ushbu bo'limning mudiri vazifasida mehnat qilib, o'zbek jurnalistikasi va adabiyoti rivojiga munosib hissa qo'shdi. Opaning rahbarligi ostida minglab ijodkor yoshlarning qalami charxlandi, ularning ijodi keng jamoatchilikka yetkazildi.

Muqaddas Abdusamatovaning badiiy ijodi  sermahsuldir. Uning qalamiga mansub “Umr lahzalari”, “Onalik baxti”, “Fazilatim — fozilaligim”, “Umr — ipga terilgan marjon”, “Shukrona”, “Saylanma”, “Ortda qolgan izlar”, “Uyg'oq tuyg'ular”, “Oila — muqaddas”, “Buncha shirinsan, hayot!” kabi qator she'riy va nasriy kitoblari chop etilib,  kitobxonlar  mehrini qozongan. Ushbu asarlar inson ruhiyatining eng nozik qirralarini, ona Vatanga muhabbat, oila muqaddasligi va insoniy fazilatlarni teran tarannum etishi bilan  ajralib turadi.

Tadbirda O'zbekiston Mahallalari uyushmasining Oila va xotin-qizlar masalalari bo'yicha bo'lim boshlig'i Gulnora Yo'lchiyeva, “Nuroniy” jamg'armasi Olmazor tumani bo'limi raisi Mirziyod Mirpo'latov, O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan jurnalist Shuhrat Jabborov, O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan madaniyat xodimi Gulchehra Umarova  so'zga chiqib, ayol — nafaqat oilaning fayzi, farzandning tarbiyachisi, balki u jamiyat ko'zgusi ekanligi, ayniqsa, Muqaddas opa kabi  ijodkor ayollar jamiyatimiz faxri, g'ururi ekanligi, ularning har bir satrida Vatan tuyg'usi, insoniy qadriyatlar tarannum etilib, satrlaridan ona yerga cheksiz sadoqat va ayollik latofati barq urib turishini  ta'kidladilar.

Muqaddas Abdusamatova e'tibor va e'tirof uchun ulkan minnatdorlik bildirib, ishtirokchilarga o'z she'rlaridan o'qib berdi va adabiyot ixlosmandlari bilan dildan suhbat qurdi. Shuningdek, yoshlar tarbiyasi, ularni kamolga yetkazish, bu jarayonda nuroniy otaxonu onaxonlarning o'ziga xos o'rniga to'xtalib,  fikrlarini hayotiy hikmatlar va o'z falsafiy qarashlari bilan izohladi. Ayniqsa, Muqaddas opaning dutor sadolari ostida ijro etgan kuy- qo'shiqlari ishtirokchilarga yanada ko'tarinki kayfiyat ulashdi.

Hafiza KARIMOVA,

Toshkent shahar “Bilim” AKM direktori,

pedagogika fanlari bo'yicha falsafa doktori.

By Behzod

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan