Yurtimizda inson qadrini ulug'lash, keksa avlod vakillarini e'zozlash, ularning ko'p yillik halol mehnati va hayot yo'lini munosib qadrlash ustuvor tamoyillardan biriga aylandi. Joriy yilning 13 iyul kuni O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Toshkent viloyati Bekobod shahriga tashrifi davomida amalga oshirilgan ezgu tashabbus ushbu g'amxo'rlikning amaldagi yaqqol isboti bo'ldi.

Tashrif chog'ida davlatimiz rahbari tomonidan “O'zmetkombinat” aksiyadorlik jamiyatining fidoyi vakili, frontorti mehnat faxriysi, 96 yoshli Hamid ota Andayevga kombinat taraqqiyotiga qo'shgan beqiyos hissasi, qariyb yarim asrlik halol va fidokorona mehnati uchun zamonaviy elektromobil sovg'a qilindi.

Bu e'tibor nafaqat bir inson mehnatiga, balki butun bir avlodga, yurt taraqqiyoti uchun sidqidildan xizmat qilayotgan insonlarga ko'rsatilgan yuksak ehtirom ramzi sifatida barchaning qalbidan chuqur joy oldi.

Hamid ota 1930 yilda qo'shni Tojikiston Respublikasining G'onchi tumani Yangiariq qishlog'ida tug'ilgan. Harbiy xizmatni ado etgach, 1955 yil 25 mart kunidan boshlab, “O'zmetkombinat” aksiyadorlik jamiyatining po'lat eritish-prokat sexida mehnat faoliyatini boshlagan.  2003 yil 10 avgustga qadar davom etgan 48 yillik mehnat faoliyati davomida u halolligi, yuksak mas'uliyati, kasbiy mahorati va mehnatsevarligi bilan minglab ishchi-xodimlarga ibrat bo'lib kelgan.

Hamid ota mehnatda qanday fidoyi bo'lgan bo'lsa, oilada ham shunday mehribon va mas'uliyatli inson sifatida ibrat ko'rsatdi. U 1957 yilda Rahimaxon aya bilan turmush qurib, to'rt o'g'il va bir qizni oq yuvib, oq tarab, el-yurtga foydasi tegadigan komil insonlar sifatida kamol toptirdi.

— Kombinatdagi bugungi o'zgarishlarni avvalgi yillar bilan qiyoslab bo'lmaydi. Men ish boshlagan davrlarda ishlab chiqarish jarayonlari butunlay boshqacha edi. O'sha vaqtlarda mazutda ishlardik, sexlardagi shovqin juda qattiq bo'lar, hatto quloqqa og'ir ta'sir qilardi. Bugun esa texnologiyalar ham, mehnat sharoitlari ham tubdan o'zgargan. Kombinat zamonaviy qiyofa kasb etganini ko'rib xursand bo'ldim, — dedi otaxon.

Bugungi kunda otaxon besh nafar farzandning mehribon otasi, 12 nafar nabira va 23 nafar evaraning ardoqli bobojoni sifatida katta va ahil oilaning fayzi bo'lib kelmoqda.

Ayni paytda Bekobod shahridagi “Qosim ota Farmonov” mahallasida istiqomat qilayotgan Hamid ota mahallaning eng yoshi ulug' va eng faol nuroniylaridan biri hisoblanadi.

Otaxon shahrimizda “Nuroniy” jamg'armasi Bekobod shahar bo'limi tomonidan o'tkazib kelinayotgan “Uch avlod uchrashuvi” tadbirlarida faol ishtirok etib,  yoshlarga o'zining boy hayotiy tajribasini ulashib kelmoqda.

Prezidentimiz tomonidan mehnat faxriysi Hamidch otaga ko'rsatilgan ayni yuksak e'tibor butun yurtimiz nuroniylari uchun ulkan e'tirof va yuksak rag'bat bo'ldi. Zero, mehnat qadrlangan, nuroniylar e'zozlangan yurtning kelajagi hamisha porloq bo'ladi.

Bekobod shahri nuroniylari Prezidentimiz tomonidan ko'rsatilayotgan mehr-e'tibor va g'amxo'rlikni yuksak qadrlab, har lahzada ushbu yuksak ishonchga munosib bo'lish, yurtimiz tinchligi, mahallalar obodligi, yosh avlodni vatanparvarlik, mehnatsevarlik, shukronalik va milliy qadriyatlarga sadoqat ruhida tarbiyalash yo'lida bor kuch va tajribalarini safarbar etishda davom etadilar.

Rano Xodjimatova,

“Nuroniy” jamg'armasi

Bekobod shahar bo'limi mutaxassisi.

By Behzod

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan