Milliy matbuot markazida «O'zarxiv» agentligi tomonidan joriy yilning birinchi yarim yilligida amalga oshirilgan ishlar yakunlari hamda arxiv sohasidagi muhim islohotlarga bag'ishlangan matbuot anjumanida ko'plab yangiliklar ochiqlandi.
Xususan, «Shajara» axborot tizimi ishga tushirilishi ma'lum qilindi. Platforma fuqarolarga o'z oilaviy shajarasini shakllantirish, ajdodlariga oid arxiv ma'lumotlarini masofadan turib izlash hamda davlat xizmatlaridan elektron shaklda foydalanish imkoniyatini yaratadi.
Tizim «FHDYoning yagona elektron arxivi», davlat va idoraviy arxivlar ma'lumotlari bazalari bilan integratsiya qilinishi barobarida, Sud-ekspertiza markazining DNK ma'lumotlari orqali etnik kelib chiqishni aniqlash xizmatidan foydalanish imkonini ham taqdim etadi.
Shu bilan birga, sohadagi eng muhim strategik yangiliklardan biri sifatida Vazirlar Mahkamasining 2026 yil 30 iyundagi tegishli qaroriga muvofiq, 2026 yil 1 avgustdan boshlab davlat organlari va tashkilotlarida arxiv ishiga oid hujjatlar faqat elektron shaklda yuritilishi tartibi joriy etiladi.
Yangi tartibga ko'ra, arxiv hujjatlarini shakllantirish, hisobga olish, saqlash va davlat arxivlariga topshirish jarayonlari bosqichma-bosqich raqamli muhitga o'tkazilib, qog'oz hujjatlar aylanmasini sezilarli qisqartirish va arxiv ma'lumotlari bilan ishlashning yagona tizimini yaratish ta'minlanadi.
Agentlik tomonidan 2026 yilning birinchi yarim yilligida amalga oshirilgan ishlar hisobotiga ko'ra, sohaviy faoliyatni tartibga soluvchi 11 ta normativ-huquqiy hujjat loyihasi ishlab chiqilgan va 72 million kadr arxiv hujjatlari raqamlashtirilgan.
Natijada bugungi kunga qadar jami 1,3 million saqlov birligi elektron shaklga o'tkazilib, Milliy arxiv fondidagi raqamlashtirilgan hujjatlar ulushi 14,3 foizga yetkazilgan.
Maxsus axborot tizimiga yarim yil davomida 1 million 158 mingdan ortiq ma'lumot, jumladan 115 ta fond, 439 ta ro'yxat va 80 ming 818 ta saqlov birligiga oid ko'rsatkichlar kiritilgan.
Davlat arxivlari fondlarini butlash va mavjud materiallarni jismoniy tiklash yo'nalishida ham tizimli ishlar olib borilgan bo'lib, saqlovga jami 156 mingdan ortiq turli toifadagi saqlov birliklari qabul qilingan hamda 348 183 saqlov birligi arxiv hujjatlarining mavjudligi tekshirilgan.
Bundan tashqari, 307 379 varaq arxiv hujjatlari ta'mirlanib, 64 580 saqlov birligi muqovalangan va zarur tartibga keltirilgan.
Shuningdek, «O'zarxiv» agentligi va uning hududiy boshqarmalari tomonidan o'tkazilgan 201 ta davlat nazorati tadbiri natijasida qonunbuzilish holatlari yuzasidan 189 ta tashkilotga majburiy taqdimnoma kiritilib, 52 nafar mas'ul shaxsga nisbatan ma'muriy choralar ko'rish uchun hujjatlar sud organlariga yuborilgan.
Ha, milliy tarixiy merosni asrab-avaylash, arxiv hujjatlarini izchil raqamlashtirish va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash borasidagi qadamlar nafaqat davlat boshqaruvi samaradorligini oshirishga, balki fuqarolarning arxiv xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlarini sifat jihatidan mutlaqo yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Ilhomjon ABDUSALOMOV,
Sanjarbek ABDULXAYEV (foto)
Toshkent




