Bolaligimdan onam bizga bobom haqida ko'p gapirib berardi. To'g'risi, u paytlar buni oddiy oilaviy hikoya deb eshitardim. Lekin yaqinda ular sarg'aygan qog'ozga yozib qoldirgan xotiralarini o'qib chiqdim-u, tasavvurim tamomila o'zgardi.
Ko'z o'ngimda og'ir mehnatdan diydasi qotgan, urushning eng qora kunlarini ko'rgan haqiqiy inson taqdiri turardi. Bobom urushda asir tushgan. Qozog'istonning Jezqazg'an konlarida, yer tubida, qop-qorong'u va sovuqda azob chekkan.
Ochlik, og'ir jismoniy mehnat va tinkani quritadigan ayoz odamlarni tirik murdaga aylantiradi. Bobom xotiralarida bir voqeani yozib qoldiribdi:
«Konda ishlayotganimizda bir mahbus holdan toyib yiqildi. Nazoratchilar esa unga rahm qilish o'rniga, baqirib, tepkilay boshlashdi. O'zim ham zo'rg'a oyoqda turgan bo'lsam-da, chidab tura olmadim. Borib, uni yelkamdan suyab, o'rnidan turg'izdim…»
Oradan yillar o'tib, taqdir ularni yana uchrashtirganida, o'sha inson yig'lab: «Siz o'sha kuni meni faqat yiqilishdan emas, o'limdan, umidsizlikdan asrab qolgandingiz», degan ekan. Bobom esa buni hech qachon qahramonlik deb hisoblamagan, shunchaki insoniylik deb bilgan.
Meni hayratga solgan narsa — shuncha achchiq azob, ochlik va qiynoqlarni ko'rgan odam qanday qilib qalbini toshga aylantirmasdan, mehrli bo'lib qola olgani. Urush odamlarning uyi, sog'lig'i va yaqinlari, xotiralarini tortib oladi. Lekin bobomning ichki kuchi, odamiyligini yenga olmadi.
O'sha dahshatlardan keyin ham u kishi uyiga qaytib, tikonzordan bog' yaratdi, odamlarga faqat yaxshilik ulashdi. Bugun tinch hayotda yashab, ba'zan arzimagan muammolardan nolib qolamiz. Shunda bobomning xotiralari ko'z oldimga keladi.
O'zimga savol beraman: men u kishining o'rnida bo'lsam, shuncha sinovga chidarmidim? Sinmasdan, odamlarga mehr bilan qaray olarmidim? Balki bu savollarga hozir javobim yo'qdir. Lekin bir narsani aniq bilaman: men umr bo'yi bobomdek qat'iyatli va samimiy inson bo'lishga intilaman.
Bizga mana shunday yashab o'tilgan ibratli umr eng katta saboq bo'la oladi. Qo'llarim duoga ochilganda, Yaratgandan faqat bir narsani so'rayman: bobomning oxiratlari obod bo'lsin, joylarini jannatdan qilsin. Bizga esa ularning nomiga va qoldirgan pok xotirasiga munosib avlod bo'lish nasib etsin.
Rayhon OBLOQULOVA,
O'zbekiston Milliy universiteti 1-bosqich talabasi