Ayrimlar uyqusizlikdan, ya'ni kechqurun uyquga ketish jarayonining qiyinligidan, tunda tez-tez uyg'onib ketishi hamda keyin uxlay olmasligidan shikoyat qiladi. Uyqusizlik — tibbiyotda insomniya deb ataladi va inson organizmida doimiy charchoqni keltirib chiqarish bilan bir qatorda, kunduzgi ishlash qobiliyatining pasayishi va kognitiv funksiyalarning susayishiga olib keladi.
Kasallikning rivojlanishiga, asosan, psixoemotsional zo'riqishlar, ijtimoiy va moliyaviy omillar ta'sirida yuzaga keladigan surunkali stress, depressiv holatlar hamda somatik kasalliklardan bronxial astma, yurak yetishmovchiligi kabi xastaliklar sabab bo'ladi. Shuningdek, ayrim toifadagi dori vositalarini shifokor nazoratisiz noto'g'ri dozalarda qabul qilish, kofein, nikotin va spirtli ichimliklarni ko'p iste'mol qilish ham insomniyaga zamin yaratadi.
Zamonaviy tadqiqotlar shuni ko'rsatadiki, uxlashdan oldin raqamli qurilmalardan foydalanish va ularning ekranidan taraladigan ko'k nur ta'siri organizmda tabiiy uyqu gormonlari ishlab chiqarilishini bloklab, sirkad maromlarning buzilishiga sabab bo'lmoqda. Tibbiyot amaliyotida uyqusizlik davri va sabablariga ko'ra, bir nechta turlarga tasniflanadi. Bir necha kundan bir necha haftagacha davom etadigan uyqusizlik o'tkir insomniya deb atalsa, uch oy va undan ortiq muddat davom etadigan shakli surunkali insomniya sifatida baholanadi.
Uyqusizlikni davolash va uning oldini olishda, birinchi navbatda, uyqu gigienasi qoidalariga qat'iy rioya etish talab qilinadi. Bunda bemorlardan har kuni bir xil vaqtda uxlash va uyg'onish rejimini shakllantirish, kechki payt tarkibida kofein bo'lgan mahsulotlar va og'ir taomlarni iste'mol qilmaslik, yotoqxonada sokin va qorong'i muhitni ta'minlash talab etiladi. Shu bilan birga, karavotdan faqat uyqu maqsadida foydalanish hamda uxlashdan kamida bir soat oldin raqamli vositalarni cheklash lozim.
Klinik davolash jarayonida xalqaro standartlarga muvofiq, uyquning kognitiv-xulq-atvor terapiyasi eng samarali usul hisoblanib, u bemorda uyqu oldidan yuzaga keladigan salbiy xayollarni bartaraf etishga xizmat qiladi. Medikamentoz davolashda esa melatonin va sedativ preparatlar faqat va faqat mutaxassis shifokor nazorati ostida tayinlanishi shart. Uyqusizlik kasalligiga o'z vaqtida e'tibor qaratmaslik va uni davolamaslik inson organizmida og'ir tibbiy asoratlarni keltirib chiqaradi.
Surunkali uyqusizlik oqibatida immun tizimi zaiflashib, organizmning yuqumli kasalliklarga qarshi kurashuvchanligi pasayadi, ruhiyatda depressiya xavfi ortadi va qon bosimining ko'tarilishi natijasida yurak-qon tomir tizimi patologiyalari rivojlanadi.
Ta'kidlash kerakki, uyqusizlik tizimli davolanishi shart bo'lgan klinik holat bo'lib, kasallik surunkali tus olganda organizmdagi salbiy o'zgarishlarning oldini olish maqsadida zudlik bilan nevropatolog shifokor ko'rigidan o'tish muhimdir.
Zahro AMONOVA,
Samarqand davlat tibbiyot universiteti
nevrologiya kafedrasi dotsenti.