Mamlakatimizda uzoq yillar el-yurt ravnaqi yo'lida xizmat qilgan yoshi ulug'larni qadrlash, ularga hurmat va ehtirom ko'rsatish, salomatligini mustahkamlash davlat siyosati darajasiga ko'tarildi. Bugungi kunda respublikamizdagi barcha mehnat jamoalarida faxriylarni ardoqlash, ularga g'amxo'rlik qilish, holidan xabar olish, ibratli hayot yo'llarini yoshlarga namuna qilib ko'rsatish ezgu an'anaga aylanib boryapti.

Poytaxtimizdagi O'zbekiston Kasaba uyushmalari saroyida O'zbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qo'llab-quvvatlash “Nuroniy” jamg'armasi Vasiylik Kengashi qarori bilan Yangi O'zbekistonimiz taraqqiyoti, yurtimiz ravnaqi, jamiyatimiz rivoji yo'lida uzoq yillar samarali mehnat qilgan va hozir ham jamoatchilik ishlarida, mahallalarda ijtimoiy-ma'naviy muhit barqarorligini ta'minlash, yoshlarni qadriyatlarimizga hurmat va vatanparvarlik ruhida tarbiyalash yo'lida namuna bo'layotgan yurtdoshlarimizning bir guruhiga “Mehnat faxriysi” ko'krak nishonini tantanali topshirish marosimi bo'lib o'tdi.

Ma'lumki, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning negizida inson qadrini ulug'lash, aql-zakovati, bilimi va tajribasini oshirib borish, o'zining intellektual salohiyatini  yuzaga chiqarishi uchun barcha imkoniyatlarni yaratib berish g'oyasi mujassam. Ayni zamonda boy hayotiy tajribaga ega bo'lgan mehnat faxriylarining ijtimoiy-siyosiy faolligini yanada oshirish, moddiy va ma'naviy rag'batlantirish, ularning salohiyatidan jamiyatimiz rivoji yo'lida  foydalanishga katta e'tibor qaratilyapti.

Nuroniylarning jamiyat hayotidagi faol ishtirokini yanada kengaytirish, shuningdek, bo'sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirishga qaratilgan keng ko'lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Natijada jamiyatimizning barcha sohalari, ayniqsa, yoshlar tarbiyasi, mahallalar va oilalarda ijtimoiy-ma'naviy muhitni sog'lomlashtirish, hamjihatlik, ahillik va totuvlikni asrashda faol, jonkuyar, piru badavlat otaxonu onaxonlar, fayzli nuroniylar va buvijonlarning ishtiroki kengayib bormoqda. Prezidentimiz tashabbusi bilan “Mehnat faxriysi” ko'krak nishonining ta'sis etilishi jamiyatimizning faxri, iftixori bo'lgan nuroniylarning ruhiyatiga  yangidan-yangi kuch-qudrat bag'ishlab, yanada g'ayrat-shijoat bilan ishlashga ilhomlantirmoqda.

Bu yilgi “Mehnat faxriysi” ko'krak nishoniga tavsiya etilgan har bir nomzodning ijtimoiy-siyosiy va jamoatchilik faoliyati nomzodlarni o'rganish  komissiyasi a'zolari tomonidan xolislik, shaffoflik va adolat mezonlari asosida ko'rib chiqildi.

Joriy yilda mamlakatimiz bo'ylab 1 ming 16 nafar nuroniy ushbu mukofot sohibi bo'ldi. Prezidentimizning 2016 yil 28 dekabrdagi “O'zbekiston faxriylarini ijtimoiy faoliyatini qo'llab-quvvatlash “Nuroniy” jamg'armasi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi farmoni  va undan so'ng qabul qilingan qarori bilan keksalarni ijtimoiy qo'llab-quvvatlash tizimi bugun yuqori bosqichga ko'tarildi.

Shu munosabat bilan nuroniylarning jamiyat hayotidagi faol ishtirokini kengaytirish, bo'sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, ijtimoiy-siyosiy faolligini yanada oshirishga oid tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Faxriylarning muammolari manzilli o'rganilib, ularni bartaraf etish, keksa avlod vakillarining boy hayotiy tajribasidan oilalar va mahallalardagi ijtimoiy-ma'naviy muhitni barqarorlashtirishda keng foydalanish, ularning islohotlar jarayonida faol ishtirok etishini ta'minlashga e'tibor yanada kuchaytirilmoqda.

O'zbekiston Kasaba uyushmalari saroyining bayramona ruhda  bezatilgan foyesida joriy yilda ushbu ko'krak nishoniga sazovor bo'lgan faxriylarni o'zbek milliy cholg'u asboblari orkestri guruhi kuy-navolar bilan kutib olishdi. Mehmonlar shu yerda tashkil etilgan taniqli rassomlar va hunarmandlar ko'rgazmasi bilan tanishdilar. Tantanali taqdirlash marosimiga yig'ilganlar uchun sahna markaziga o'rnatilgan ulkan monitorda Prezidentimizning nuroniylar bilan uchrashuvi chog'ida olingan lavhalar, faxriylarning ijtimoiy faoliyatiga oid turli videoroliklar namoyish qilindi.

Marosimni Bosh vazir o'rinbosari, Oila va xotin-qizlar qo'mitasi raisi Zulayho Mahkamova kirish so'zi bilan ochib, yuz-ko'zidan nur yog'ilib turgan, chehrasi bugungi kun shukronasidan quyoshdek porlayotgan nuroniylarni muborakbod etdi va yurtimizda ularga davlat va jamiyat tomonidan g'amxo'rlik ko'rsatish, ijtimoiy himoya qilish, moddiy va ma'naviy qo'llab-quvvatlash, ularning jamiyat hayotidagi faol ishtirokini ta'minlash, ham hayotiy, ham kasbiy tajribaga ega otaxon va onaxonlarning ko'p yillik xizmatlarini munosib taqdirlash borasida amalga oshirilayotgan ezgu ishlar kun sayin quloch yozayotgani, mamlakatimizda nuroniylarni e'zozlash, ularga hurmat-ehtirom ko'rsatish, salomatligini asrash, umrini uzaytirish yo'lida olib borilayotgan ezgu sa'y-harakatlarni  alohida e'tirof etdi.

Tantanali tadbirda,  shuningdek, “Nuroniy” jamg'armasi respublika Boshqaruvi raisi, “Nuroniy” jamg'armasi Vasiylik kengashi raisi o'rinbosari, O'zbekiston Qahramoni, senator Sodiqjon Turdiyev, Oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo'ng'irotboy Sharipov ham so'zga chiqib, mamlakatimizda keksalarni e'zozlash, ularga izzat-ikrom ko'rsatish yangilanish jarayonlarida ustuvor ahamiyatga ega ekanini alohida ta'kidladilar.

— Uzoq yillar davomida yurt taraqqiyoti uchun xizmat qilgan, endilikda boy mehnat tajribasi, hayotiy hikmatlari bilan jamiyat ravnaqiga hissa qo'shayotgan insonlarning “Mehnat faxriysi” ko'krak nishoni bilan taqdirlanishi mamlakatimizda nuroniylarimizga bo'lgan yuksak ehtiromning yaqqol namunasidir, — dedi  “Nuroniy” jamg'armasi respublika Boshqaruvi raisi, O'zbekiston Qahramoni, senator Sodiqjon Turdiyev. — Muhtaram Prezidentimizning e'tibor va g'amxo'rligi tufayli so'nggi 10 yil barcha sohalarda bo'lgani kabi nuroniylar hayotida ham tub burilish va o'zgarishlar, yangilanishlar davri sifatida tarixga kirdi. Ayniqsa, nuroniylarga qaratilayotgan  e'tibor kun sayin ortib bormoqda. Bu e'tibor va g'amxo'rlikdan kuch olgan nuroniylar ham bugun jamiyatimiz hayotida faol ishtirok etib, mahallalarning chin ma'nodagi ma'naviy ustunlariga aylanishmoqda.

Shundan so'ng Bosh vazir o'rinbosari, Oila va xotin-qizlar qo'mitasi raisi Zulayho Mahkamova, Vazirlar Mahkamasining “Mahalla yettiligi”, yoshlar siyosati va ma'naviyat masalalari departamenti rahbari Fayzulla Qosimov, “Nuroniy” jamg'armasi respublika Boshqaruvi raisi, “Nuroniy” jamg'armasi Vasiylik kengashi raisi o'rinbosari, O'zbekiston Qahramoni, senator Sodiqjon Turdiyev,  Oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo'ng'irotboy Sharipov tomonidan Prezident Administratsiyasi, Oliy Majlis Senati, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, Prezident Adminstratsiyasi huzuridagi Tibbiyot bosh boshqarmasi,  Adliya vazirligi vakillari, Bosh prokuratura, Prezident huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi tizimidagi faxriy xodimlardan bir guruhiga “Mehnati faxriysi” ko'krak nishoni tantanali topshirildi.

Shuningdek, taqdirlash marosimida Kasaba uyushmalari federatsiyasining mehnat inspeksiyasi boshlig'i Qobiljon Qirg'izaliyev, Mahallalar uyushmasi raisi maslahatchisi Hotamjon Ketmonov, O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan jurnalist, O'zbekiston Milliy axborot agentligi Bosh direktori,  senator Abdusaid Ko'chimov, “Nuroniy” jamg'armasi respublika Boshqaruvi raisining birinchi o'rinbosari Sharof Ubaydullayevlar ishtirok etib, “Mehnat faxriysi” ko'krak nishonini o'z egalariga topshirishdi.

— Muhtaram Prezidentimiz alohida ta'kidlab  o'tganlaridek, barcha islohotlarimizning ruhi va mazmuniga “Inson qadri uchun, el-yurt baxti uchun!” degan ezgu g'oya chuqur kirib boryapti, — dedi taqdirlash marosimida so'zga chiqqan “Nuroniy” jamg'armasi respublika Boshqaruvi raisining birinchi o'rinbosari Sharof Ubaydullayev. —  Prezidentimizning tashabbuslari bilan so'nggi yillarda keksa avlod vakillarini davlat tomonidan qo'llab-quvvatlashni kuchaytirish, ularga ijtimoiy xizmatlar ko'rsatish tizimini yaxshilash, qo'shimcha imtiyozlar yaratish borasida kompleks chora-tadbirlar amalga oshirildi. Ayniqsa, nuroniylarning “Mehnat faxriysi”  ko'krak nishoni bilan taqdirlanayotgani ularga davlatimiz tomonidan ko'rsatilayotgan e'zoz-e'tiborning amaliy namunasi bo'lmoqda.

Ta'kidlanganidek, joriy yilda mamlakatimiz bo'ylab  “Mehnat faxriysi” ko'krak nishoni bilan taqdirlanganlar orasida  bugun yuz  yoshdan oshgan nuroniylar —  kosonlik xalq ta'limi faxriysi Egamshukur Abdiyev, mahalla faxriysi Bekyaz Ibadullayev (98 yosh, Xiva tumani), O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan sport murabbiysi Yevgeniy  Valiskiy (97 yosh, Toshkent shahri),  to'qson besh yoshdan oshgan ardoqli otaxon — qishloq xo'jaligi faxriysi Kamol Qo'chqorov (Furqat tumani), to'qson yoshdan oshgan e'zozli nuroniylar   — quvalik qishloq xo'jaligi faxriysi Usmon Qurbonov,  piskentlik xalq ta'limi faxriysi  Muhitdin Ergashev, quvasoylik mahalla faxriysi G'anijon Yuldashev, sardobalik  xalq ta'limi a'lochisi Taniqul Qarshiboyev, shahrixonlik mehnat faxriysi Adiljon Mirzayev,  samarqandlik xalq ta'limi a'lochisi Vahob Muratov, xalq ta'limi faxriysi Chori Qo'ng'urov (Kattaqo'rg'on tumani), xalq ta'limi faxriysi  Marat Bineev  ( Jizzax viloyati), O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan quruvchi Bashrulla Muhitdinov (Toshkent shahri),  to'qson yoshni qarshilayotganlar —  shofirkonlik sog'liqni saqlash a'lochisi Rahmonberdi Boboqulov,  qamashilik  qishloq xo'jaligi faxriysi Eshquvvat Shukurov, Qoraqalpog'istonda xizmat ko'rsatgan madaniyat xodimi   Yuriy Kulakov  (Nukus shahri) ham bor. Chehrasidan nur yog'ilib turadigan bu faxriylarimiz o'zlarining ko'p yillik boy  hayotiy va kasbiy tajribasini yoshlarga  hormay-tolmay o'rgatib kelmoqda. Shuningdek, Navoiy kon-metallurgiya kombinati faxriysi Farxat Soyibov (Zarafshon shahri), Respublikada xizmat ko'rsatgan sog'liqni saqlash xodimi, tibbiyot  fanlari doktori, akademik Ravshanbek Qurbonov (Toshkent shahri)  singari  O'zbekiston Qahramonlari, Hamrotosh Shodiyeva kabi davlat va jamoat arboblari bor.

Shuningdek,  Oliy Majlis Senati  a'zosi Sayyora  Abdikarimova,  Oliy Majlis Qonunchilik palatasi faollari  — Robaxon Mahmudova, To'lqin Eshnazarov  kabi davlat va jamoat arboblari,  O'zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining haqiqiy a'zolari — texnika fanlari doktori Husan Igamberdiyev, fizika-matematika fanlari doktori  Abdug'afur Mamadalimov, iqtisod fanlari doktori Nurislom To'xliyev,  tibbiyot fanlari doktori Anis Alyavi, texnika fanlari doktori Mirziyod Mirsaidov kabi respublikamiz ilm-fan taraqqiyotiga salmoqli  ulush qo'shib kelayotgan taniqli olimlar ham “Mehnat faxriysi” ko'krak nishoni bilan taqdirlanishdi.

Ushbu faxrli nishonga sazovor bo'lganlar orasida  Oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tizimidagi faollardan — falsafa fanlari doktorlari — Sharabidin Alimov, Alijon Mamajonov,  Sher Xonkeldiyev, filologiya fanlari doktorlari — Ramazon Bobokalonov, Muhammad Fayzullayev, Faridaxon Karimova, Rahima Alimova, Ulpatxon Muhibova, Do'stmamat Qulmamatov, Anna Sheremetova,  Zaribboy Do'simov, Otanazar Cho'ponov; texnika fanlari doktorlari — Sattor Aliqulov, Abbos Xodjayev, Rustam Muradov,  Abdijalil  Polvonov, Sattor Aliqulov; fizika-matematika fanlari doktori  Abdujabbor Rasulov,  kimyo fanlari doktori Nurali Muhamedov, iqtisod fanlari doktori Toshbolta Jo'rayev, geologiya-minerologiya fanlari doktori Xojiakbar To'ychiyev,biologiya fanlari doktori Inobat Shirinova, pedagogika fanlari doktori O'g'iloy Sultonova; transport vazirligidan texnika fanlari doktori — Abdurashid Abduqayumov, falsafa  fanlari doktori Alimjon Mahkamov, Guliston davlat universiteti dotsenti, tarix fanlari nomzodi O'g'iloy Erbo'tayeva, shuningdek, To'xta Bozorov, Muhabbat Kimsanova, G'ulamboy Sabirov, Ravshanbek Samarbekov, Qolandar Sultanov, Hayitmat Tashmetov,  Qodir Mavlanov, Shavkat Safarboyev kabi O'zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi tizimida mehnat qilayotgan faxriylar bor.

Mamlakatimizda qonun ustuvorligi ta'minlanishiga barakali hissa qo'shib kelayotgan qonun-himoya organlari, sud va adliya tizimi vakillaridan O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan yurist, general-mayor Shuhrat Uzaqov,  IIV Faxriylar Kengashi raisining o'rinbosari, iste'fodagi polkovnik, yuridik fanlari doktori Abdug'afur Sattorov,  O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan yurist Ilhom Achilov, Eshmurod Jo'rayev, Shuhrat Aberkulov kabi prokuratura tizimi faxriylari, O'zbekiston sud tizimi faxriylarini ijtimoiy qo'llab-quvvatlash jamoatchilik markazidan — yuridik fanlari doktori, professor Ayub Muhammadiyev, Aknur Bazarboyeva, Fayzulla Abduazimov,  Gulnora Tulashova, Mudofaa vazirligidan  iste'fodagi polkovniklar — Shavkat Babayev, Gulmurat Xushvaqtov,  iste'fodagi podpolkovniklar — Shavkatjon Sobirov,  Ne'matjon Tulibevlar ana shu yuksak mukofotga sazovor  bo'lishdi.

O'zbekiston Mahallalari uyushmasidan  Tengelbay Allaniyazov (Nukus shahri),  Jalil Kenjayev (Do'stlik tumani), Zulhaydar Kuliyev (Mirzaobod tumani), Negmurod Farmonov (Navoiy viloyati), Juzimgul Abdurasulova (Chimboy tumani),  Ilhom Mirzayev (Samarqand tumani),  Hasan Xudoyberdiyev (Guliston tumani), Saidumarxon Temirov (Qo'shtepa tumani), Naima Jo'rayeva (Toshkent shahri) kabi mahalla faollari ham “Mehnat faxriysi” ko'krak nishoni bilan taqdirlandilar. Mukofotlanganlar orasida O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan madaniyat xodimi Abdulxay Nosirov, Nurali Qobul, Karim Bahriyev, Mirzapo'lat Toshpo'latov, Oygul Suyundikova, Turob Niyozov kabi yozuvchilar; O'ktam Mirzayorov, Gulnora Bobojonova, Zarip Ibragimov, Valentina Marsenyak, Ismail Mitalov, Abdujalol Qayumov, Jovli Xushbakov kabi jurnalistlar ham bor.

Faxrli nishon sohiblari orasidan xalq xo'jaligining turli sohalarida fidokorona mehnat qilib kelayotgan respublikada xizmat ko'rsatgan mehnat faxriylari ham o'rin olgan. Chunonchi, O'zbekiston san'at arbobi Akbar Rahimov, O'zbekiston xalq ustasi  Sirojiddin Rahmatullayev,  O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan quruvchi Sayibnazar Bekchanov (Xiva shahri),  O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan sport murabbiylari — Zinaida Bondarenko, Maxira Qadirova,  O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan sport ustozi Raziya Yakubova,  O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan yoshlar murabbiylari — nukuslik Begdulla Sultanov, Oygul  Xodjiyeva, (Toshloq tumani),  Israil Djo'rayev (Shofirkon tumani), O'zbekiston xalq o'qituvchisi  Saodatoy Mamadaliyeva (Buvayda tumani), ellikqal'alik  O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan madaniyat xodimi Yangiboy Qo'chqorov,  Qoraqalpog'istonda xizmat ko'rsatgan qishloq xo'jaligi xodimlari — Bazarboy Allanov (Qonliko'l tumani),  Ismoil Duysenbayev (Amudaryo tumani),   Abatboy Saparimbetov (Nukus shahri), Qoraqalpog'istonda xizmat ko'rsatgan madaniyat xodimi Xonimjon Rajabova (Amudaryo tumani), Qoraqalpog'istonda xizmat ko'satgan sog'liqni saqlash xodimi Kaniyaz Aytekovlar (Taxtako'pir tumani) ham bor. O'zbekiston “VETERAN” jangchi-faxriy va nogironlari birlashmasi tizimida faoliyat yuritib kelayotgan nuroniylardan — Sodiq Ro'ziyev, G'afur Adashev, Davlat Nishonov, Rustamboy Boltayev,  Zokir Kenjayev, Mirobid Mirsoatov,  Vera Raupova,  Abdulla Abduqodirovlar  ham ushbu mukofot sohibiga aylanishdi.

Muhtaram Prezidentimizning 2017 yil 14 iyuldagi Mehnat faxriysiko'krak nishonini ta'sis etish to'g'risida”gi qarori asosida bugunga kelib, ushbu mukofot sohibi bo'lgan nuroniylarimiz safi 9 ming nafarga yaqinlashdi. Albatta, davlatimizda turli mukofot va ko'krak nishonlari ko'p, lekin “Mehnat faxriysi” ko'krak nishoni aziz va qadrli ekanligini alohida qayd etib o'tishni istardik. Ayniqsa, muayyan ism-sharif qayd etilgan: “Bu yerda “Mehnat faxriysi” ko'krak nishoni bilan taqdirlangan fuqaro… istiqomat qiladi” degan yozuvli taxtachani ko'rganda, har bir kishining ko'nglida beixtiyor havas,  g'urur hissi uyg'onadi. Aynan shu tufayli “Mehnat faxriysi” ko'krak nishoni bilan taqdirlangan  faxriylarimiz o'z mahallasidagi yoshlar uchun ibrat timsoli bo'lmoqdalar.

Darhaqiqat, bugun yurtimizda  “Inson qadri uchun, el-yurt baxti uchun!” degan ezgu g'oya ostida jamiyatimizning barcha jabhalarida amalga oshirilayotgan oqilona islohotlar amalda o'z samarasini berib, xalqimiz taraqqiyot va farovonlik yo'lidan sobitqadamlik bilan bormoqda. Ayni jarayonda yurtimizning ma'naviy xazinasi hisoblangan keksalarning o'rni va roli yanada ortmoqda. Bugun joylarda nuroniylarning bevosita ishtirokida amalga oshirilayotgan qator tashabbuslar natijasida ko'plab oilalar kambag'allikdan chiqarilmoqda, aholini qiynab kelayotgan muammolar o'z yechimini topmoqda, yoshlar kasb-hunarga o'qitilib, ularning bandligi ta'minlanmoqda. Bu ishlarda nuroniylarning faolligini alohida ta'kidlash o'rinli.

Taqdirlash marosimida mamlakatimizning taniqli san'atkorlari, O'zbekiston xalq artistlari —  Abdulaxat Abdurashidov, Naima Po'latova, Yodgor Sa'diyev, Nasiba Abdullayeva ham “Mehnat faxriysi” ko'krak nishoni bilan taqdirlanishdi.

Taniqli san'atkorlar kuylagan dilrabo qo'shiqlar, sozandalar tomonidan ijro etilgan dilbar kuy-navolar, bir-biridan go'zal raqslar tadbirga yanada fayz bag'ishlab, ishtirokchi otaxonu onaxonlar qalbiga zavqu shavq ulashdi. Ayni mukofot Yangi O'zbekistonimizning ardoqli nuroniylariga mamlakatimizning porloq kelajagi yo'lidagi fidoyi mehnatlari, tashabbuskorligi, yoshlarni tarbiyalash borasidagi ishlarida  yangi ilhom, kuch-quvvat va g'ayrat-shijoat bag'ishlaydi, deb ishonamiz.

O'z navbatida, “Mehnat faxriysi” ko'krak nishoni bilan taqdirlangan barcha faxriylarimizni yana bir bor tabriklaymiz!

Hamroxon MUSURMONOVA

tayyorladi.

Bahodir VALIYEV

olgan suratlar.

By Behzod

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan