Xalqimizda “Yaxshi niyat – yorti mol” degan dono naql bor. Bolaligimdan, ya'ni 6-sinflik paytimdan o'z oldimga “professor” bo'laman, deya maqsad qo'ygan edim.
Yillar o'tib ulg'aydim. O'z maqsadimga erishish yo'lida astoydil harakat qildim. O'qidim, izlandim, o'ziga xos natijalarga erishdim. Intilishlarim va erishgan natijalarim asosida o'zim uchun 4 qoidani ishlab chiqdim va unga hamisha amal qildim. Ishonch bilan aytamanki, bu qoida menga ulkan muvaffaqiyatlarga erishishimda asosiy vosita sifatida xizmat qildi. Yaratganga shukr, “professor”lik bilan birga, akademik ham bo'ldim. Bugun o'sha qoidani yoshlarimizga qayta-qayta uqtiraman.
Biz ham faol nuroniylar safida “Uch avlod uchrashuvi”, “Faxriylar — faxrimiz” kabi ma'naviy-ma'rifiy kechalar, ilm-fan sirlarini o'rganish, kitobxonlikka bag'ishlangan tadbirlarda ishtirok etamiz. Ana shunday vaqtlarda men o'rta, ayniqsa, yosh avlod vakillariga o'zim amal qilgan 4 qoidani shior qilib olishlari lozimligini eslataman. Birinchisi, maqsadni yuqori qo'yish kerak. Ikkinchisi, ota-ona roziligiga erishish g'oyat muhim. Uchinchisi, ustozlarni rozi qilish, ularga nisbatan shogirdlik maqomini chin dildan joyiga qo'yish. To'rtinchisi, muntazam mehnat qilish, o'z ustida ishlash, o'qib-o'rganish, o'rganganlarini amalda qo'llash kerak.
Mukofot zimmamga yana bir karra ishonch va mas'uliyat yuklaydi. Millatimiz kelajagi bo'lgan yoshlar bilan ishlashda yanada jonkuyar, faol va fidoyi bo'lishga undaydi. E'tibor va e'tirof uchun davlatimiz va hukumatimiz rahbariyatiga ulkan minnatdorlik izhor etaman.
Abdug'afur MAMADALIMOV,
fizika-matematika fanlari doktori, professor, akademik,
O'zMU huzuridagi Yarim o'tkazgichlar fizikasi va mikroelektronika ilmiy-tadqiqot instituti laboratoriya mudiri,
I darajali “Mehnat faxriysi” ko'krak nishoni sohibi.