“Mehnat qilgan — elda aziz” deb bejiz aytmas ekan. Kasaba uyushmalari saroyida o'tkazilgan tantanali tadbirda “Mehnat faxriysi” ko'krak nishoni bilan taqdirlangan yurtdoshlarimizning quvonchiga sherik bo'ldik. Ular o'zlarining fidokorona mehnati, jamiyat taraqqiyoti va yoshlar tarbiyasi yo'lidagi yuksak mas'uliyati bilan el-yurt o'rtasida haqli ravishda obro'-e'tibor qozonib kelmoqdalar. Zotan, mukofotlanganlarning kasb-kori, sohasi turlicha bo'lsa-da, maqsad va niyatlari yagona — Vatan ravnaqiga hissa qo'shish. Ular orasida olimlar, ijodkorlar, san'at va davlat arboblari bor.
Quvonarlisi, mana shunday fidoyi ziyolilar, O'zbekiston Fanlar akademiyasi akademiklari, Yozuvchilar va Jurnalistlar uyushmalari faollari, vazirlik va qo'mita vakillari, oliy ta'lim professorlari hamda xalq artistlari safida menga ham ushbu yuksak mukofot topshirilganidan boshim ko'kka yetdi. Yunusobod tumanidagi 274-sonli umumta'lim maktabida 43 yildan buyon ona tili va adabiyot fanidan dars berib kelaman. Mazkur yutuq esa menga doimo yelkadosh bo'lgan pedagogik jamoamiz, zukko, izlanuvchan o'quvchilarimning yutug'idir. Bugun maktabimizda ta'lim-tarbiya jarayonlarini uzviy tashkil etish, zamon talablariga mos bilim berish uchun barcha sharoitlar yaratilgan: sinf xonalari elektron doskalar, kompyuterlar va zamonaviy laboratoriya jihozlari bilan ta'minlangan.
Ko'p yillik tajribaga ega, o'z kasbining fidoyisi bo'lgan nuroniy ustozlarimiz juda ko'p. O'ylaymanki, ularning har biri mana shunday yuksak e'tirofga munosib. Marosimda bir haqiqatni yanada chuqur angladim: inson uchun eng katta baxt — halol mehnatining shirin mevasini ko'rish va e'zozlanishi ekan. Shak-shubha yo'qki, nuroniylari qadr topgan, ustozlari ulug'langan yurtning kelajagi doimo porloq bo'ladi.
Mahmuda VALIYEVA,
Poytaxtimizning Yunusobod tumanidagi 274-maktab o'qituvchisi,
“Sog'lom avlod uchun” ordeni sohibasi.