Mamlakatimiz Mustaqilligining 35 yillik tantanalariga qizg'in hozirlik ko'rilayotgan shu qutlug' kunlarda qariyb yarim asrlik hayot va mehnat yo'limni ko'z oldimdan o'tkazib, chuqur xayolga toldim.

Mustaqillikdan avval maktabda o'qituvchi, tuman partiya qo'mitasida mutaxassis, qishloq kengashi (soveti)da rais lavozimlarida ishladim. Ortga nazar tashlab, o'sha davr bilan bugungi dorilomon kunlarni qiyoslasam, yurtimizda qanday buyuk o'zgarishlar va yutuqlar yuz berganiga yana bir bor amin bo'laman. Istiqlol yillarida 27 yil davomida mahalla tizimida faoliyat yuritdim. To'g'risini aytish kerak, dastlabki yillarda aholi farovonligini yuksaltirish, infratuzilmani yaxshilash, oilalar tinchligini ta'minlash va yoshlarni mustaqil hayotga tayyorlash ishlari tizimli yo'lga qo'yilmagani sababli katta qiyinchiliklar bilan amalga oshirilardi.

Sobiq tuzum davrida 22 ming aholi istiqomat qiladigan Oxunboboyev nomli qishloq kengashida atigi 3 ta ish o'rni mavjud edi, xolos. Vazifa va mas'uliyat esa haddan tashqari ko'p edi. O'sha paytdagi Jizzax (hozirgi Sharof Rashidov) tumanidagi 13 ta qishloq kengashi hududdagi barcha sohalarga javobgar edi. Paxta va g'alla rejasi, aholidan sut va go'sht yig'ish, majburiy soliqlar, iqtisodiy-ijtimoiy masalalar, hatto hududni suv, gaz, elektr bilan ta'minlash, harbiy va huquqiy sohalar ham mana shu uch nafar xodimning yelkasida edi. Xodimlarni moddiy yoki ma'naviy rag'batlantirish haqida gap ham bo'lishi mumkin emasdi, lekin talab va mas'uliyat qattiq edi. Nikohni qayd etish, tug'ilganlik haqida guvohnoma berish, pasport rejimi, aholi salomatligi — xulosa qilib aytganda, inson hayoti bilan bog'liq barcha jarayonlar shu kichik jamoa zimmasida edi. Tabiiyki, bunday sharoitda aholining real ehtiyojlarini qondirish, turmush darajasini yuksaltirish imkonsiz. Bu ham yetmaganidek, davlat idoralarida ona tilimizda hujjat yuritish ta'qiqlangan edi.

Yurtimizda hurriyat shabadasi esa boshladi. 1989 yilda “Davlat tili to'g'risida”gi Qonunning qabul qilinishi bilan ish yuritish o'zbek tiliga o'tdi. 1991 yilda qo'lga kiritilgan mustaqillik tufayli milliy qadriyatlarimiz, urf-odatlarimiz tiklandi.

So'nggi o'n yilda esa inson qadrini yuksaltirish yo'lida juda katta islohotlar amalga oshirildi. Oila instituti va farzand tarbiyasiga bo'lgan e'tibor davlat siyosati darajasiga ko'tarildi. Fuqarolarning huquq va erkinliklari, har bir insonning baxtli va farovon hayot kechirish huquqlari Yangi tahrirdagi Bosh qomusimiz orqali qat'iy kafolatlandi.

Bugun mamlakatimizda barcha sa'y-harakatlar inson omiliga, uning baxtli yashashiga xizmat qilmoqda. Erkaklar va ayollar teng huquqliligi ta'minlanib, mahalla instituti davlatning eng yaqin tayanchiga aylandi. Ayniqsa, keyingi yillarda mahalla tizimi tubdan transformatsiya qilindi. Prezidentimiz tashabbusi bilan hayotga tatbiq etilgan “mahalla yettiligi” tizimi hududlardagi muammolarni joyida hal etishning eng samarali modeliga aylandi. Mahallalarning vakolatlari kengaytirilib, mustahkam moddiy-texnik bazasi yaratildi. Endilikda har qanday masala yuqori idoralar aralashuvisiz, mahallaning o'zida mustaqil hal etilmoqda.

Mahallalar huzurida o'ndan ziyod jamoatchilik kengashlari tashkil etilgan. “Keksalar maslahati”, “Buvijonlar maktabi” guruhlari, “Oqila ayollar” harakati, Oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash va yoshlar bilan ishlash kengashlari bugun “mahalla yettiligi”ga yaqindan ko'mak bermoqda. Ular hududlarda ijtimoiy-ma'naviy muhitni sog'lomlashtirish, sport va sog'lom turmush tarzini targ'ib qilishda fidoyilik ko'rsatishmoqda. Biz ishlagan davrlarda ehtiyojmand oilalarga, tadbirkorlarga yoki iqtidorli yoshlarga moliyaviy yoki ijtimoiy yordam berishning na tizimi, na imkoniyati bor edi. Mustaqillik sharofati va bugungi oqilona siyosat tufayli bu muammolar tarixda qoldi. Bugun yoshlarimizning ilm-fan, innovatsion loyihalar bilan shug'ullanishi, jahon minbarlarida yurtimiz bayrog'ini baland ko'tarishi uchun yaratilgan sharoitlarni ko'rib, odamning ko'zi quvonadi.

Inson qadri ulug'langan, mehnat munosib rag'batlantiriladigan yurtda yashash — katta baxt. Eng katta boyligimiz esa yurtimizdagi tinchlik, osoyishtalik va millatlararo totuvlikdir. Mana shunday dorilomon kunlarning qadriga yetish, Vatanimizning har bir qarich yerini ko'z qorachig'idek asrab-avaylash barchamiz, ayniqsa, biz, keksa avlod vakillari va umidli yoshlarimizning muqaddas burchi, albatta.

Dilbar SAIDOVA,

Sharof Rashidov tumani “Buvijonlar maktabi” rahbari,

“Mehnat shuhrati” ordeni sohibasi.

By Behzod

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan