Odamlar turli xastaliklarga qarshi emlashga odatlanib qolishgan. Biroq emlashning, ayniqsa, chechakka qarshi emlashning kashf etilishi tibbiyot tarixidagi eng katta yutuq ekanini hamma ham bilvaermaydi.

Tarixdan ma'lumki, chechak kasalligi ommaviy epidemiyalarni yuzaga keltirar,  oilalarni parchalar, odamlarning yuzlarida umrbod chandiqlar qoldirar va jamiyatlarda katta qo'rquv uyg'otardi.

Kasallikni dunyo bo'ylab yo'q qilish kampaniyasining so'nggi bosqichlarida “ikki uchli igna” deb ataladigan maxsus asbob ishlatilgan. Bu kichik ikki uchli igna vaksina suyuqligiga botirilib, odatda qo'lning yuqori qismiga bir necha marta bosib qo'llanilgan. Maqsad — terida nazorat ostidagi immun javob hosil qilish edi. Chechak virusiga yaqin, ammo undan xavfsizroq virus yordamida emlangan joyda kichik yara  —  avval qizarish, keyin pufakcha, undan so'ng qobiq hosil bo'lardi. Qobiq tushib ketgach esa, o'rnida kichik doimiy iz qolardi. Bu iz chechak kasalligining izi emas, balki organizm o'zini himoya qilishni o'rganganining belgisi edi.

Haqiqiy chechak kasalligi qoldiradigan izlar esa ancha og'ir bo'lgan. U yuz va tanada chuqur chandiqlar qoldirishi, hatto o'limga olib kelishi mumkin edi. Uzoq yillar davomida bu kichik dumaloq iz go'yo “himoya muhri” vazifasini bajargan. U inson dunyodagi eng qo'rqinchli kasalliklardan biriga qarshi immunitet hosil qilganini bildirardi.

1980 yilda Jahon sog'liqni saqlash tashkiloti (JSST) chechak kasalligi dunyo bo'ylab butunlay yo'q qilinganini e'lon qildi.

Bu yutuq shifokorlar, hamshiralar, tibbiyot xodimlari va dunyoning eng olis hududlarigacha yetib borgan ulkan emlash kampaniyalari natijasi edi. Shuning uchun o'sha kichkina iz shunchaki chandiq emas. U sog'liqni saqlash tizimida insoniyat erishgan eng buyuk g'alabalardan birining ramzi siftida e'tirof etiladi.

By Behzod

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan