Mamlakatimizda millati, kasbidan qat'i nazar, yurtimiz ilm-fani, madaniyatini yuksaltirishga hissa qo'shgan ulug' insonlar bisyor. Ularning faoliyati yuksak ibrat namunasi bo'lishi bilan bir qatorda, qoldirgan ilmiy merosi xalqimizning ulkan ma'naviy mulkiga aylangan.

Abdurasul Ergashev ham ana shunday yurtdoshlarimizdan biri edi. U 1951 yilda Dehqonobod tumanida tug'ilgan. Bolaligi qiyinchiliklar bilan o'tgan. 1959-1969 yillarda tumandagi 1-sonli umumta'lim o'rta maktabida “a'lo” baholarga o'qidi. O'quvchilik chog'laridayoq she'rlar yozib, shoir bo'lishni orzu qildi. Ammo bir kuni jurnalda mashhur olim Toshmuhammad Qori Niyoziy haqidagi maqolani o'qidiyu birdan fikri o'zgardi-qoldi. Butun dunyoga dong'i ketgan olimga havasi keldi.  “Men ham olim bo'laman!” — dedi o'ziga-o'zi. O'quvchilik yillarida fizika va matematika fanlari bo'yicha fan olimpiadalarida faol ishtirok etdi. Maktabni bitirayotgan yili fizika fanidan Butunittifoq olimpiadasida qatnashib, o'z iqtidorini namoyish etdi va O'rta Osiyo mintaqasi bo'yicha yuqori o'rinni egalladi. 1969 yili maktabni oltin medal bilan tugatgach, Toshkent davlat universiteti, hozirgi O'zMUning mexanika-matematika fakultetiga o'qishga kirdi.

Bo'lajak olim uchinchi kursdan boshlab, mutlaqo yangi soha — “Diskret kompleks funksiyalar nazariyasi” bilan shug'ullana boshladi. Shuni alohida ta'kidlash zarurki, mazkur nazariya matematika faniga endigina kirib kelayotgandi va bu soha bilan sobiq Ittifoqda barmoq bilan sanarli bir necha olim, Angliya, Germaniya, Polsha va Yaponiya mamlakatlarida ko'zga ko'ringan matematiklar shug'ullanardilar. O'sha davrda bu sohada fizika-matematika fanlari doktori, professor Lev Izraelovich Volkovskiy rahbarligidagi olimlar ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borishardi. Yangi nazariya Abdurasul Ergashevni o'ziga rom etib qo'ydi. To'rtinchi kursda tahsil olayotganida “Ikki haqiqiy o'zgaruvchanli diskret differensial tenglamalarni yechishning operatsion hisob metodi” mavzusida kurs ishi yozdi.

Bu bilan qanoatlanib qolmadi. Universitetni bitirish chog'ida “Uzluksiz haqiqiy bir o'zgaruvchili va diskret kompleks bir o'zgaruvchili diskret tenglamalarni yechishning operatsion metodi” mavzusidagi diplom ishini muvaffaqiyatli himoya qildi. Diplom ishiga professor L.I.Volkovskiy va fizika-matematika fanlari nomzodi, dotsent A.S.Chumakovlar ilmiy rahbarlik qilishdi. Mazkur ish respublika oliy ta'lim vazirligi tomonidan yuqori baholanib, A.Ergashev maxsus diplom bilan taqdirlandi. Xullas, yangi soha  Abdurasul Ergashevning butun borlig'ini qamrab olib, unga sira tinchlik bermay qo'ydi.  Uning yana nimalarnidir tadqiq  qilgisi, qandaydir yangiliklar yaratgisi kelardi.

Ko'p yillar diskret tenglamalar nazariyasi bo'yicha ilmiy-tadqiqot ishlari bilan shug'ullandi va ko'p o'zgaruvchanli  diskret tenglamalarni yechishning Ye — almashtirishlar metodini yaratishga va hisoblash matematikasi, biofizika, kibernetika, iqtisodiyot  sohalarini ilmiy jihatdan har tomonlama puxta tadqiq etib,  diskret tenglamalarning aksariyati iqtisodiyotni matematik modellashtirishda qo'llanilishini  aniqlashga  muvaffaq  bo'ldi. 1983 yil Abdurasul Ergashev ilmiy faoliyatida katta burilish yasadi.  O'sha yili iqtisod fanlari doktori, professor L.A.Ahmedov, fizika-matematika fanlari nomzodi, dotsent A.S.Chumakovlar ilmiy rahbarligida (ilmiy maslahatchi professor L.I.Volkovskiy) “Diskret chiziqli joylashgan ob'yektlarda avtomobil va vertolyotlar bilan yuk tashish jarayonlarini modellashtirish” mavzusida  nomzodlik  dissertatsiyasini himoya qildi.

A.Ergashev 1991 yili  “Borib bo'lmaydigan joylarda va favqulodda holatlarda turli xil transport vositalari  (samolyot, vertolyot, yer usti va suv transportlari)ni optimal boshqarish” mavzusida doktorlik  dissertatsiyasini muvaffaqiyatli yoqlab, iqtisod fanlari doktori  ilmiy unvonini olishga erishdi. O'z sohasining yetuk bilimdoni Abdurasul Ergashev tadqiq etgan ilmiy ishlar shunchaki qog'ozlarda qolib ketgan emas. Uning ilmiy ishlari bevosita hayotda qo'llanila boshlandi va hozirgi paytda G'arbiy va Sharqiy Sibirda, Uzoq Sharqda va Markaziy Osiyodagi og'ir sharoitlarda va favqulodda holatlarda qo'llanib kelinmoqda.

O'zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Kibernetika institutida muhandis, katta muhandis, yetakchi konstruktor,  ilmiy xodim va katta ilmiy xodim vazifalarida  barakali mehnat qildi va fan rivojiga salmoqli hissa qo'shdi.

Qarshi muhandislik-iqtisodiyot instituti professori vazifalarida ishlab,  ilm-fan taraqqiyotiga munosib hissa qo'shdi, yosh olimlarni qo'llab-quvvatladi, bilimga chanqoq talabalarning fan va xalq xo'jaligi sohalarida yetuk kadrlar bo'lib yetishishlarida  jonbozlik ko'rsatdi. U Respublika tojik milliy-madaniy markazi Qashqadaryo viloyati bo'limining raisi sifatida joylarda millatlararo totuvlik, hamjihatlikni ta'minlash, tojik xalqining urf-odatlari, an'analari va qadriyatlarini  keng targ'ib etish yuzasidan qizg'in faoliyat olib bordi.

U bir qator ilmiy kitoblar muallifi. Toshkent, Moskva, Sankt-Peterburg, Kiyev, Donesk, Novosibirsk, Sverdlovsk, Tomsk, Vladivostok, Xabarovsk, Dushanbe va boshqa yirik shaharlarda o'tkazilgan nufuzli xalqaro ilmiy anjumanlarda  o'z ma'ruzalari bilan faol ishtirok etgan. O'nlab fan doktorlari va fan nomzodlarining ilmiy ishlariga rahbarlik qilgan.

Kamtar va xokisor, olijanob inson Abdurasul Ergashevning ilm-fan taraqqiyoti, jamiyat rivojidagi halol va fidokorona mehnatlari munosib taqdirlangan. U “Do'stlik” ordeni bilan mukofotlangan. Kamina Abdurasul Ergashev bilan bir necha bor suhbatda bo'lganman. Ochiqko'ngil, kamtarin olim o'zi haqida emas, nuqul ilm-fan, yoshlarni unga jalb etish, tumandagi maktablarda matematika fani bo'yicha chuqurlashtirilgan sinflarni tashkil etish xususida jo'shib-jo'shib so'zlardi. Tuman hokimligining tashabbusi bilan bundan o'ttiz yilcha oldin u kishining hayotlik  kezlarida  olimning  uy-muzeyini tashkil etgan edik.

Abdurasul Ergashev 2021 yili 70 yoshida olamdan o'tdi. U insondan  yaxshi nom va  katta ilmiy meros qoldi. Yaqinda Dehqonobod tumanidagi 5-sonli bolalar musiqa maktabida iqtisod fanlari doktori, professor Abdurasul Ergashev tavalludining 75 yilligiga bag'ishlangan xotira kechasi bo'lib o'tdi. Unda Qashqadaryo viloyati hokimligi kotibiyat mudiri Firdavs Sattorov, Oliy Majlis huzuridagi Nodavlat-notijorat tashkilotlarini qo'llab-quvvatlash jamoat fondi Qashqadaryo viloyati hududiy  bo'linmasi rahbari Farhod Asadov, Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universiteti professori Juma Hamroyev, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, Respublika tojik milliy-madaniy markazi Qashqadaryo viloyati bo'limi raisi, professor Imomnazar Tursunov,  O'zbekiston menejerlar assotsiatsiyasi Qashqadaryo viloyati filiali direktori Shermamat Rajabov, Qarshi davlat texnika universiteti professori Yusuf Manzarov, Respublika tojik milliy-madaniy markazi Dehqonobod tuman bo'linmasi raisi Karim Toshqulov, professor Abdurasul Ergashevning ukasi Abduqayum Ergashev, singlisi Ziyoda Ergasheva, o'g'li Inoyat Ergashev va boshqalar ishtirok etib, olimning boy ilmiy merosi xususida fikr yuritdilar.

Taniqli xushovoz xonandalar Umrzoq Quvvatov, Xayrulla Nasriddinov, Farmon Azimovlarning  musiqiy chiqishlari yig'ilganlarga  manzur bo'ldi. Tadbirda mehmonlar bir piyola choy ustida dildan suhbat qurdilar. Qur'oni karim tilovat qilinib, o'tganlar ruhiga duoi fotiha o'qildi.

Abduqayum  BEKKAMOV,

O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a'zosi.

By Behzod

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan