“Kambag'allikdan — farovonlik sari” dasturi mamlakatimizda ijtimoiy himoya tizimini yangi bosqichga olib chiqdi. Uning ijrosini ta'minlashda mahallalardagi keksa avlod vakillarining ishtiroki alohida ahamiyat kasb etayotgani quvonarli. Saxovatpesha va tajribali nuroniylarning ehtiyojmand xonadonlarga biriktirilishi qisqa fursatda o'z mevasini bera boshlagani, ularning tashabbusi bilan yuzlab oilalar o'z tomorqasini daromad manbaiga aylantirib, qanchadan-qancha yoshlar “ustoz — shogird” an'anasi asosida kasb-hunarli bo'layotgani bor gap. Joylardagi ana shunday tizimli ishlarning jonli ifodasini Qashqadaryo va Namangan viloyatlari mahallalari misolida ko'rish mumkin.

Raqamlarga ko'ra, Qashqadaryo bo'ylab 776 ta mahalladagi 2 ming 156 nafar faol nuroniy 10 ming 368 ta kambag'al oilaga biriktirilgan. Biz hududdagi ishlarning qay darajada borayotganini o'rganish uchun Yakkabog' tumanidagi “Serob” mahallasi faol nuroniysi  Sobirjon Shukurov hamrohligida ijtimoiy reestrda hisobda turuvchi Muhayyo O'razaliyeva xonadonida bo'ldik. Erta bahorda ekilgan kartoshka hosilini yig'ishtirib olayotgan oila bekasi bundan mamnun. Hosildan bo'shagan yerga takroriy ekin ekish uchun hozirlik ko'rilyapti.

— Sobir otaning qimmatli maslahatlari bilan tomorqamizda turli rezavorlar ekib, parvarishlayapmiz, — deydi Muhayyo O'razaliyeva. — Bu bilan dasturxon to'kinligi ta'minlanibgina qolmay, farovonlik sari qadam qo'yilmoqda. Farzandlarimiz uchun o'quv qurollari, sport kiyim-boshi va stol-stul berildi. Bizga yaqindan ko'makdosh bo'layotgan nuroniylarga minnatdorlik bildiramiz.

Uljon Ahmedovalar oilasi ham Sobir Shukurovga biriktirilgan. Uning   ko'magi va maslahati bilan tomorqasida turli ekinlar ekilib, oila dasturxonining obodligi ta'minlanmoqda. Mazkur mahalladagi faol nuroniy Toshmaxmat Jo'rayev ham 5 ta ehtiyojmand oilaga mas'ul. Nuroniyning ko'magi bilan mahalladagi Malohat To'rayeva, Zulxumor Rajabovalar oilalari ham kambag'allikdan chiqarilmoqda. Ularning tomorqasida turli ekinlar ekilib, yetarli darajada hosil olinyapti. Shuningdek, mahalladagi faol nuroniy Ne'mat Husanov ham o'ziga biriktirilgan oilalar axvolini o'rganib, o'zining qimmatli maslahatlarini beryapti.

Tirkash bobo Mahmudov tumandagi Samoq qishlog'ining saxovatpesha nuroniylaridan. U kishiga uchta oila ajratilgan. Tadbirkor emasmi, otalig'idagi oilalar va ularning farzandlari uchun yordamini ayamayapti. Tomorqalardan samarali foydalanish usullarini ishlab chiqib, ekinlardan yuqori hosil  olinishini ta'minlayapti. Masalan, foydalanish uchun yaroqsiz bo'lgan  avtomobil shinalaridan foydalanib, ichiga tuproq va mahalliy o'g'it aralashtirgan holda kartoshka, pomidor, bulg'or qalampiri, baqlajon singari ekinlar ekish orqali har qarich yerdan samarali foydalanayotir. O'quv markazi ochib, unda ehtiyojmand oila farzandlarining imtiyozli ravishda o'quvini tashkil etgan. Bu esa mahalladagi ko'plab yoshlar uchun qulay imkoniyatlar yaratmoqda. Shuningdek, mebel ishlab chiqarish sexida yoshlar uchun qo'shimcha ish o'rinlarining tashkil etilishida otaxonning xizmatlari katta. Boboga biriktirilgan Sojida Turopova, Iroda Qobilova, Sojida Jo'rayevalarning tomorqasiga kartoshka, piyoz, baqlajon singari ekinlar ekilib, yaxshigina daromad olishga erishilmoqda.

“Nuroniy” jamg'armasi Yakkabog' tumani bo'limi raisi Farhod Jumayevning ta'kidlashicha, 59 ta mahalladagi 153 nafar faol nuroniy 718 ta oilaga biriktirilgan bo'lib, qaror ijrosini ta'minlash yuzasidan astoydil ish olib borilmoqda. Hozirgacha kambag'allik reestrida turadigan oilalarning 75 foizi kambag'allikdan chiqarilgan.

— Mahallamizda 6 ming 541 nafar aholi, 1849 ta oila, 1051 ta xonadon bor, — deydi Shahrisabz tumanidagi “Mevazor” mahallasi raisi Sanjar Abdiaxatov. — Farhod Islomov, Faxriddin Samadov hamda “Keksalar maslahati” guruhi rahbari Bahodir Mamatovlar o'zlariga biriktirilgan oilalar bilan astoydil ish olib borishyapti.

Faol nuroniylar hamrohligida “Fayzobod” ko'chasida yashovchi Maftuna Umarova xonadonida bo'ldik. Ichkariga qadam qo'yishingiz bilan o'zingizni “Bog'i eram”da his qilasiz, go'yo. Tartib bilan ekilgan ekinlarga xonadonning nuroniy otaxoni — 76 yoshni qarshilagan To'ra bobo Nazarov mehr bilan ishlov beryapti ekan. Erta ekilgan kartoshka kovlab olinib, yerlar takroriy ekinga tayyorlanyapti. Pomidor, bulg'or qalampiri, baqlajon, bodring singari ekinlar dehqon mehri bilan baravj rivojlanmoqda.

— Oilamizga faol nuroniy Faxriddin Samadov biriktirilgan bo'lib, kunora xabar olib turadilar, — deydi  Maftuna Umarova. — Otaxonning ko'magi bilan dasturxonimiz obodligi ta'minlanmoqda. Bularning barchasi Prezidentimizning “Kambag'allikdan — farovonlik sari” dasturlari ijrosining amaldagi ifodasidir.

Namangan viloyatining Chust tumanida ham ushbu yo'nalishdagi ishlar  e'tirofga arzigulik.

— Tumanimizdagi 69 ta mahalladan 206 nafar faol nuroniy tanlab olinib, ular 903 ta oilaga biriktirilgan, — deydi “Nuroniy” jamg'armasi Chust tumani bo'limi raisi Jo'raxon Mirahmedov. — Kambag'allikdan — farovonlik sari” dasturiga asosan, ro'yxatga olingan oilalar bilan muntazam ravishda ish olib borilyapti. Ishsiz oilalarning 63 nafar farzandi ish bilan ta'minlanib, 259 nafari o'zini o'zi band qildi. Ular uchun 45 million so'm miqdorida imtiyozli kreditlar ajratilib, chorvachilik bilan shug'ullanish uchun 21 bosh qoramol, 635 bosh qo'y va 421 bosh echki olib berildi. Faol nuroniylar tashabbusi bilan tomorqasida boqishga sharoiti bor oilalarga 983 ta tovuq, 249 dona kurka va 135 dona o'rdak tarqatildi.  Kambg'allik reestriga kiritilgan oila farzandlaridan 325 nafari qo'shimcha darslarga, 371 nafari turli to'garaklarga jalb qilindi. 523 nafari “ustoz — shogird” an'anasiga asosan, hunarmand ustalarga biriktirildi.

Tumandagi “Mehnatobod” mahallasi faol nuroniysi Madaminjon ota Sharipovga 5 ta kambag'al oila biriktirilgan. Quvonarlisi, faol nuroniyga biriktirilgan oila farzandlari “ustoz — shogird” an'anasiga ko'ra, hunarmandlardan kasb sirlarini o'rganishyapti. Mumina Uralovaning farzandi Muslima Sobitjonova do'ppido'z onaxon Marhamat aya Qurbonovaga biriktirilib, hozirgi kunda do'ppi tikish sirlarini o'zlashtirib oldi. Endilikda o'zi mustaqil ravishda do'ppilar tayyorlab, oila byudjetini mustahkamlashga hissa qo'shyapti. Bundan ota-onasi ham xursand. Shuningdek, otaxon o'ziga biriktirilgan oilalar  tomorqalariga turli mevali ko'chatlar ektirib, yuqori hosil olinishini ta'minlamoqda. Otaxonning tashabbusi bilan  6 nafar mehnatobodlik ishsiz yosh tadbirkor tomonidan ochilgan mebel sexida ish bilan ta'minlandi. Buning ortidan Farida Yoqubovaning farzandi Jasurbek Sharifjonov  mebel tayyorlash  sirlarni puxta o'zlashtirib oldi.

Tumandagi “Pansada” mahallasi faol nuroniysi Muqaddas Xoldorova ham kambag'al oilalar bilan ishlashda o'ziga xos tajribaga ega. Ayaning ko'magi bilan Marg'uba Aliyevaga imtiyozli kredit rasmiylashtirilib,  xonadonida  tikuvchilik sexi  ochildi. Saida Ibragimovaning farzandi Doniyor  Xolmirzayev Zohidjon usta qo'lida nonvoylik kasbini o'rgangan bo'lsa, Rahima Qosimova, Nilufar Ziyovuddinova singari yoshlar o'z xonadonida tikuvchilik sexini ochgan tadbirkor Ibrohim Saydullayevdan tikuvchilik sirlarini mukammal o'rganib oldilar. Onaxonga biriktirilgan Muqaddas Nosirovaning qizi Barno Komilova do'ppido'zlik bilan shug'ullanayotgan Muhabbatxon Xoldorovaga biriktirildi. Natijalar esa kutilganidek bo'ldi. Bu kabi misollarni yana ko'plab keltirish mumkin.

Aytish mumkinki, mahallalardagi faol nuroniylar o'zlariga biriktirilgan oilalar bilan muntazam ravishda ish olib borib, “Kambag'allikdan — farovonlik sari” dasturi ijrosini bajarishda o'ziga xos natijalarga erishmoqdalar.

Shavkat SULTONOV,

“Nuroniy” muxbiri.

By Behzod

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan