Har bir hududning ko'pga ibrat bo'lgulik taniqli odamlari bo'ladi. Ta'bir joiz bo'lsa, Ibrohim ota Jumamurodov Qoraqalpog'iston Respublikasi Taxiatosh tumanining shunday hurmatli nuroniylaridan. Ibrohim ota asalari, tovuq, qo'y, buzoq, xullas, odamzotga naf keltiruvchi tilsiz jonzotu mevali daraxtlarga g'amxo'rlik qilib, mehriyu mehnatini bergan tadbirkorlardan hisoblanadi.

—  Qoraqalpog'istonni  ko'pchilik shimoliy hudud, Orol dengizining qumlari sochilgan tuproq, deb qiyin mintaqaga yo'yadi, — deydi Ibrohim ota. — Ammo men unday o'ylamayman,  inson  o'zi yashayotgan Vatanini sevsa, uni  jannatmakon hududga aylantira oladi. Yaqinda biznikiga Farg'ona vodiysining Quva tumanidan kelgan do'stlarim ham mevalari pishib, ko'zni quvontirib turgan bog'imizni ko'rib, fikrimni ma'qullashdi. Ularning aytishicha, bu yil bahordagi qorli sovuq tufayli ayrim joylarda ko'p o'rik daraxtlari meva qilmabdi. Ular ikki yarim gektarli ming tupga yaqin mevali daraxtlari bor bog'imizdagi  sara nav o'riklarimizdan shartnoma bilan birdaniga uch tonna xarid qildilar.

Ha, Ibrohim otaning ikki yarim gektar joyni egallagan bog'ida yetti-sakkiz xil mevali daraxtlar bor. Yiliga o'n tonnagacha hosil beradigan bu bog'ni  yaratish oson bo'lmagan. Ammo ota aytganidek, kishida mehru mehnat mujassam bo'lsa, niyatlar ijobat bo'laveradi.

Ibrohim otaning bog'dorchilikdan tashqari, asalari boqish bo'yicha ham tadbirkorligi  bor. Tabiatshunos bo'lib ketgan, desak mubolag'a bo'lmaydi. Qaysi giyoh qachon gullaydi, uning shifobaxshligi qay darajada, asalarilar uchun qaysi davr “sayr”ga ma'qul, barini sohaga oid kitoblardan mustaqil o'qib o'rgangan.

Hazrat Navoiyning “Hunarni asrabon netgumdir oxir, olib tufroqqamu ketgumdir oxir” degan hikmatiga amal qilgan “toza asalchi otaxon”ning  Taxiatoshdan 150 kilometr uzoqdagi Qorao'zak tumanida, 100 kilometr olisdagi Qo'ng'irot tumanida ham shogirdlari bor. Ular asalari boqish bo'yicha dong'i ketgan Ibrohim ota huzuriga bir necha bor kelib, bu sohaning o'ziga xos sirlarini o'rganib olishgan. Birinchi shogirdi — sinfdoshi  Murod Ubaydullayev  bo'lgan bo'lsa, hozirgacha yigirma nafardan ko'proq shogirdlari asalari boqib, el dasturxonini shifobaxsh asal bilan ta'minlamoqda.

Ibrohim Jumamurodov “Qora shahzoda” nomli zotdor qora tovuq boqishni ham yo'lga qo'ygan. Otaxon dastlab Andijondan  60 dona jo'ja olib kelgan. Hozirda ular o'zidan ko'payib, qora tovuqlar soni 100 tadan ortib ketgan. Ibrohim ota qishloqdoshlarini sara shifobaxsh uy tovug'i tuxumi bilan ta'minlaydi.

— Shogirdlarning eng avvali farzandlaringiz bo'lsa kerak, — so'raymiz otaxondan.

— Albatta. O'sha 1000 tup daraxtdan iborat mevali bog'imizga hozir kenja o'g'lim Shamsiddin  qarayapti. U sohaning ancha mirishkori bo'lib qoldi. Mevalarning yaxshi navlarini ekib, parvarishlashning hadisini oldi. Shu kunda  “So'x go'zali” deb nomlangan ertapishar olma navini ekib, hosilga kiritdi. Shamsiddin Taxiatoshdagi nuroniylar sanatoriysiga har yili  sara nav o'rik mevalarini yetkazib beradi. Qishda esa o'rik qoqilari bilan sanatoriyga kelganlarni siylaydi.

— “Nuroniy” jamg'armasi Taxiatosh tumani bo'limi raisi Aminjon Ersayidov sizni “ilmi yetuk otaxon, bizning faollarimizdan”, deb gapirgandi.

— Islom ilmiga, tarixiy kitoblarga, mumtoz shoirlar asarlariga  ixlos qo'yganman. Ogahiy va Avaz O'tarning she'rlarini sevib o'qiyman. Uzoq yillar qishlog'imizdagi Muhammad Murod masjidida xizmat qildim. Hozirda nafaqadaman. Bog' aylanaman,  asalarilarimdan xabar olaman. Qora tovuqlarimizning ahvolini nazorat qilaman. “Kenagas” mahallamizning faoli sifatida  kambag'allik reestriga tushib qolgan beshta oilani oyoqqa turib olishi uchun otaliqqa olganman. Ulardan xabar olganimda, bog'imizdagi mevalardan, shifobaxsh asalimizdan sovg'aga olib boraman. Bu ne'matlar mehnatimiz, harakatimiz samarasi ekanini tushuntiraman. Ularning tomorqalariga ekish uchun daraxt nihollarimizdan berib, qanday parvarishlash yo'lini ham o'rgatib kelaman. Axir bizning Xudo yorlaqagan tuprog'imiz bor. U bilan tillashgan odam qashshoq bo'lmaydi, deb uqtiraman. Tuman faol nuroniysi sifatida Samarqanddagi Imom Buxoriy  majmuasining ochilish marosimida ishtirok etdim. Dunyoga mashhur bu majmuani ziyorat qilarkanmiz,  hayratim oshdi. Ulug'vor majmuaning dunyo miqyosida ovoza bo'layotganligi, muhaddis bobomizning ruhi shodlanayotganligidan mamnunman… Axir dunyo ahli  hayratlanib ziyorat qilayotgan bu beqiyos majmuada ziyoratchilar  uchun 65 ming o'rinli mehmonxonalar, zarur sharoitlar yaratilgan. Yana bir hayratimni oshirgan obida — Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markazi bo'ldi. Bunday jasoratli tashabbus ijodkori bo'lgan Yurtboshimizdan hamma minnatdor. Nuroniylar, o'rta va yosh avlod vakillari bilan uchrashuvlarda  hayratu taassurotlarimni barchaga so'zlab beryapman. Aminjon (“Nuroniy” jamg'armasi Taxiatosh tumani bo'limi raisi Aminjon Ersayidov) tashkillashtiradigan uchrashuvlarga jon deb boraman. Axir tinch Vatanda,  ta'lim islohotlari olib borilayotgan,  yangiliklari bisyor sharoitlarda yashayapmiz. Yoshlarimiz bu yuksalishlarning qadriga yetishi, bilim olib, chinakam vatanparvar bo'lib ulg'ayishi zarurligini  bir nuroniy sifatida yoshlarga uqtirishimiz kerak. Kezi kelganda, o'zbekcha, o'rni bo'lsa, qoraqalpoq tilida, zarur bo'lganda, turkman tilida so'zlayman. O'zim o'qigan kitoblardagi rivoyatlar, hadislardan misollar keltiraman. “Ardoqli nuroniy” medali bilan taqdirlanganim ham inson qadrining yuksakligidan, deb bilaman. Besh farzandimni ayolim Robiyaxon bilan birga tarbiyalab voyaga yetkazdik. Bari o'qimishli, mehnatkash bo'lishdi. 9 nafar nevaram, 2 nafar chevaram bor. Agar men haqda yozsangiz, “Shukronasi ko'p otaxon” deb yozing.

Darhaqiqat, otaxon o'zlari aytganlaridek, u kishining har nafasda, har qadamda shukrona bilan yashayotganligiga guvoh bo'lar ekanmiz, mamlakatimizda Ibrohim ota Jumamurodovdek Vatani, xalqini sevadigan, uning taqdirini o'z taqdiri deb biladigan insonlar, fidoyi nuroniylar ko'payaversin, deb qolamiz.

Zamira RO'ZIYEVA,

“Nuroniy” muxbiri.

By Behzod

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan