Mamlakatimiz Mustaqilligining 35 yilliK bayrami tantanalariga hozirlik ko'rilayotgan bugungi shukuhli kunlarda xalqimizning ozod va erkin hayot sari bosib o'tgan sharafli yo'li — el-yurtimiz tinchligi, xalqimiz farovonligi, Yangi O'zbekistonimiz obodligi sari tashlangan salmoqli qadamlar yurtimizda ham, dunyo hamjamiyatida ham yuksak iftixor bilan e'tirof etilmoqda.

Inson qadri va xalq manfaati davlat siyosatining ustuvor mezoniga aylangan yurtimizda   “Yagona vatan, yagona xalq bo'lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!” shiori bilan boshlanayotgan Mustaqilligmizning 35 yilligi tantanalari arafasida har bir yurtdoshimiz, xususan, el-yurtimiz ravnaqi yo'lida uzoq yillar fidoyilik bilan xizmat qilgan faxriylar, nuroniylarga ko'rsatilayotgan hurmat-ehtirom yangi bosqichga ko'tarildi. Bu borada prokuratura organlari tizimida ham ibratli ishlar amalga oshirilmoqda.

Davlatimiz rahbarining 2025 yil 15 maydagi “2025–2026 yillarda sayyohlar oqimini keskin ko'paytirish va turistik xizmatlar ko'lamini jadal kengaytirish orqali turizmning iqtisodiyotdagi o'rni va ahamiyatini oshirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi farmoniga asosan, “O'zbekiston bo'ylab sayohat qil!” ichki turizmni rivojlantirish dasturini amalga oshirish maqsadida har oyning ikkinchi haftasi shanba va yakshanba kunlari “Oila va jamoa bilan sayohatga chiqish kuni” etib belgilangan.

Shu munosabat bilan prokuratura organlarining bir guruh faxriylari poytaxtimizdagi Islom sivilizatsiyasi markaziga sayohat uyushtirishdi. Tadbir O'zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi hamda Prokuratura organlari faxriylarini ijtimoiy qo'llab-quvvatlash jamoatchilik markazi tomonidan tashkil etildi. Tizimning 70 nafar faxriy xodimi zamonaviy avtobuslarda maskanga yetib kelishdi.

Prezidentimizning 2017 yil 23 iyundagi qarori bilan qurilishi boshlangan mazkur majmuaga  2018 yilgi Ramazon hayiti kuni tamal toshi qo'yilgandi. Oradan sakkiz yil o'tib, ushbu ulug'vor majmua tantanali ravishda ochildi. Hazrati Imom majmuasi hududida joylashgan, uch qavatli va 65 metrli gumbazga ega mazkur mahobatli bino milliy me'morchilik an'analari zamonaviy uslublar bilan uyg'unlashib, mamlakatimizning bunyodkorlik salohiyati va estetik tafakkurini o'zida namoyon etdi.

Markazda jamlangan boy ilmiy va ma'naviy meros xalqimiz qanchalar buyuk sivilizatsiya yaratganining yaqqol dalilidir. Qur'oni karim zalida saqlanayotgan Usmon mushafi kabi noyob yodgorliklar ham diniy, ham umuminsoniy sivilizatsiya tarixidagi beqiyos ahamiyatga ega durdonalar sirasiga kiradi. Turli sulolalar davriga oid qo'lyozmalar, san'at asarlari va artefaktlar esa yurtimiz hududi azaldan fan, madaniyat va ma'rifat markazi bo'lganini yana bir bor tasdiqlaydi.

Markazning asosiy vazifasi ana shu merosni ko'z qorachig'idek saqlash, ilmiy iste'molga kiritish, xalqimizga va xorijlik sayyohlarga tushunarli tilda yetkazish hamda jahon hamjamiyatiga keng targ'ib qilishdan iborat. Zero, bugungi globallashuv sharoitida millatning o'zligini anglashi, o'z tarixi va tomirlariga tayanishi har qachongidan ham muhim. Islom sivilizatsiyasi markazi strategik ma'naviy poydevor sifatida ana shu ehtiyojga to'la javob beradi. Sayohat davomida faxriylar bir necha guruhga bo'linib, maxsus biriktirilgan gid-hamrohlar bilan markaz zallarini ko'zdan kechirishdi.

— Majmua O'zbekistonning taraqqiyoti nafaqat iqtisodiy yoki texnologik yutuqlardan, balki ma'naviy yuksalish va ilm-fandan iborat ekanini namoyon etib turibdi, — deydi yuridik fanlar doktori, prokuratura faxriysi Baxtiyor Po'latov. — Shu bilan birga, bu dargoh jaholatga qarshi ma'rifat bilan kurashishning eng samarali vositalaridan biri bo'lib xizmat qiladi. Islom dinining asl mohiyati — tinchlik, bag'rikenglik va ilmga chorlashdir. Markaz turli noto'g'ri talqinlarga qarshi ma'rifiy qalqon vazifasini ham o'taydi.

Faxriylar har bir zaldagi noyob eksponatlarni maroq bilan tomosha qilib, unutilmas taassurotlarga ega bo'lishdi.

— Islom sivilizatsiyasi markazidan bir olam taassurot bilan chiqar ekanman, vujudimda yangi bir ruhiy quvvat uyg'ongandek bo'ldi, — deydi O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan yurist, prokuratura faxriysi Mirzohid Obidov. — Men bunday tuyg'uni har bir yurtdoshim his qilishini istayman. Markazda asrlar osha nomlari bizgacha yetib kelgan ulug' ajdodlarimiz — ma'rifat namoyandalari bilan muloqot qilgandek bo'ldim. Qolaversa, bu maskan o'zini shu yurt farzandi deb hisoblaydigan har bir fuqaroga o'zligini, ildizini, kim ekanini tushunishiga yaqindan yordam beradi.

Shu bilan birga, faxriylar markaz binosining ikkinchi qavatida joylashgan Yangi O'zbekiston innovatsion kutubxonasida ham bo'lishdi. Qariyb uch yuz kishiga biryo'la xizmat ko'rsata oladigan maskanning kitob fondi 350 ming bosma kitobdan iborat bo'lib, undan 100 mingi qo'lyozma va toshbosmalar, 250 mingi esa zamonaviy nashrlardir. Kutubxonaning elektron fondi 5 million resursga mo'ljallangan bo'lib, bu respublika miqyosida eng katta sig'im hisoblanadi.

Markazda bo'lgan har bir yurtdoshimiz o'zini Abu Nasr Forobiy, Muhammad Xorazmiy, Abu Rayhon Beruniy, Ibn Sino, Amir Temur, Jaloliddin Manguberdi, Imom Buxoriy, Abu Mansur Moturidiy, Mirzo Ulug'bek, Alisher Navoiy kabi buyuk zotlarning munosib izdoshi sifatida his etadi. Bu kabi sayohatlar esa prokuratura tizimi faxriylari, ularning izidan borayotgan yosh xodimlarga ham ma'naviy quvvat bag'ishlamoqda.

Botir KALONOV,

O'zbekiston prokuratura organlari faxriylarini

ijtimoiy qo'llab-quvvatlash jamoatchilik markazi raisi.

Oybek Sultonov,

O'zbekiston Respublikasi Bosh Prokuraturasi Kadrlar boshqarmasi boshlig'i o'rinbosari.

By Behzod

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan