Jeneva shahrida Xalqaro mehnat konferensiyasining 114-sessiyasi doirasida 12 iyun – Butunjahon bolalar mehnatiga qarshi kurashish kuni munosabati bilan “Bolalar mehnatiga qizil kartochka: Marokashdan amaliy harakatlargacha” mavzusida xalqaro tadbir bo'lib o'tdi.
Tadbirda bolalar mehnatini tugatish, ularning huquqlarini ta'minlash, munosib mehnat tamoyillarini keng joriy etish hamda ushbu yo'nalishdagi xalqaro hamkorlikni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.
Xalqaro mehnat konferensiyasida ishtirok etgan 187 ta davlat orasida O'zbekiston delegatsiyasi tomonidan mehnat, ijtimoiy himoya va ta'lim sohalarida amalga oshirilgan islohotlar natijalari taqdim etildi. Mamlakatimizda bolalar mehnatining deyarli to'liq bartaraf etilgani, bu natija davlat siyosati, kuchli ijtimoiy himoya tizimi va xalqaro hamkorlik samarasi sifatida xalqaro hamjamiyat tomonidan e'tirof etildi.
Oliy Majlis Senati raisi, Odam savdosiga qarshi kurashish va munosib mehnat masalalari bo'yicha Milliy komissiya raisi Tanzila Narbayeva o'z so'zida bolalar mehnatiga barham berishga faqat huquqiy taqiqlar bilan emas, balki uni keltirib chiqaruvchi asosiy sabablarni — qashshoqlik, ijtimoiy himoyaga muhtojlikni bartaraf etish, shuningdek, sifatli ta'lim va munosib mehnat imkoniyatlarini kengaytirish orqali erishish mumkinligini ta'kidladi.
Qayd etilganidek, mamlakat rahbariyatining qat'iy siyosiy irodasi, izchil islohotlar va samarali xalqaro hamkorlik natijasida O'zbekistonda bolalar mehnatiga amalda barham berilgan hamda uning qayta yuzaga kelishining oldini oluvchi barqaror mexanizmlar shakllantirilgan.
Shuningdek, mazkur natijalarga erishishda Xalqaro mehnat tashkiloti, ish beruvchilar va kasaba uyushmalari tashkilotlari bilan yaqin hamkorlik muhim ahamiyat kasb etgani, XMTning tavsiyalari izchil amalga oshirilgani qayd etildi.
Tadbir ishtirokchilari bugungi kunda mojarolar, migratsiya jarayonlari, iqlim o'zgarishi va norasmiy bandlik kabi omillar bolalar mehnati xavfini kuchaytirib borayotganiga e'tibor qaratdi.
O'zbekiston – markaziy osiyodagi eng xavfsiz mamlakat
Global tinchlik indeksi har yili xavfsiz davlatlar ro'yxatini e'lon qiladi. Reyting Avstraliyadagi Iqtisodiyot va tinchlik instituti mutaxassislari tomonidan tuziladi. Asosan ichki va tashqi mojarolar, ijtimoiy xavfsizlik va militarizatsiya ko'rsatkichlariga qarab, davlatlar ro'yxati shakllantiriladi. Qolaversa, qo'shnilar bilan munosabatlar, siyosiy beqarorlik va jamoat tartibi, jinoyatchilik statistikasi kabi mezonlar ham inobatga olinadi.
Ahamiyatlisi bu yil mamlakatimiz qo'shni davlatlar orasida yetakchilikni qo'lga kiritdi. (Ma'lumot uchun, o'tgan yili Qozog'iston mazkur pozitsiyada edi). Umumiy ro'yxatda O'zbekiston 163 mamlakat orasida 37-o'rinda, bu o'tgan yilgidan 10 pog'ona yuqori ko'rsatkich.
Shuningdek, reytingda birinchi o'rinda Islandiya, eng quyi o'rinda esa Rossiya turibdi.