fidoyi nuroniylar faoliyatiga nazar
Bugun Yangi O'zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko'lamli islohotlar natijasida barcha hududlar qatori Jizzax viloyati Arnasoy tumani ham yangi taraqqiyot bosqichiga qadam qo'ydi. Davlatimiz rahbari tomonidan inson qadrini ulug'lash, aholi turmush darajasini oshirish, mahallalarni obod qilish, tadbirkorlikni rivojlantirish va hududlar iqtisodiy salohiyatini yuksaltirishga qaratilgan siyosat tumanimiz hayotida ham o'z amaliy ifodasini topmoqda. Bugun Arnasoy haqida gap ketganda, faqat og'ir tabiiy sharoitlar emas, balki zamonaviy qishloq xo'jaligi, yangi ish o'rinlari, investitsiya loyihalari, turizm, xizmat ko'rsatish, ta'lim va infratuzilma sohasidagi ulkan o'zgarishlar haqida ham so'z yuritmoq darkor.
Ayniqsa, “mahallabay” ishlash tizimi asosida amalga oshirilayotgan ishlar aholi muammolarini joyida hal qilish imkonini bermoqda. “Sayxunobod”, “Zarbdor” va “Uychi” tajribalari asosida tumanda yuzlab mikroloyihalar amalga oshirilib, yangi ish o'rinlari yaratildi. Bu esa faqat iqtisodiy ko'rsatkich oshganini emas, balki yuzlab oilalarning daromadi, yoshlarning kelajakka ishonchi va xotin-qizlarning iqtisodiy faolligini anglatadi.
Tumanda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari mahallalar qiyofasini tubdan o'zgartirmoqda. Yangi ichimlik suvi tarmoqlari tortilayotgani, elektr ta'minoti yaxshilanayotgani, ichki yo'llar ta'mirlanayotgani, ko'p qavatli uylar rekonstruksiya qilinayotgani odamlar turmush tarzi va hayot sifatiga bevosita ta'sir ko'rsatmoqda. Obod mahalla bu faqat tashqi ko'rinish emas, balki inson qadrini ulug'lash, uning munosib yashashiga sharoit yaratish demakdir.
Qishloq xo'jaligi sohasida ham tumanimizda yangi islohotlar amalga oshirilmoqda. Suv tejovchi texnologiyalar, zamonaviy agrotexnika, xorijiy investitsiyalar va qayta ishlash sanoati yo'nalishida amalga oshirilayotgan ishlar Arnasoy iqtisodiyotida muhim burilish yasamoqda. Suv tanqis hududda har bir tomchi suvning qadrini yaxshi anglagan xalqimiz bugun zamonaviy texnologiyalar orqali unumdorlik va samaradorlikni oshirishga erishmoqda.
Shu bilan birga, xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, eksport salohiyatini oshirish, yangi agrosanoat va sanoat loyihalari orqali Arnasoyning iqtisodiy imkoniyatlari tobora kengayib bormoqda.
Bugun tumanimizda amalga oshirilayotgan yirik investitsiya loyihalari minglab yangi ish o'rinlarini yaratish, mahalliy mahsulotlarni tashqi bozorlarga olib chiqish va aholi farovonligini oshirishga xizmat qilmoqda.
Ta'lim, tibbiyot, sport va yoshlar siyosati sohalarida amalga oshirilayotgan ishlar ham Arnasoyning kelajak taraqqiyoti uchun mustahkam zamin yaratmoqda. Maktablarni ta'mirlash, zamonaviy jihozlar bilan ta'minlash, kutubxonalarni yangilash, tibbiyot muassasalariga yangi uskunalar olib kelish, sport infratuzilmasini rivojlantirish bularning barchasi inson kapitaliga qaratilgan muhim sarmoyadir.
Arnasoyning kelajak taraqqiyoti haqida so'z ketganda, Aydar-Arnasoy ko'llari imkoniyatlarini ham alohida ta'kidlash joiz. Bu betakror tabiiy hudud bugun turizmning yangi nuqtasi sifatida shakllanmoqda. Turistik markazlar, mehmonxonalar, xizmat ko'rsatish ob'yektlari, dam olish maskanlari va ekoturizm loyihalari tuman iqtisodiyotida yangi yo'nalishni vujudga keltirmoqda. Bu esa kelgusida Arnasoyni nafaqat agrar, balki turizm salohiyati yuqori bo'lgan hududlardan biriga aylantirishi, shubhasiz.
Yuqorida qayd etganimiz kabi samaradorlikka erishishda barcha sohalar qatori bugungi kunda jamiyatimizda faollik ko'rsatayotgan qatlam — nuroniylarning ham alohida e'tirofga munosib xizmatlari bor, albatta. Har qanday mahallaning ma'naviy ustuni nuroniylardir. Nuroniylar — kechagi cho'lni, ilk uylarni, birinchi qadamlarni, mashaqqatli yillarni ko'rgan, bugungi obodlikning qadrini yaxshi biladigan avlod vakillaridir. Ular — mahallaning vijdoni, yoshlarning maslahatgo'yi, xonadonlarning barakasi, tarix bilan kelajakni bog'lab turgan tirik ko'prikdir.
Bugun mamlakatimizda “Inson qadri uchun!” degan ezgu g'oya davlat siyosati darajasiga ko'tarilgan bir paytda nuroniylarga bo'lgan e'tibor ham mutlaqo yangi bosqichga chiqdi. Ayni o'zgarishlarning amaliy ifodasini “Nuroniy” jamg'armasining Arnasoy tuman bo'limi faoliyati misolida yaqqol ko'rish mumkin. Keksa avlodga hurmat — shunchaki urf yoki an'ana emas, balki jamiyat barqarorligini ta'minlaydigan ma'naviy ustunlardan biridir. “Hech kim mehr va e'tibordan chetda qolmaydi!” shiori asosida urush orti mehnat faxriylari, yordamga muhtoj keksalar, nogironligi bo'lgan insonlar va yolg'iz qariyalar holidan muntazam xabar olinishi buning amaliy ko'rinishidir. Tuman miqyosida 1 nafar urush orti mehnat faxriysi, 5 nafar yordamga muhtoj keksa, 2 nafar yuz yoshdan oshgan onaxon va 6 nafar nogiron, shuningdek, 15 nafar yolg'iz keksa holidan muntazam xabar olinayotgani, bayram kunlarida ularning xonadonlariga tashriflar uyushtirilayotgani nafaqat ijtimoiy yordam, balki ma'naviy qo'llab-quvvatlash vazifasini ham bajarmoqda.
“Bir nuroniy — o'n yoshga mas'ul” tamoyili bo'yicha 31 nafar faol nuroniyga 192 nafar uyushmagan va muammoli yoshlar biriktirilgan bo'lib, ular yoshlar bilan bevosita ma'naviy-ma'rifiy ishlar olib bormoqdalar. Hayotiy tajribalarini ulashgan holda, adashishdan asraydigan ma'naviy yo'l ko'rsatuvchiga aylanmoqdalar. Bu jarayonda nuroniylar shunchaki maslahat beruvchi emas, balki jamiyatdagi ma'naviy muhitni shakllantiruvchi kuch sifatida namoyon bo'lmoqdalar.
Tumandagi 21 ta umumta'lim maktabiga 63 nafar faol nuroniy otaxon, 11 ta maktabgacha ta'lim muassasasiga 33 nafar nuroniy onaxon biriktirilgan. Har oy o'tkaziladigan “Nuroniylar tarbiyaviy soatlari” mashg'ulotlarida faxriy keksalarimiz tomonidan bolalar ongi va qalbiga milliy qadriyatlar, odob-axloq, kattaga hurmat, Vatanga muhabbat tuyg'ulari singdirilmoqda.
Nuroniylar faoliyatining yana bir muhim jihati — sog'lom turmush tarzini targ'ib qilishdir. “Salomatlik uchun 5 ming qadam” tadbirining har shanba kuni muntazam o'tkazilishi va unda 325 nafar faol nuroniy ishtirok etayotgani Arnasoyda keksalar hayoti faqat xonadon bilan cheklanib qolmaganini ko'rsatadi. Sport musobaqalari, “Faxriy polvonlar”, “Unutilmas chempionlar” kabi uchrashuvlar esa yoshlarda sportga qiziqishni oshirib, milliy sport an'analariga nisbatan hurmat uyg'otmoqda. 20 nafar nuroniy va 40 nafar yosh ishtirokida tashkil etilgan musobaqalar mahalladagi ijtimoiy birlikni yanada mustahkamlashga xizmat qilganligi rost.
Oilalardagi nizolar va ajrimlarning oldini olish maqsadida, 22 nafar notinch oilaga 22 nafar faol nuroniy biriktirilgan. Ular ayni yo'nalishda tizimli ish olib borib, muntazam suhbatlar va targ'ibot tadbirlarini amalga oshirmoqdalar.
“Otalar choyxonasi”, “Uch avlod uchrashuvi” kabi tadbirlar orqali avlodlar o'rtasidagi ma'naviy bog'liqlik yanada mustahkamlanmoqda. Bunday uchrashuvlarda keksalar o'z hayot yo'li, mehnat faoliyati, boshdan kechirgan qiyinchiliklari va hayot saboqlarini yoshlarga hikoya qilib bermoqdalar. Bu esa ular uchun tajriba maktabi vazifasini o'tamoqda.
Keyingi yillarda Arnasoy tumani mahalla fuqarolar yig'inlari tashabbusi bilan bir qator keksalarning nomzodlari “Mehnat faxriysi” ko'krak nishoni bilan taqdirlash uchun tavsiya etildi. Jumladan, o'tgan 2025 yilda “Yangibo'ston” mahalla fuqarolar yig'ini tomonidan Rustam Utabayevning nomzodi I darajali, “Bobur” mahalla fuqarolar yig'ini tomonidan Ashur Tuyg'unovning nomzodi II darajali “Mehnat faxriysi” ko'krak nishoniga ko'rsatilgan. Joriy 2026 yilda ham ayni tashabbuslar davom ettirilib, ko'krak nishoni sohiblarini belgilangan tartibda taqdirlash tadbirlarini tashkillashtirish ko'zda tutilgan.
“Keksalar uchun turizm” loyihasi doirasida tuman nuroniylari ishtirokida poytaxtimiz Toshkent, Samarqand, Buxoro, Xiva, Farg'ona vodiysi, Qashqadaryo, Surxondaryo viloyatlariga uyushtirilayotgan sayohat va ziyorat tadbirlarini ham alohida e'tirof etish zarur. Arnasoyliklar mamlakatimizning shahar va qishloqlaridagi aziz avliyolar qabrlarini ziyorat qilishmoqda. Ular qadimiy me'morchilik, hunarmandchilik va joylarda amalga oshirilayotgan islohotlar samarasi bilan yaqindan tanishar ekanlar, ulkan taassurotlarga ega bo'lmoqdalar. Ayni e'tibor va imkoniyatlar uchun davlatimiz rahbariyatiga ulkan minnatdorlik bildirib, Yaratgandan yurtimiz tinchligi va xalqimiz farovonligini so'rab, duolarga qo'l ochmoqdalar.
“Kambag'allikdan farovonlik sari” dasturi doirasida 2026 yil
1 fevraldan 2026 yil 30 iyunga qadar 33 nafar faol nuroniyga 5 nafardan, jami 165 nafar kambag'al oila biriktirilgan. Ayni yo'nalishdagi amaliy sa'y-harakatlar jarayonida kambag'al oila farzandlariga o'quv qurollari va jihozlari yetkazib berildi. 32 nafar bolaning qo'shimcha darslar, 38 nafar bolaning to'garaklardagi ishtiroki ta'minlandi. 41 nafar bola ustalarga shogirdlikka biriktirildi. Bugungi kunda 125 nafar oila kambag'allik reestridan chiqarilgan bo'lib, hozirda bu boradagi tashabbuslar qizg'in davom ettirilmoqda.
Darhaqiqat, Arnasoy bugun faqatgina xaritadagi hudud yoki ma'muriy birlik emas. Bu inson irodasi, mehnat va matonat bilan bunyod etilgan hayot makonidir. Ushbu yurt tarixi qum va shamollar bag'rida hayot uchun kurashgan, yerni obod qilgan, suv chiqargan, qishloq barpo etgan insonlar qismati bilan chambarchas bog'liqdir. Shu ma'noda, aytish kerakki, Arnasoy tarixi — sabr bilan mehnat qilib, sahroni bo'stonga aylantirgan insonlar tarixidir. Shunday ekan, tumanda yangilanish, yasharish jarayoni davom etaveradi. Bunda faol nuroniylarning ham hissasi har qachongidan-da ulug' bo'lib, hal qiluvchi ahamiyat kasb etib boraveradi. Negaki, bugun arnasoylik nuroniylar hurmatli Yurtboshimizning bildirgan yuksak ishonchlariga labbay, deya javob berib, ezgu va xayrli ishlar yo'lida kamarbasta bo'lmoqdalar.
Isoq Avalboyev,
“Nuroniy” jamg'armasi
Arnasoy tumani bo'limi raisi.