— deydi 1200 nafar shogirdning ustozi, taniqli muallim Chori Boboqulov
Qashqadaryo viloyatining Yakkabog' tumanida yashovchi Chori ota Boboqulov bilan so'zlashsangiz, otaxon kamgapdek ko'rinadilar. ammo ta'limdan, dunyo bo'ylab yulduzdek sochilgan shogirdlaridan so'z ochsangiz, chori ota birdan jonlanib, ularni ta'riflay boshlaydilar.
— Toshkentda ishlayotgan Sarvarbek Sa'dullayev zo'r bola chiqdi-da, — deydi Chori bobo. — Dorishunosmisan, dorishunos bo'lib ketdi. Poytaxtda Azizbek Bo'tayev degan yana bir jarroh yigitimiz kaminadan kimyo saboqlarini olib, oliy o'quv dargohiga o'qishga kirgan. Har gal Yakkaboqqa kelishsa, ikkalovi ham bizni yo'qlaydi. Odamgarchiliklaridan mamnun bo'lamiz… Qo'shni Surxondaryoning Sherobodidan bo'lgan jarroh Abdullatif Ahadov ham ulardan qolishmaydi. Yutuqlaridan yayrashimni biladi. Shuning uchun bayramlaru hayitlarda kelib, izlanishlari, fandagi yangiliklar haqida so'ylab beradi. Shuningdek, xorij mamlakatlarida ham shogirdlarim anchagina. Angolada ishlayotgan jarroh shogirdim Boqijon O'roqovdan ham tez-tez yo'qlov olib turaman. Amerikada yaxshigina hurmat topib ishlayotgan shogird qizim Umida Eshquvvatova 12 ming dollar maosh olarkan. Bu xabardan ham xursand bo'ldim. Yana bir iqtidorli shogirdim Dilmurod Eshmo'minov esa Avstriya mamlakatida jarroh. Hozirda dolzarb mavzuda ilmiy-tadqiqot olib bormoqda. Baridan roziman. Ularni duo qilaman.
— Bari deganingiz necha nafar, ota? — so'raymiz qiziqib.
— Daftarimdagi ro'yxat bo'yicha aytadigan bo'lsam, 1200 nafar. Ro'yxatga tushmaganlari ham bor. Hayron bo'lyapsiz-a, maktabda ishlagan muallimning ham shuncha shogirdi bo'ladimi deb. Hammasini 8-sinfdan boshlab, darsdan keyin institutga o'zim tayyorlaganman. Kimyoni qiyin deb qiziqmaganlari ham bor edi. Bu fanning mo''jizaviy sirlarini o'rganganlaridan keyin o'zimdan ham o'tib ketishgan. Shu 1200 nafari oliy o'quv yurtiga birinchi urinishdayoq o'qishga kirgan.
Chori Boboqulovning eng zo'r muallim ekani haqidagi gaplar Yakkabog' yoki Qashqadaryo viloyatidagina emas, 1996-2010 yillar mobaynida qo'shni xududlarga ham ovoza bo'lgani rost. Tibbiyot, dorishunoslik, qishloq xo'jaligi sohalari, kimyo fani muallimligiga qiziqqanki bolalarni ota- onalari iltimos bilan shogirdlikka oling, deb yetaklab kelaverganlar. Chori ota aytgan daftar o'shanda ochilgan.
Chori ota shu kunda 76 yoshda. Hozir ham ta'lim sohasini jon dilidan yaxshi ko'radi. O'quvchilarning yaxshi bilim olishiyu maktablardagi sharoitlarni o'rganish uchun “Nuroniy” jamg'armasi tuman bo'limining raisi Farhod Jumayev bilan birga tez-tez maktablarga chiqadi. Uchrashuvlar o'tkazib, shogirdlari haqida bolalarga so'zlab beradi. Ilm ummon ekani, tubidan duru gavhar terish o'zi va elu yurtining yuksalishiga xizmat qilishi haqida so'ylaydi.
— Ayolingiz Muhtaramaxonim ham o'qiganmilar?
— Muhtarama onangiz oliy ma'lumotli emas, chevar — tikuvchi bo'lgan. Ammo mening ilm yo'lidagi har bir harakatimni qo'llab-quvvatlagan. “O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan o'qituvchi” unvoniga ega bo'lganimdan buyon faxru iftixori yanada ortgan. Farzandlarimizga otangizdek ilmli bo'lishingiz, obro' topishingiz uchun hozirdan harakat qiling deb uqtirgani-uqtirgan.
Muhtarama ona turmush o'rtog'i ta'kidlaganidek, sakkiz farzand ko'rib, ikki nafarini qaro tuproq bag'riga topshirgan. Dog'ida kuyib, yig'lab, olti farzandni sog'u omon o'stirish uchun jonfido qilgan onalardan. Besh qizining ham dadasidek kimyoga mehr qo'ygani onaxonning yana bir quvonchi bo'lgan ekan.
Axir, shu kunda Dilnoza, Lolaxon, Xurshidaxon, Mahzunaxon oliy ma'lumotli shifokor. Matlubaxon esa tibbiyot hamshirasi bo'lib, elga xizmat ko'rsatyapti. Kenja farzand Umidjon iqtisodchi, kelini Umidaxon muallima. Chori ota bilan Muhtarama onaning besh kuyovlaru birgina kelinidan ham omadi kelgan. Bari o'qimishli. Har holda Boboqulovlar oilasining farzandu nabiralaridan hozir sakkiz nafari shifokorlik kasbini ulug'lab, sidqidildan mehnat qilishyapti.
Chori ota va Muhtarama onaxonning o'zaro ahil, bir-biroviga ko'makdoshligi tufayli xonadon hamisha obod. Tomorqalari u qadar katta bo'lmasa-da, to'rt-besh xil sara nav uzumlar, tobora noyoblashib borayotgan oq marjon tutlari, olma, o'rik, gilos, xullas, jami meva daraxtlari bahorda gullab, kuzda hosil bergan holda ko'zni quvontiradi. Dasturxonlarini to'ldiradi. Muhtaramaxon ona esa kelini ishga shoshilib, ulgurolmay qolganda sigirini o'zi sog'ib, qaymoq oladi. Kelinimga harna ko'mak deb, uy yumushlarida ishtirok etadi.
Tumanda Chori otaga safdosh Muxtorjon Jo'rayev, G'ofurjon ota Muhammadiyev, Jumanboy To'xliyev, Xo'jaqul Haitov kabi faol nuroniylar talaygina. Ular “Uch avlod uchrashuvi”, “Qo'sha qarish saodati” kabi tadbirlarda birga ishtirok etadilar. Respublikamizning turli shaharlariga uyushtirilgan sayohatlarda dam olib, o'lkamizning obod manzillarini tomosha qilib qaytadilar. “Nuroniylar choyxonasi”ni tashkil qilish haqidagi taklifni ham aynan faollarning o'zlari berganlar. Tuman nuroniylari sardori Farhod Jumanovning aytishicha, yakkabog'lik faxriylar uchun hademay bu gurung maskani ham tayyor bo'ladi.
Zamira Ro'ziyeva,
“Nuroniy” muxbiri.