An'anaga muvofiq, 15 may — Xalqaro oila kuni munosabati bilan mamlakatimizda oila institutini mustahkamlash, milliy qadriyatlarni asrab-avaylash va yosh avlodni barkamol etib tarbiyalashga munosib hissa qo'shib kelayotgan xonadon vakillarini rag'batlantirish maqsadida ta'sis etilgan «Ibratli oila» ko'krak nishoni o'z egalariga topshirildi.
Quvonarlisi, “Nuroniy” gazetasi va “Keksalik gashti” jurnali Bosh muharriri Hamroxon Musurmonova ham “Ibratli oila” ko'krak nishoniga sazovor bo'ldi. O'zbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qo'llab-quvvatlash “Nuroniy” jamg'armasi respublika Boshqaruvida Musulmonovlar oilasiga mazkur mukofot tantanali topshirish marosimi bo'lib o'tdi.
Tadbirda “Nuroniy” jamg'armasi Respublika Boshqaruvi raisi, Senator, O'zbekiston Qahramoni Sodiqjon Turdiyev va uning o'rinbosari Shuhrat Usmonov so'zga chiqib, oila jamiyatning tayanchi ekani, sog'lom va ma'naviy barkamol avlod tarbiyasida ibratli oilalarning o'rni beqiyos ekanini ta'kidlab, Musulmonovlar oilasini yuksak mukofot bilan tabriklashdi.
Musulmonovlar oilasiga ko'krak nishoni, guvohnoma va pul mukofotlari topshirildi.
Musulmonovlar oilasi poytaxtimizning Bektemir tumanidagi «Nurli yo'l» mahallasida istiqomat qiladi. Ta'kidlash kerakki, 33 yildan buyon ahillik va mehr-oqibat bilan umrguzaronlik qilayotgan oila sohiblari o'z kasbining haqiqiy fidoyilaridir.
Jumladan, oila boshlig'i — taniqli sport jurnalisti Ravshan Musulmonov ko'p yillardan buyon yurtimizda sog'lom turmush tarzini keng targ'ib etish va o'zbek sporti yutuqlarini izchil yoritish yo'lida samarali xizmat qilgan. Ayni paytda u O'zbekiston Futbol Assotsiatsiyasiga qarashli “Qiziltog'” sport-sog'lomlashtirish bazasi direktori lavozimida ishlash bilan birga, mamlakatimizda futbolni rivojlantirish va yoshlar o'rtasida sportni keng targ'ib etish yo'lida munosib xizmat qilib kelmoqda. Oila farzandi Nurillo Kenjaboyev ham sport sohasida xizmat qiladi.
Xonadon kelini Laylo Abduolimova ikki farzandning onasi, shu bilan birga Chirchiq davlat pedagogika universitetida ikkinchi mutaxassislik bo'yicha tahsil olmoqda.
Oila bekasi Hamroxon Musurmonova esa «Nuroniy» gazetasi va «Keksalik gashti» jurnali bosh muharriri. U yurtimiz nuroniylarining ijtimoiy hayotini mazmunli tashkil etish va oilalarda sog'lom ma'naviy muhitni qaror toptirishda jonbozlik ko'rsatmoqda. Ahamiyatlisi, oila bekasining bevosita tashabbusi bilan aholi, ayniqsa, xotin-qizlar va yoshlar uchun muhim xayriya loyihalari amalga oshirilgan.
Jumladan, Hamroxon Musurmonovaning bevosita tashabbusi bilan o'zi istiqomat qilayotgan mahallada «Oilam — oltin qo'rg'onim» loyihasi doirasida 25 nafar mahalla bolalari uchun bepul kompyuter savodxonligi darslari tashkil etilgan, shu bilan birga, 15 nafardan ziyod ishsiz xotin-qizlar tikuvchilik yo'nalishiga o'qitilgan. Bugungi kunda ularning aksariyati shu yo'nalishda ishlab, oilaviy daromadlarini shakllantirmoqda.
Umuman, 33 yillik ibratli hayot yo'li, jamiyat rivojiga qo'shayotgan hissasi bilan mazkur oila bugun ko'plab yurtdoshlarimiz uchun o'rnak bo'lishga arziydi. Biz “Nuroniy” gazetasi va “Keksalik gashti” jurnali ijodiy jamoasi nomidan Musulmonovlar oilasini, xususan ustozimiz Hamroxon Musurmonovani ushbu yuksak e'tirof bilan samimiy qutlab, xonadonlariga tinchlik, fayzu baraka va yangi zafarlar tilaymiz!
Dilyara Sirojiddinova