– deydi Yangiyo'llik ikkinchi jahon urushi qatnashchisi Nodir ota Mansurov
Inson umrini oqar suvga o'xshatishadi. Ko'z ochib-yumguncha men ham bir asr yashab qo'yibman. Toshkent viloyati Yangiyo'l tumani va Yangiyo'l shahridan ikkinchi jahon urushiga safarbar etilgan o'n to'rt ming odamdan ayni kunda bir o'zim qoldim.
Bugungi farovon kunlarga yetib kelguncha juda ko'p mashaqqatli kunlarni ko'rdik. Otam qoshlari qalin, yelkador, baquvvat, yuz-ko'zi nurli va ko'rkam, mo'ylovi o'ziga yarashgan barvasta kishi edi. U usta mirishkor dehqon bo'lib, umr bo'yi dehqonchilik bilan shug'ullandi. Onam tumanda, front ortida kolxozchi bo'lib ishlab, kechani kecha, kunduzni kunduz demasdan, og'ir va mashaqqatli mehnat qildi. Chehrasi ochiq, kengfel, sabrli, yuzidan nur yog'ilgan, shirinso'z, yuzida mashaqqatli yillarning chuqur izlari aks etgan, tinib-tinchimas ayol edi.
Bolaligimdan qishloq hayotining mashaqqatlarini o'z gardanimda his qilganman. Yoshlik yillarida turli yumushlarga erta jalb qilingan edik. Yetti yoshimda maktabga borganman. To'qqiz yoshimda, 1935 yili otamdan ajralib qolganmiz. Shunda turmushimizda og'ir kunlar boshlangan. Oilani boqish akamning zimmasida, maktabimiz masjidning yonidagi 44-maktab edi.
1941 yilda urush boshlanib, osuda hayotimiz ostin-ustun bo'lib ketdi. Avvaliga noming o'chgur urush uzoq joylarda bo'lyapti-ku, deb biroz xotirjam bo'ldik. Lekin tez orada urushning ziyon-zahmati bizgacha yetib keldi. O'zbekiston bo'ylab yalpi chaqiruv e'lon qilindi. Akamga ham chaqiruv qog'ozi keldi. Akam uylangan, ikki farzandi bor bo'lgani sabab, xech ikkilanmasdan Vatanni himoya qilishga otlandi. Esimda, o'shanda poezd odamlar bilan to'la edi. Hamma yaqinlariga so'nggi bor qarar, qadrdonlaridan ko'z uzolmas, vagonlar eshigidan tinmay qo'l silkitib turishardi. Yillar o'tdi, lekin akamning daragi bo'lmadi. Urushdan na bir xat, na bir xabar keldi. Shu ketganicha uyga qaytmadi. Erkaklar frontga jo'natilganligi sababli, dehqonchilik, zavod va fabrikalardagi ishlar, asosan, ayollar va bolalar zimmasida qolgandi. Urush yillari oziq-ovqat mahsulotlari kam bo'lib, aholi taqsimot tizimi asosida yashashga majbur bo'ldi.
Akam urushga ketgach, oila mas'uliyati mening zimmamga tushdi. 1941-1944 yillarda o'qishni tashlab, kolxozda, oqsoqol Umarali ota brigadasida ishlaganman. O'qishga vaqt, imkon bo'lmay qoldi.
Nihoyat, 1944 yilning noyabr oyida meni ham urushga chaqirishdi. O'sha paytda 18 yoshda edim. Harbiy xizmatga ketish oldidan ikki oy davomida harbiy tayyorgarlikdan o'tdik. Bizni dastlab Samarqanddagi harbiy poligonga jo'natishdi. U yerda sapyorlik, jangovar taktika va qurol ishlatish bo'yicha mashg'ulotlardan o'tdik. Bizning avlod urush tugashiga yaqin jangga kirdi. 1945 yilning yanvar oyida Sharqiy frontga jo'natishdi. Qishda Polsha hududiga yetib keldik. Men 209/30 snayper polkida oddiy askar-o'qchi sifatida xizmat boshlaganman. Bizni jangovar qismlarga taqsimlash paytida: “Kim uyida ovchilik bilan shug'ullangan? Kim miltiq otgan?” deb so'rashdi. Men bir qadam oldinga chiqdim. Chunki bobom nomdor ovchi edi. Yillar davomida bobom va boshqa tajribali ovchilardan to'qayda yurish, jonivorlarni poylash, kerakli paytda miltiq tepkisini bosish kabi malakalarni o'zlashtirgan edim. Bizni snayper bo'yicha harbiy yo'riqchi sinab ko'rdi. Biz birin-ketin nishonga qarata o'q uzdik. Mening to'rtta o'qim to'rtta nishonga bexato tegdi. Boshqa askarlar bunday natijalarga erisha olmadilar. Shu tariqa, men snayper bo'lib urushga kirdim.
Ilk marta haqiqiy jangga 1945 yil fevral oyida kirdim. Bu paytda dushman ortga chekinayotgan, lekin har bir qadamini qon bilan, jon bilan to'lashga tayyor edi. Dushman artilleriyasi bizni shiddat bilan o'qqa tutar, biz esa tuproq qazib, mudofaa chizig'ini barpo qilishga harakat qilar edik. O'sha janglarda halok bo'lgan safdoshlarimni birinchi marta o'z ko'zim bilan ko'rdim. Sharqiy front janglari Polsha, Vengriya va Chexoslavakiyada bo'lib o'tardi.
1945 yil yanvar oyida Polshani ozod etish janglarida ishtirok etdim. Bir kuni biz yetti kishidan iborat guruh bo'lib, dushman mustahkam o'rnashib olgan bino ichiga kirdik. Hech qanday ovoz chiqarmaslikka harakat qildik. Dushman bizni payqab qoldi va otishma boshlandi. O'q otilishi bilan bir necha safdoshim yerga qulab tushdi. Shunda men snayper miltig'imni ko'tarib, o'q otilgan tomonga yo'naltirib, dushman joylashgan manzilni aniqladim. Dushman tomonda ham snayper bor ekan. U ham mening snayper ekanimni sezib qoldi. Bu duelda men g'olib chiqqanman. 1945 yil aprel oyi oxirida Berlinga yaqinlashdik.
Berlinda urush o'zining so'nggi pallasiga kirgan, dushman taslim bo'lishi aniq edi. Ular buni bilishsa ham, oxirigacha kurashishga qaror qilishgan. 1945 yilning 30 aprel kuni askarlarimiz Germaniya parlamenti, Uchinchi Reyxning timsoli bo'lgan Reyxstag binosiga bostirib kirishdi. Nihoyat, Reyxstag binosi peshtoqiga G'alaba bayrog'i qadaldi. Hamma bayroqqa tikilgancha “Ura! Ura!” deb hayqirardi.
G'alabadan so'ng biz dahshatli urushning ayanchli oqibatlarini bartaraf etish, ya'ni tozalash ishlari bilan shug'ullandik. Men 1945 yil yoziga qadar 315-snayper polki, keyin esa 17-tank brigadasida xizmat qildim. 1946-1947 yillarda Chexoslavakiya va Germaniya hududida harbiy xizmatda bo'ldim. 1950 yillargacha Yevropada urush oqibatlarini bartaraf etish, joylardagi vayrona va xarobalarni tozalash ishlarida qatnashdim.
Vaqtlar o'tdi. 1950 yilning kuzi. Men ota yurtim, jonajon O'zbekistonga keldim. Lekin, afsuski, urushdan qaytganimda hayot tamoman o'zgarib ketgan edi. Bolaligim o'tgan uy butunlay buzilgan. Ro'zg'or, tirikchilik deganlari izdan chiqqan. Qora qozonni har kuni qaynatishning iloj-imkoni yuq edi. Shu og'ir kunlarda opam menga tayanch bo'ldi. Bir muddat Anorxon opam bilan yashadim. Shunday mushkul vaziyatda hayotimni qaytadan barpo etishga o'zimda kuch-quvvat topdim.
Taqdir meni tatar millatiga mansub moviy ko'zli, shirin so'zli Amina ismli qiz bilan uchrashtirdi. Amina ham mening tengdoshim edi. Urushdan keyingi tiklanish yillarida katta to'y qilishga imkonimiz yo'q edi. Faqat mulla chaqirib, nikoh o'qitdik. To'y-tantana emas, bir-birimizga bo'lgan hurmat va sadoqat muhabbatimizning bezagi bo'ldi. Amina aqlli va mehribon ayol edi. Har qanday sharoitda yonimda turdi.
Yillar o'tdi, lekin bizning farzandimiz bo'lmadi. Shunga qaramay, ajrashish haqida hech o'ylamadik. Bir-birimizga suyanch va tayanch bo'ldik, hayot mashaqqatlarini birga, yelkama-elka yengib o'tdik. Aminaning singlisi, qaynisinglim o'z qizini bizga berdi. Uni mehr bilan bag'rimizga bosdik, o'z farzandimizdek tarbiyaladik.
Kunlar, yillar o'tib, bu qizimizni turmushga uzatish vaqti keldi. Uni harbiy xizmatda bo'lgan yigitga turmushga berdik. Kuyovimizning ishi tufayli ular Ozarbayjonga ko'chib ketishdi. Oradan yillar o'tdi. Bu orada ular o'z hayotlarini to'la-to'kis barpo etishdi. Farzandli, uy-joyli bo'lishdi. Hozirda ularning ham nevaralari bor. Bayram va boshqa kunlarda kelib-ketib, holimizdan xabar olib turishadi. Men 1950 yildan 1964 yillargacha konserva tayyorlash zavodida ishladim. Keyin esa 1965 yildan 1983 yilgacha Yangiyo'l yog'-moy zavodi, 1983 yildan 1986 yilgacha, ya'ni nafaqaga chiqqunimga qadar “Gidroliz” zavodida mehnat qildim. Nafaqaga chiqqach, og'ir atletikaga oid jismoniy mashqlar bilan muntazam shug'ullanib turishim umrimga umr, sog'lig'imga sog'liq qo'shgan bo'lsa, ne ajab?!
2000 yil edi. Yolg'izim, baxtim Aminamni shafqatsiz o'lim hayotimdan yulib ketdi. Uni yo'qotish men uchun juda og'ir bo'ldi. Shu kunlar ichida odamlar meni tinchlantirmoqchi bo'lishdi. “Vaqt — oliy hakam. Bu kunlar o'tib ketadi”, deyishdi. Ammo vaqt faqat kunlarni o'tkazadi. Lekin yuragimdagi og'riqni olib ketmadi. Men uni yo'qotdim, lekin u yuragimda hali-hamon yashaydi.
Hozir ham mening oldimga hol-ahvol so'ragani nuroniylar, hokimlar, mahalla raislari, qo'ni-qo'shnilar kelib turishadi. Mehrli so'zlari bilan taskin-tasalli berishga harakat qilishadi. Menga jiyanim Hafiza qaray boshladi. U bedarak ketgan akamning nevarasi, akamdan qolgan yodgorim. Men 30 yildan ortiq akamning izlarini izladim. Turli tashkilotlarga murojaat qildim, urushda halok bo'lganlarning mozorlarini topish bilan shug'ullanadigan iztoparlar bilan ham bog'lanib, xabarlashdim. Keyin tushundimki, akam halok bo'lgan.
Jiyanim Hafiza menga mehr bilan qaraydi, u har kuni yonimda. Mana, yigirma besh yil bo'ldi. Hafizaning oilasi, bolalari, nevaralari bor. Yaqinda uyimizda to'y qilamiz, Hafizaning o'g'lini uylantiramiz. Men evara kelinli bo'laman. Hayot shunaqa, bir kelib, bir ketamiz. Ortimizda yaxshi odamlar qolsa, umr befoyda o'tmagan bo'ladi.
Hayotimda ko'p mukofotlar olganman. Lekin ular orasida urushda olgan mukofotlarimni alohida qadrlayman. O'zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmonlariga muvofiq, asosan, G'alabaning 65, 70, 75, 80 yilligi munosabati bilan yubiley medallari, “O'zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 30 yilligi” ko'krak nishonlari bilan taqdirlandim. Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin “1941-1945 yillarda Ulug' Vatan urushida qozonilgan buyuk g'alabaning 75 yilligi” yubiley medalini taqdim etdi. Bu mukofotlar meni behad quvontiradi va ularning har birini men hayotda erishgan yuksak marralar, deb atashim mumkin.
Urushni juda katta fojia, beayov halokat va mislsiz yo'qotishlar deb bilaman. Shuni angladimki, tinchlikdan boshqa muqaddas ne'mat yo'q. Prezidentimiz ma'ruzalaridan birida: “Biz Ikkinchi jahon urushini ko'rgan yurtdoshlarimiz oldida umrbod qarzdormiz!” deb ta'kidlaganlar. Bu borada o'zlari alohida tashabbus va sa'y-harakat ko'rsatib, Toshkent shahrida “G'alaba bog'i”ni bunyod etishga muhim e'tibor qaratdilar. Urushning dahshatli yillari, bor qiyinchiligiyu suronli va olovli janglarini yodga soluvchi mazkur obida yosh avlod uchun ibrat maktabi bo'lib, buni ko'rgan har bir inson qalbida urushga nisbatan qahr-g'azab va nafrat, buyuk ne'mat, bebaho tinchlikning qadriga yetish va uni saqlash uchun kurashish tuyg'ulari shakllanishi bor gap.
Mana, Ikkinchi jahon urushida qozonilgan g'alabaning 81 yilligi nishonalanayotgan ushbu yilda men umrguzaronlik qilayotgan Yangiyo'l tumani tashkil topganiga 100 yil to'ladi. Shu dorilomon kunlar uchun shukronalar aytar ekanman, ushbu kunlar shukuhidan biz qatori jangchilar, frontdosh do'stlarimiz ham bahramand bo'lganida edi degan armon ko'nglimdan o'tadi. Ularning ruhini shod etish uchun tumanimizda Ikkinchi jahon urushi qatnashchilariga bag'ishlab, chog'roq bir ko'rkam muzey tashkil etilsa, ayni muddao bo'lar edi. Shunda urushdan jabr ko'rgan va musibat chekkan ne-ne oilalarning farzandlari o'z bobokalonlari bilan yanada faxrlangan, inson qadri ulug'lanayotgan shu yurt uchun sadoqatlari yanada yuksalgan bo'lardi.
Yusup MAMADIYoROV
yozib oldi.