15 may — Xalqaro oila kuni
Oila nafaqat sharq xalqlari, balki butun insoniyat uchun muhim ijtimoiy institut sanaladi. U o'zaro birdamlik, ma'naviy uyg'unliknigina anglatib qolmay, o'z navbatida, davlat va jamiyatning asosiy tayanch vositalaridan hisoblanadi. 15 may xalqaro miqyosda oila kuni sifatida nishonlanishida ham ramziy ma'no bor. Avvalo, shuni ta'kidlash kerak: 1993 yilda mazkur sana Xalqaro oila kuni (International Day of Families) deb belgilandi. Bu, o'z-o'zidan, davlat va jamiyatlar kun tartibiga jiddiy masalalarni chiqardi. Iqtisodiy qiyinchiliklar, tarbiya, gender tengligi, migratsiya, yoshlar masalalarini yer yuzi aholisining e'tibor markaziga qo'ydi.
Bunga qo'shimcha, oila nafaqat shaxsiy hayot, balki ijtimoiy kelib chiqishning o'zagi, negizidir. Farzandlar milliy o'zlik asoslarini dastlab oilada taniy boshlaydi: til o'rganadi, qadriyatlarni qabul qiladi, yaxshini yomondan ajratishni o'rganadi, atrof, tabiiy muhitga, jamiyat a'zolariga munosabat shakllanadi. Shu sababdan, oilaviy muhitning sog'lom bo'lishi, unda intellektual va ishbilarmonlik salohiyati yuqori bo'lishi, hayotga bo'lgan munosabat shakllari sifat darajasiga ko'ra butun boshli jamiyatning barqarorligiga ta'sir ko'rsatadi.
Ikkinchidan, mamlakatda jinoyatchilik darajasi, kambag'allik va ruhiy muammolarning oila bilan bog'lanishi ham bejiz emas. Agar oila mustahkam bo'lsa, bu — ko'p jihatdan ota-onaga va keksa yoshdagi nuroniylarga bog'liq — mazkur ijtimoiy muammolarning dastlabki ko'rinishlarida oldi olinadi.
Uchinchidan, oilalar farzand parvarishi, keksalarga g'amxo'rlik, shuningdek, oila a'zolari o'rtasida resurslarni taqsimlash mas'uliyatini yelkasiga olgani ortidan davlat iqtisodiyotiga yengillik berib, uning zimmasidagi yukni kamaytiradi.
Eng muhimi, oila emotsional tayanch vazifani bajarib, zarur vaqtda kishiga ruhiy qo'llab-quvvatlov, rag'bat, bir-birini tushunish kabi psixologik yordam ko'rsatadi. Ayniqsa, zamonaviylik bilan bog'lanadigan uch tushuncha: texnologiya, urbanizatsiya va individualizm kuchaygani sari oila qadriyatlarining zaiflashib borayotgani mazkur sananing shunchaki bayram sifatida nishonlanishidan ham ko'proq oilaga befarq bo'lmaslik signali ekanini ko'rsatmoqda.
— Dunyo davlatlarida oila institutiga yondashuv turlicha shakllangan bo'lib, u milliy qadriyatlar, madaniyat, din va ijtimoiy siyosat bilan bog'liq. Masalan, G'arb davlatlarida shaxsiy erkinlik, gender tengligi va individual yondashuv ustun bo'lsa, Sharq mamlakatlarida an'anaviy oilaviy qadriyatlar, kattalarga hurmat va jamoaviy mas'uliyat muhim hisoblanadi, — deydi psixolog Indira Rahimova. — Ayrim mamlakatlarda davlat tomonidan oilani ijtimoiy himoya qilish, tug'ilishni qo'llab-quvvatlash va psixologik xizmatlarni rivojlantirishga katta e'tibor qaratiladi. Xususan, O'zbekistonda oila institutining kuchli tomonlari, avvalo, oilaviy qadriyatlarning mustahkamligi, qarindosh-urug'chilik munosabatlarining saqlangani, kattalarga hurmat va o'zaro qo'llab-quvvatlash muhitining mavjudligida ko'rinadi. Bu holat yoshlar tarbiyasi, ma'naviy barqarorlik va ijtimoiy birdamlikni ta'minlashda muhim ahamiyatga ega. Shu bilan birga, ayrim muammoli jihatlar ham mavjud. Xususan, yoshlarni oilaviy hayotga psixologik tayyorlash yetarli darajada emasligi, ayrim oilalarda muloqot madaniyati pastligi, erta nikoh, ajrimlar sonining ortishi va iqtisodiy bosimlar oilaviy munosabatlarga salbiy ta'sir ko'rsatmoqda. Bundan tashqari, zamonaviy axborot muhiti va globallashuv jarayonlari ham an'anaviy oilaviy qadriyatlarga ma'lum darajada ta'sir qilmoqda.
Darvoqe, oilalar bilan bog'liq muammolarning oldini olish maqsadida mamlakatimizda oila institutini qo'llab-quvvatlash davlat siyosati darajasiga ko'tarilgan. Xususan, mahallalarda muammoli oilalar va yoshlarning keksa nuroniylarga biriktirilishi, jamiyatda ijtimoiy himoyaning kuchaygani, kambag'allikka qarshi harakatlar davom etayotgani, aholining turmush farovonligiga erishishga har tomonlama ko'maklashilayotgani, ma'naviy-ma'rifiy targ'ibot ishlari joylarda tashkil etilayotgani ayni masalalarga muvofiq yechim topish va ziddiyatli vaziyatlar hamda salbiy oqibatlarning oldini olishga qaratilgan.
Oilani asrash, unda sog'lom muhitni shakllantirish, barkamol avlodni tarbiyalash xususida gap ketganda, uzoq yillardan beri birga baxtli yashab kelayotgan namunali juftliklarning oila modeliga e'tibor qaratish, ibratli tomonlarini ommalashtirish katta ahamiyatga ega.
To'g'onbekovlar oilasi “3-Charx Kamolon” mahallasining ibratli xonadon sohiblari bo'lib, Toshkent shahrining Chilonzor tumanida yashashadi. Hasanbek ota va Dilfuza aya 49 yildan buyon birga yashab kelishmoqda. 4 nafar farzandni tarbiyalab, barchasini oliy ma'lumotli qilishgan. Hasanbek ota mahalla miqyosida tashkil etiladigan ishlarda, xususan, mahalla infratuzilmasini yaxshilashda munosib faollik ko'rsatib, tashabbuskorligi, insonparvarligi bilan mahalla ahlining mehrini qozongan. Dilfuza aya “Kamolon”ning “Buvijonlar maktabi” guruhi a'zosi. Tanigan-bilganlar onaxonni namunali oila bekasi, mehribon ona sifatida e'tirof etadi.
Yo'ldoshevlar oilasi 51 yildan buyon ahil-inoq yashab kelmoqda. Mazkur oilada tug'ilib-o'sgan 3 nafar farzandning hammasi oliy ta'lim tahsilini olgan. Hozirda ular iqtisod, tibbiyot va tadbirkorlik sohalarida ishlab, el-yurt taraqqiyotiga o'z hissalarini qo'shishmoqda. Boqijon ota va Xolida aya mehnat faoliyati davomida, shuningdek, bugungi kunda ham jamiyatda ijtimoiy himoyani kuchaytirish, himoyaga muhtoj aholini qo'llab-quvvatlash, ularga ijtimoiy ko'mak ko'rsatishga e'tibor qaratib, 7 nafar nabirasi, shuningdek, yoshlarga yo'l-yo'riq ko'rsatadi, ularni ilmu ma'rifatga, ishbilarmonlikka, zamonaviy ko'nikmalarni o'zlashtirishga rag'batlantiradi. Bu ikki nuroniy turmushdan saodatga erishish uchun oilaviy qadriyatlarni ulug'lash, kattaga hurmat, kichikka izzat ko'rsatish, bir-birini tushunib yashash va qo'llab-quvvatlash kabi jihatlarga jiddiy e'tibor qaratish zarurligini ta'kidlaydilar. Ularga ko'ra, oila mustahkam bo'lsagina, jamiyat yuksalishi mumkin. Mahalla-ko'y, qo'yingki, mamlakatning milliy qiyofasini aynan ana shu kichik jamiyat — oiladagi muhit, kayfiyat, odob-axloq va urf-odatlar belgilaydi.
Husanxo'jayevlar xonadoni ham tumanning ko'zga ko'ringan ibratli oilalaridan. O'lmas ota Husanxo'jayev texnika fanlari nomzodi, dotsent, Toshkent arxitektura-qurilish universiteti gidrotexnika va geotexnika muhandisligi kafedrasi professori lavozimida faoliyat yuritgan. 62 yillik mehnat stajiga ega, hozir nafaqada. O'lmas ota I darajali “Mehnat faxriysi” hamda “Gidroenergiya iftixori” ko'krak nishoni sohibi. Muqaddasxon ayaning ham tibbiyot sohasidagi uzoq yillik mehnatlari qadrlanib, “O'zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash a'lochisi” ko'krak nishoni bilan taqdirlangan. Nabiralar bobo-buvisining yarim asrga teng umr falsafasidan ibrat olib, kamolga yetmoqda. Bugungi kunda ular turli oliygohlarda tahsil olib, fan olimpiadalarida qatnashib kelmoqda.
“Qush uyasida ko'rganini qiladi”, deydilar. Xuddi shunday, To'g'onbekovlar, Yo'ldoshevlar, Husanxo'jayevlar qatori Chilonzor tumanining qator namunali oilalari, xususan, Hakimovlar, Sultonovlar oilasida oila boshliqlarining turish-turmushi, gap-so'zi, xalq orasidagi obro'-e'tibori, turmush tutumlari nafaqat farzandlar, balki nabiralarga, mahalla-ko'yning o'g'il-qiziga ham namuna bo'lmoqda. Yoshlar ularning ibratli, tinch-totuv oila modeliga asosan, el-ulus orasida qadr topish, obro'-e'tibor qozonish uchun, avvalo, shaxs kamoloti va oila institutlarining mustahkamligi, barqarorligi birlamchi ahamiyat kasb etishini anglab bormoqda.
Darvoqe, jamiyatni tarbiyalash haqida uzoq yillardan beri gapirib kelinadi. Aslida, o'zgarish har bir shaxs tarbiyasidan boshlanishini inobatga olsak, bu jarayonda oila, ustozlar hamda mahallaning roli naqadar katta ekanini payqash mumkin.
Sug'diyona SOBIROVA,
“Nuroniy” muxbiri.