Jizzax viloyatining Zarbdor tumanida aholi salomatligini muhofaza qilish, keksalarning sog'ligini tiklash, yoshlarni sportga qiziqtirish, aholining tibbiy-ijtimoiy hamda madaniy darajasini oshirish borasida bir qator chora-tadbirlar amalga oshirib kelinmoqda. 

2026 yil 7 aprel kuni Yurtboshimiz raisligida o'tkazilgan “Jismoniy tarbiya va sport sohasidagi ustuvor vazifalar yuzasidan o'tkazilgan videoselektor yig'ilishida “Zarbdor tajribasi” deya etirof etilganligi bizni yanada ruhlantirdi. Bundan ommaviy sportning ahamiyati va bajariladigan ishlar ko'lamini kengaytirish lozimligini his qildik. Jismoniy tarbiya mashg'ulotlari, musobaqalar, sport tadbirlari — yosh tanlamaydi.  Hududimiz nuroniylari haftaning har juma kunini — sport kuni sifatida ko'tarinki ruhda o'tkazishadi. Tadbirlar davomida sog'lom raqobat, jamoaviy muhitning iliqligini ko'rib quvonasan kishi.  Ayniqsa, joriy yilning 23 aprel kuni o'tkazilgan “Tuman hokimi kubogi” keksa avlod vakillarining faolligini yanada oshirdi.

Keksalarning yoshini hisobga olgan holda turli ijtimoiy-madaniy tadbirlar o'tkazilayotganligi — yurtimizdagi barcha nuroniylarning salomatligini yaxshilash, ularning ijtimoiy faolligini oshirish va uzoq umr ko'rish darajasining oshib borishiga qaratilgan g'amxo'rlikning yuksak namunasidir. Bu borada muhtaram Prezidentimiz tomonidan aniq yo'nalish va maqsadli vazifalar belgilab berilgan. Bu vazifalar ijrosini ta'minlash va hayotga tadbiq etish maqsadida tuman hokimligi,  tibbiyot birlashmasining xizmat ko'rsatish bo'limi, O'zbekiston Mahallalar uyushmasi  hamda “Nuroniy” jamg'armasi tuman bo'limlari o'zaro hamkorlikda ish olib bormoqda. Jumladan, tadbirkor Bekzod Toshpo'latov tashabbusi bilan sportning voleybol, shaxmat, shashka turlari bo'yicha o'tkazilgan bellashuvlar o'z ahamiyati bilan ajralib turdi.

Bundan tashqari,  to'ylar, oilaviy tantanalar, ma'raka va marosimlarni dabdabali o'tkazishning oldini olish borasida Respublika ma'naviyat va ma'rifat markazi tuman bo'limi, O'zbekiston musulmonlar idorasining tuman vakili, O'zbekiston mahallalar uyushmasi tuman bo'limi, tuman Oila va xotin-qizlar bo'limi hamda “Nuroniy” jamg'armasi tuman bo'limi ishtirokida imzolangan “Maromiylik” loyihasi doirasida dabdabali to'ylar va boshqa oilaviy tadbirlarni ixchamlashtirish, milliy qadriyatlarni asrab-avaylash, hamjihatlik va maromiylik kayfiyatini keng targ'ib etish vazifalariga asosiy e'tibor qaratildi. Aholi va keng jamoatchilik ishtirokida targ'ibot ishlarini yo'lga qo'yish maqsadida, 90 kunlik chora-tadbirlar dasturi  tasdiqlanib, hozirda faol nuroniylarimiz tomonidan bu boradagi vazifalar amalga oshirilmoqda.

Abdulla AZIMOV,

“Nuroniy” jamg'armasi

Zarbdor tuman bo'limi raisi.

By Behzod

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan