— deydi mehnat fronti faxriysi, iste'fodagi podpolkovnik Mahmudjon ota Jo'rayev
Xalqimizda “Qarisi bor uyning parisi bor” degan naql bor. Bugun oramizda yurgan, har bir so'zi duo, har bir qadami ibrat bo'lgan nuroniylar yurtimizning fayzi va barakasi sanaladi. Namangan shahrining “Yangi asr” mahallasida yashovchi frontorti mehnat faxriysi, ichki ishlar organlari tizimida ko'p yillar samarali xizmat qilgan Mahmudjon ota Jo'rayev ana shunday tabarruk insonlardan.
Mahmudjon ota 1930 yilda Namangan shahrida tavallud topgan. Uning yoshlik yillari urushning og'ir zahmatlari, front ortidagi tinimsiz mehnatlar bilan o'tdi. 1951-1953 yillarda harbiy xizmat burchini o'tab qaytgach, o'z taqdirini el tinchligi va osoyishtaligini asrashdek sharafli ishga, ichki ishlar sohasiga bag'ishladi. 1953 yilda oddiy militsioner sifatida boshlangan xizmat yo'li Toshkent oliy militsiya maktabidagi tahsil va viloyat IIB jinoyat qidiruv boshqarmasining bo'lim boshlig'i lavozimigacha bo'lgan mashaqqatli, ammo yuksak mas'uliyatli vazifalarni qamrab oldi.
Huquqshunos mutaxassisligiga ega bo'lgan Mahmudjon ota jinoyatchilikka qarshi kurashish, profilaktika tizimini mustahkamlash borasida Namangan viloyatida o'ziga xos maktab yaratdi. Uning ko'p yillik fidokorona mehnatlari munosib baholanib, 1984 yilda “podpolkovnik” maxsus unvoniga sazovor bo'ldi.
Qahramonimiz ayni kunda sohaning tajribali vakili, balki namunali oila boshi hamdir. U kishi 11 nafar farzandni voyaga yetkazib, el xizmatiga qo'shdi. Quvonarlisi, uning kasbga bo'lgan mehri va sadoqati farzandlariga ham ko'chdi, ulardan 3 nafari ota izidan borib, bugun ichki ishlar organlarida xalqimiz osoyishtaligi yo'lida xizmat qilmoqda. Otaxon davrasi farzandlari, 38 nafar nabira va 100 dan ortiq chevaralar bilan to'lgan. Yuz bilan yuzlashayotgan nuroniyning xonadonidan fayzu baraka arimaydi. Suhbatlashsangiz, har bir so'zida shukronalik ufurib turadi.
— Shu kunlarga yetkazganiga shukr, — deydi Mahmudjon ota duoga qo'l ochib. — Bunday go'zal va tinch zamonimizga ko'z tegmasin. Biz kabi keksalarga ko'rsatilayotgan e'tibor va g'amxo'rlikdan boshimiz osmonda. Yurtboshimiz omon bo'lsin, farzandlarimiz tinch-omon unib-o'ssin.
Shunday duogo'y nuroniylarimiz yosh avlod uchun haqiqiy sadoqat va matonat maktabidir.
Abdujabbor NABIYEV,
mehnat faxriysi,
Namangan viloyati.