Poytaxtimizning Uchtepa tumanidagi 2-sonli sport maktabida “Nuroniy” jamg'armasi tuman bo'limi tashabbusi bilan “G'ayratli keksalar” shiori ostida sport musobaqalari tashkil etildi.
2026 yilning 7 aprelida jismoniy tarbiya va sport sohasini yangi bosqichga olib chiqish, seleksiya va tayyorgarlik tizimini takomillashtirish masalalari yuzasidan bo'lib o'tgan videoselektor yig'iishida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev aholini ommaviy sportga jalb etish masalalariga alohida to'xtalib o'tdi.
Faol va tashabbuskor nuroniylarimiz hamma sohada bo'lgani kabi sportda ham o'ziga xos natijalar ko'rsatib, sog'lom turmush tarzini targ'ib qilish bilan bir qatorda, yoshlarga o'rnak bo'lib kelmoqdalar.
“Nuroniy” jamg'armasi Uchtepa tumani bo'limi tomonidan tashkil etilgan “G'ayratli keksalar” sport musobaqalarida shashka, shaxmat va stol tennisi turlari bo'yicha erkaklar va ayollar o'rtasida o'tgan bellashuvlar g'oyat qizg'in kechdi. Murosasiz bahslarga boy musobaqa ishtirokchilarga ko'tarinki kayfiyat ulashdi.
Bahslar yakuniga ko'ra, shaxmat bo'yicha erkaklar o'rtasida “Ko'rkamobod” mahallasidan Ubaydulla Fayzullayev, shashka bo'yicha “Foziltepa” mahallasidan Obidjon Rayimov, stol tennisi bo'yicha “Shofoyizbog'i” mahallasidan Rahmatilla Saidxo'jayev g'olib bo'ldilar. Shaxmat bo'yicha ayollar o'rtasida “Foziltepa” mahallasidan Xadicha Muhammadjonova, shashka bo'yicha “O'tkir” mahallasidan Kamola Yusupova, stol tennisi bo'yicha “Tepaqo'rg'on” mahallasidan Aziza Rahimjonovalar faxrli 1-o'rinni egalladilar.
G'olib va sovrindorlarga Uchtepa tumani hokimi tashakkurnomasi, diplom va esdalik sovg'alari tantanali topshirildi.
Shirin Shukurova,
“Nuroniy” jamg'armasi
Uchtepa tumani bo'limi mutaxassisi.