Hassos shoir Muhammad Yusuf: “Momolar har qayda bor, bizda bori qayda bor” deb yozganida ming bor haq edi-da. Bunga Xorazm viloyatining Qo'shko'pir tumanida istiqomat qiluvchi So'najon momo Polvonova bilan suhbatda yana bir karra ishonch hosil qildik. Momo bu yil 88 yoshga kiradilar. So'zi butun, chehrasi nurli, fikri qat'iyatli. 14 farzandni dunyoga keltirgan ona o'z davrida “Oltin yulduz” taqqan. 14 farzandning uch nafari vafot etib, 11 nafari ulg'aygan. Shulardan 2 nafari o'g'il, 9 nafari qiz.

— Olti  o'g'illi xonadonning beshinchi kelini bo'lganman, — deydilar onaxon. — Uch qaynog'am urushga ketib, biridan qoraxat kelgan ekan.  Ikkitasi esa nogiron bo'lib qaytishgan. Farzand dog'ida kuygan ota-onaga oson emas. Qaynota-qaynonam juda sabrli, mehnatkash bo'lganlar… Qaynonam Niyozjon momo 11 bolamning barini yaxshi ko'rgan.  Shirinso'z, yuvosh edilar. Ular bilan 20 yil birga yashadim. Shungacha doim yonimda maslahatgo'yim bo'lganlar. Qizlarimning tarbiyasiga, ayniqsa, jiddiy qarardilar.

So'najon momo bilan ancha suhbatlashdik. Suhbat davomida 47 yil oddiygina  haydovchi bo'lib ro'zg'or tebratgan turmush o'rtog'i Madrim ota haqida, bolalarni katta qilishdagi qiyinchiliklar, ro'zg'oridagi borlik, yo'qliklar xususida biror marta hasrat qilmadilar. Aslida oila muqaddasligi, totuvlik, ahillikning barqaror bo'lishi ham shunday  oliy fazilatlar tufayli bo'ladi-da.

Ayonki, xuddi shunday yaxshilikka suyanish fazilati Madrim otaga ham xos. Qo'sha qarish saodatiga yetgan bu ikki nuroniy bir paytlar sinfdosh bo'lib, bir partada  o'tirishgan. O'quvchilik davrida yonma-yon yurib, dalada paxta terishgan.  70 yildan buyon bir oilaning tozadil  jufti bo'lib hayotning pastu balandida bir biriga suyanch bo'lishgan. Hayotning achchiq-chuchugini birga totishgan. To'qqiz qizni uzatib, ikki o'g'ilni uylantirib, elga dasturxon yozishgan. Aytmoqqa oson bu.

Madrim ota Madaminov  kitob o'qishni juda yaxshi ko'radi. Aytishicha, shu kunda Abu Hamid  G'azzoliyning “Sabr va shukur” asarini o'qiyapti.  Tomorqadagi yigirma  tupdan ko'proq mevali daraxtlarning parvarishiga haligacha otaning o'zi bosh-qosh.  So'najon momo esa o'nta tovuqqa  don va suv berib, tuxumini olishga odatlangan. Juda jonsarak, harakatsizlikni yoqtirmaydi. Bundan tashqari, Madrim otaning parvarishiga ham o'zi qaraydi.

Qutlug' xonadonlaridan mehmon arimaydi. 11 farzand, 36 nafar nevara, 48 nafar chevara bor   uydan mehmon arirmidi?! Kimdir o'qishga kirganini, kimdir ishxonasidagi yutuqqa erishganini suyunchilab quvontirish uchun,  yana kimdir to'ymi, biror yig'in qilishni rejalayotgani aytib, maslahat olish uchun  kelaveradi. Agar shu hovlida bayrammi, tug'ilgan kunmi nishonlansa, eng katta dasturxon ham kichiklik qiladi, to'g'risi.

Ular istiqomat qilayotgan “Qadriyat” MFY raisi Oybibi Ortiqova  yosh oilalarga inoq-ahil yashash borasida nasihatlar qilib berish uchun uchrashuvlarga taklif qiladi.  Madrim ota ham, So'najon momo ham garchi to'qson yosh arafasida tursalar-da, elga hamisha kerak ekanliklarini his qilib, doimo mamnun yuradilar, Yaratganga cheksiz shukronalar aytadilar. Ha, qo'shko'pirlik qo'sha qarigan otaxon va onaxon bugun barchaning izzat-ikromi va e'tiborida. Oramizda shunday nuroniylar bor ekanlar, hayotimiz yanada charog'on bo'laveradi, albatta.

Zamira RO'ZIYEVA

“Nuroniy” muxbiri.

By Behzod

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan