Qo'sha qarish saodati  — yaratgan o'z bandalariga in'om etgan ne'matlardan biridir. Yurtimizda bunday baxtga erishgan oilalar bisyor. Ulardagi turmush tutumi, azaliy qadriyatlarning bardavomligi bugungi kun yoshlariga ulkan ibrat hamda namunadir.

Navoiy shahar Ma'naviyat va ma'rifat markazida “Nuroniy” jamg'armasi respublika Boshqaruvi tashabbusi bilan “Qo'sha qarish saodati”  tadbiri tashkil etildi.

Unda “Yoshlik” mahallasida 53 yildan beri birga yashab kelayotgan Nasim Norov va Xulisa aya Ergasheva,  “Humo” mahallasida 51 yildan beri birga yashab kelayotgan Hamid ota Sharipov va Norxol aya Tog'ayeva, “Istiqlol” mahallasida 53 yildan beri birga yashab kelayotgan Ramazon ota Navro'zov va Musallam aya Navro'zovalardan iborat uch ahil juftlik davra to'ridan joy oldi.

Uchrashuvda “Nuroniy” jamg'armasi respublika Boshqaruvi bo'lim boshlig'i Nodira Musayeva, jamg'armaning viloyat bo'limi raisi Shabon Nabiyev, faol nuroniylar hamda yosh oilalar vakillari ishtirok etdilar.

Tadbir davomida nuroniylarning jamiyat hayotidagi o'rni, oila muqaddasligi, mehr-oqibat va hamjihatlik kabi qadriyatlar haqida so'z yuritildi. Keksalarning hayotiy tajribasi yosh avlod uchun muhim ibrat ekani  ta'kidlandi.

Uchrashuvda so'z olgan, qo'sha qarish saodatiga erishgan nuroniy otaxonu onaxonlar yoshlarga o'zlarining hayotiy saboqlarini berdilar. Ular o'z so'zlarida Vatanni sevish, xalqqa munosib xizmat qilish, turmush sinovlari oldida mustahkam iroda egasi bo'lish, mashaqqatlarni birgalikda yengib o'tish, bu masalada farzandlarga ibrat bo'lish, ularga kasb-hunar o'rgatish zarurligini qayd etdilar.

Tadbir yakunida uzoq yillar birga umr kechirib kelayotgan nuroniy otaxon va onaxonlarga esdalik sovg'alari topshirilib, ularga samimiy tilaklar bildirildi.

Maysara Nazarova.

By Behzod

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan