deydi Boqimat ota
Farzand inson uchun shunday ne'matki, u bilan hayot go'zal, umr sermazmun, nimaiki bo'lsa, unga ilinadi, olisga borsa, sog'inib talpinadi. “Bolalarimiz uchun yashab yuribmiz-da” degan matalning tagzaminida ham farzand kelajagi yo'lidagi o'zbekona fidoyilik, matonat mujassam, albatta.
Namangan viloyati Kosonsoy tumanidagi “Buloqboshi” MFY Madaniyat ko'chasida istiqomat qiluvchi Boqimat ota Sattorov bu yil yuz yosh bilan yuzlashdilar. Otaxon 1926 yilning ayni qahratonida tavallud topganlar.
Ikkinchi jahon urushining sovuq nafasi yosh Boqimatni otadan ayiradi. Uning otasi Abdusattor ota kolxozda ishchi bo'lgan edi.
Bolalik davrida maktabda boshlang'ich tahsilni tirishqoqlik bilan olgan Boqimat ota o'n to'rt yoshida kolxozda tabelchi bo'lib ish boshlaydi. Undan keyingi yillarda qishloq sovetida kotib va rais o'rinbosari vazifalarida mehnat qiladi. Ish faoliyatidagi natijalari inobatga olinib, 1970 yilda Germaniyaga sayohatga yuboriladi. Ikkinchi jahon urushining qaqshatqich janglari kechgan yerlarni o'z ko'zi bilan ko'rib, o'sha tuproqlarda qolib ketgan vatandoshlari, jangda halok bo'lgan otasining ruhiga qur'on tilovat qiladi. Shu bilan ko'nglidagi armonlarining bir qadar yengillaganini his qiladi. Otaxon uzoq yillik mehnat faoliyatidan so'ng 1987 yilda nafaqaga chiqqan.
Boqimat ota farzandlarini oliy ma'lumotli, el koriga yaraydigan insonlar etib tarbiyalagan. Otaning o'zi ham halolligi, to'g'riso'z va talabchanligi tufayli xalq orasida obro' topgan. Otaxonning o'zi yashab turgan qishloqni obodonlashtirish, yoshlarga yo'l-yo'riq ko'rsatish, bog'lar barpo etish, yosh oilalar o'rtasida ajrimlarning oldini olishga qo'shgan hissasini alohida e'tirof etish joiz.
Boqimat otaning xonadoni hamisha gavjum. Uning maslahat va duolarini olgani keluvchilar juda ko'p. Otaxon farzandu nabiralar, evara-chevaralar qurshovida, ardog'ida keksalik gashtini surib, har bir kun, e'tibor va e'zoz uchun davlatimiz rahbariga cheksiz minnatdorlik bildiradilar. Nabiralariga faqat o'qib, bilim olish, halol mehnat qilish insonni ulug' martabaga, hurmatga erishtirishini qayta-qayta takrorlaydi.
Otaning to'qqiz nafar farzandi, 33 nafar nabirasi bugun el-yurtga ibrat. Otaxonning katta qizi Habibaxon Sattorova uzoq yillar tumandagi 27-sonli maktab direktori lavozimida ishlagan. Hozirda “Bog'” mahallasida MFY faollari bilan birgalikda yoshlarga hayot saboqlarini berib kelmoqda. Ikkinchi qizlari Munira Sattorova tumandagi Tergachi tug'ruqxonasida uzoq yillar hamshira bo'lib ishlagan. Hozirda nafaqada. Uchinchi qizlari Rahima Sattorova Buloqboshi qishlog'idagi “Pravda” kolxozi bog'chasida tarbiyachi bo'lgan. O'g'li Mahmudjon Sattorov 36 yil davomida 24-sonli maktabda o'qituvchilik qilib, o'quvchilarga geografiya, biologiya fanlaridan saboq bergan. Yana bir farzandi Bahodir Sattorov tadbirkor sifatida faoliyat olib borgan. Oltinchi farzandi Orifjon Sattorov gidrometeorologiya sohasi bo'yicha dissertatsiya yoqlab, olimlik darajasiga erishgan. Bugungi kunda nabiralari va evaralari ham kasb-hunar egallash, el-yurt uchun munosib xizmat qilish yo'lida harakat qilmoqdalar.
— Farzandu nabiralarim, evaralarim — hayotimning mazmuni, — deydi otaxon minnatdorlik bilan. — Ularga qaraganimda o'zimni, bolaligimni, kuch-quvvatga to'lgan navqiron yoshligimni ko'raman. Shunday kunlarga yetkazgani uchun Yaratganga shukronalar aytaman…
Asolat AHMADQULOVA,
“Nuroniy” muxbiri.