Inson umri asrlarga tatigulik jasorat va sabr maktabidir. Ayniqsa, bir asrdan ziyod umr ko'rib, tarixning eng suronli yillarini o'z yelkasida ko'tarib kelgan nuroniylar haqida so'z ketganda, qalbimizda faxr tuyg'usi jo'sh uradi. Qamashi tumanidagi “Mang'it” mahallasida istiqomat qilayotgan, ikkinchi jahon urushi qatnashchisi, 116 yoshli Ro'ziboy bobo Sattorov bilan suhbatlashib, bunga yana bir karra amin bo'ldik.
Ro'ziboy boboning yoshlik yillari mamlakatda kolxozlashtirish va og'ir mehnat davriga to'g'ri keldi. 1941 yilda yurt boshiga musibat tushganda, Qamashining birgina qishlog'idan 25 nafar navqiron yigit qatorida u ham frontga yo'l oldi. Rossiya o'rmonlaridagi bir oylik shiddatli harbiy tayyorgarlikdan so'ng haqiqiy jang maydoniga kirdi.
— Komandirlarimiz o'rmon ichkarisi xavfli ekanini aytishgandi, —deydi otaxon o'z taassurotlari bilan o'rtoqlasharkan, — Birga kelgan aka-uka sheriklarim bilan ehtiyotsizlik qilib, ichkarilab ketdik. Kutilmaganda birimiz, so'ng ikkinchimiz yerga quladi… Daraxt tepasiga pisib olgan nemis snayperlari ularni nishonga olgan ekan. Urushning naqadar la'nati va ayovsiz ekanini men o'sha lahzada angladim…
Ro'ziboy bobo urush yillarida o'ng oyog'idan og'ir yaralandi. Sakkiz oylik muolajadan so'ng hali jarohati to'liq bitmay turib, yana safga qaytdi. Izg'irin, sovuq va zax o'rmonlar og'riqni qaytalasa-da, irodasini buka olmadi. U 1941 yildan to 1945 yilning sentyabriga qadar frontning eng qaynoq nuqtalarida bo'ldi. Berlingacha borib, shahar ozod etilishida jasorat ko'rsatdi. Urush tugagandan so'ng ham 1948 yilgacha harbiy xizmatni davom ettirib, yurtiga yorug' yuz va g'alaba bilan qaytdi.
Jang maydonlaridagi shijoat tinchlik davridagi bunyodkorlik mehnatiga ulandi. Bobo G'uzor va Yakkabog' tumanlaridagi xo'jaliklarda yillar davomida halol mehnat qildi. Uning ko'ksini bezab turgan orden va medallar — har bir suronli kun, har bir jasoratli qadamning guvohidir. Ro'ziboy Sattorovning “Ikkinchi jahon urushidagi G'alabaning 80 yilligi” yubiley medali bilan taqdirlanishi nafaqat oila a'zolari, balki butun voha ahlini quvontirdi.
“Mang'it” mahallasi raisi Sardor Abdullayev ta'kidlaganidek, boboning xonadoni bugun yoshlar uchun ma'naviyat va vatanparvarlik maskaniga aylangan. Ro'ziboy ota davlatimiz rahbarining nuroniylarga ko'rsatayotgan doimiy e'tibori va g'amxo'rligidan baxtiyor. Har bir bayramda shaxsan Prezidentimizdan kelayotgan tashakkurnomalar, sovg'a-salomlar uning kuchiga kuch, hayotiga mazmun bag'ishlamoqda.
Ro'ziboy ota va rahmatli Tursunoy momo besh nafar farzandni el koriga yaraydigan insonlar qilib tarbiyaladilar. Bugun otaxon o'g'li Abdurasul Sattorov xonadonida, kelini Dilrabo Farmonovaning alohida mehr va parvarishida, nevara-chevaralar ardog'ida umrguzaronlik qilmoqda. Bo'lmasam-chi, bir asrlik zahmatlarni yenggan inson uchun farzandlar e'zozi va nevaralar ardog'idan ortiq mukofot yo'q. Darhaqiqat, ajdodlar jasorati hamda avlodlar mehri tutashgan maskanda totuvlik mangu yashaydi. Bunga Ro'ziboy otaning ibratli hayoti yaqqol misol, albatta.
Shavkat SULTONOV,
“Nuroniy” muxbiri.