Abdulla Oripov,

O'zbekiston xalq shoiri,

O'zbekiston Qahramoni

 

Eslayman, yoz payti ko'chib chiqardik,

Chayla-kapa tikib poliz boshiga.

Paykalni qo'rirdik bizlar – bolalar.

 

Tars-tars yorilardi tong chog'i qovun,

Tulki-yu ignasi hurpayib ketgan

Jayraning “hay-hay”dan qochishin ko'ring.

 

Bir safar qirg'ovul tuxumin yig'ib,

Kurk tovuq ostiga bostirib qo'ydik,

Lekin qochib ketdi ochgan jo'jalar.

 

Bo'ri oraladi deyishdi bir kun,

Qishloq yigitlari otliq chiqishib,

Uni kaltak bilan urib olishgan.

 

O'sha yillar turar hamon yodimda,

Namxush poxol hidi, yalpiz ifori

Hanuz ketmagandir dimoqlarimdan.

 

Dunyoda qasrlar bo'lgan, albatta,

Biroq o'sha kapa, o'sha chaylamiz

Bizga Vatan bo'lmay, xo'sh, nima edi ?!

 

Zilzila yuz berdi Toshkentda so'ngroq,

Nogahon titradi ulkan bir shahar.

Qashqar mahallasi tamom to'kildi.

 

Gurzi yegan kabi behush odamlar,

Timirskilar edi vayronalarni.

O'sha xarobalar Vatan edi-ku!

 

Chegarada turgan o'spirin soqchi

Tunlar el oromin qo'riqlayman der.

O'sha Vatan bo'lmay, nimadir, ayting?

 

Qatag'onda ketgan Alizodaning

Xokin Samarqandda dafn etdilar.

Axir, shu emasmi Vatan degani.

 

Vatan hissi tanho, muqaddas, abad,

O'zbek ovoz berdi dunyoviy bahsda,

Vatanga mansubdir o'sha ovoz ham.

 

Xudo ko'rsatmasin o'zga holatni:

Buyuk bir koshona bunyod etsang-u,

Unda yashaydigan odam bo'lmasa.

 

Vatanni sevmoqlik ne ekanligin

Meros qilib ketgan bizga ajdodlar,

Ulug' kahramonlar, Sohibqironlar.

 

Bizga nasib etdi tengsiz saodat,

Dorilomon davr, qasri oliylar

Munosib bo'lmoqni so'rashar endi.

 

Vatan deb atalgan sirli muhabbat

Poliz chekkasida mung'ayib turgan

O'sha chaylalarda tug'ilgan asli.

 

2.04.2012 yil.

By Behzod

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan