O'zaro hamjihatlik, birdamlik xalqimizga xos qadriyatlardan biridir. Aholi tashabbusi va ishtirokiga asoslangan “Tashabbusli byudjet” dasturi ushbu an'ananing yurtimizda bardavomligini yaqqol namoyon etmoqda. Zero, ayni tashabbus doirasida ilgari surilayotgan har bir loyiha —  xalq irodasining o'ziga xos ifodasi bo'lmoqda.

Xususan, 2025 yil 1-mavsumda Sirdaryo viloyati Guliston tumanida nuroniylar uchun zamonaviy va shinam maskan barpo etish tashabbusi ilgari surilib, keng jamoatchilik tomonidan qo'llab-quvvatlangan edi. Loyihaning umumiy qiymati 1,5 milliard so'mni tashkil etib, 1 ming 520 ta ovoz bilan g'olib deb topilgan. Qurilish ishlari “Siroj Nodir hamkorligi” MChJning malakali quruvchilari tomonidan amalga oshirilib, zamonaviy talablarga to'liq javob beradigan “Nuroniylar maskani” barpo etildi. Endilikda bu oshiyon nafaqat dam olish, balki suhbat, maslahat va tajriba almashish maskaniga aylanishi shubhasizdir.

Tantanali ochilish marosimida “Nuroniy” jamg'armasi Sirdaryo viloyati bo'limi raisi O'tbosar Abdiyev, Guliston tumani hokimi Olimjon Jo'rayev, nuroniylar va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etishdi.

Unda so'zga chiqqanlar bugungi kunda faxriylarning ijtimoiy faoliyatini qo'llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan tadbirlar, ularning o'ziga xos samaralari, mazkur maskanning uzoq yillar davomida nuroniylarimizga xizmat qilishi, faxriylarning duosi va hayotiy tajribasi yosh avlod tarbiyasida muhim o'rin tutishini alohida ta'kidladilar.

Mehmonlar maskan faoliyati bilan yaqindan tanishar ekanlar, yaratilgan  sharoitlar hamda imkoniyatlar barchaga birdek manzur bo'ldi.

Tadbir yakunida nuroniy otaxonu onaxonlar “Zebuniso” tantanalar majmuasida jam bo'lib, bir piyola choy ustida dildan suhbat qurdilar. San'at ustalari va havaskor ijrochilar tomonidan ijro etilgan dilrabo kuy-qo'shiqlar davraga yanada fayz bag'ishladi.

Murodqul  Mirzaraimov,

“Nuroniy” jamg'armasi

Guliston tumani bo'limi raisi.

By Behzod

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan