Hayot ilmi, sir-asrorlari haqida bilishni istar ekanmiz, tabiiyki, yoshi ulug' onaxonlarimizu otaxonlarimizning suhbatlariga oshiqamiz. Ular bilan muloqotda bo'lar ekanmiz, qarshimizda umr deb atalgan sinovning qanchalab chig'iriqlaridan mardonavor o'tgan donishmandlar turganligini his qilamiz.
— Hayotim haqida so'rashsa, negadir keksalik davrimizda ko'nglimizni yoritayotgan eng yaxshi voqealardan gapirgim kelaveradi, — deya hikoyasini boshlaydi. Surxondaryoning Bandixon tumanida istiqomat qiluvchi Chori ota Eshqobilov. — Mamlakatimizda Prezidentimiz tashabbusi bilan yoshi ulug'larga ko'rsatilayotgan e'tibor, hurmat-e'zozdan men ham bahramand bo'lyapman. 2023 yili menga Umra safariga imtiyozli yo'llanma nasib etdi. Saudiya Arabistoniga borganimda, o'sha yurtning muxbirlari mendan intervyu olishdi. Dorilomon yurtda yashayotganim, 1-darajali “Mehnat faxriysi” unvoniga ega ekanligimni cheksiz faxru iftixor, shukrona bilan gapirib berdim.
Chori otaning faxrlanganicha bor. Bugun yurtimizda barcha nuroniylar o'zgacha izzat-e'tibordalar. Ularning shu yoshgacha halol mehnat qilgani, ish faoliyatida o'z davriga xos yutuqlarga erishgani, oila muqaddasligini ko'ngilga tugib, el-yurtga kerakli o'g'il-qizlarni tarbiyalab, voyaga yetkazgani ulkan e'tirofga loyiq, albatta.
Otaxonning bolaligi Ikkinchi jahon urushi davriga to'g'ri kelgan. Yurtga kelgan qaxatchiligu kun ko'rishning og'irligi bolalarning mas'um tuyg'ularini o'g'irlab, ularning zimmasiga tirikchilik tashvishini yuklaganligi rost. Uch akasi, bir opasi onasi Bolxinmomo bilan birga dalaga ishga chiqishardi. Onasining bolalarini jamlab turib, non taqsimlaganlari, qorni ochiqqan bolakay uchun bir bo'lak non bilan qumg'onda qaynagan choyning qanchalar totli ekanligi. Ha, bu achchiq xotiralar aslo uning ongu shuuridan o'chmaydi.
Urush tugadi, kundalik hayot asta-sekin yaxshilana bordi. Chori Eshqobilov Qarshi pedagogika institutiga o'qishga kirdi. Talabalikdan so'ng muallim bo'lib, maktabda ish boshladi. Bu yog'idagi qiynchiliklarning barini tinchlik bo'lsa, yengib o'tish mumkin, axir. Shu qishloqning oldi qizlaridan bo'lgan Maqsadoy opaga uylandi. Rafiqasi institutda o'qimagan, ammo odobi, mehnatkashligi bilan e'tibor qozongan.
Chori ota o'shandayam ko'p kitob o'qirdi. Fikri keng, qadriyatlarimizni hurmat qiladigan Maqsad opa aynan u istagan qizlardan bo'lib chiqdi. Ikkalovining birgalikdagi hayoti mushkulotlarni yengib o'tish irodasini berdi ularga. Shungayam 54 yil bo'libdi-ya…
Maqsad opa qaynonasi Bolxinmomo bilan bor-yo'g'i ikki yil birga yashadi. Qaynona o'tgandan keyingi hayot saboqlarini esa katta ovsini Shodmon yangadan oldi. Aslida bu hovlida to'rt ovsin ahil yashashdi. Biri ustozlikdan erinmadi, yana birlari shogird bo'lishdan chekinmadi. Maqsad opa yillar o'tgani sayin Maqsad onaga aylandi. Uning aytishicha, ovsinlar hozirgacha ham ahilu inoq ekan.
Onalar ittifoq bo'lsa, jigarlarning bolalari ham bir-biriga mehribon bo'lishi tayin. Chori ota va Maqsad momoning uch o'g'ilu ikki qizi ana shunday katta oilaning ahilligi ichra ulg'aydi. O'g'illari Shavkatbek, Ergashjonu, Erkinboy, qizlari Muqaddasxon, Nasibaxonlar bugun jamiyatimizda o'z o'rinlarini egallab, uyli-joyli bo'lib, el-yurtga munosib xizmat qilib kelmoqdalar.
Chori ota esa tumandagina emas, viloyatda ham taniqli maorifchiga aylangan. Respublika xalq ta'limi a'lochisi, yana bir qancha medallar sohibi. She'rlar ham yozib turadi.
— Shu kunlarda Abduqahhor Ibrohimovning “Yorug'lik” degan asarini o'qiyapman. O'qiganim sari Maqsad onangiz bilan kechirgan hayotimiz kurashlardan iborat bo'lganligini anglayapman.
— Maqsad onani juda yaxshi ko'rarkansiz-a? — so'rayman otaxondan quvlik bilan.
— Uni mengina emas, qarindosh-urug'larim, aka-opalarim, jiyanlarimning barchasi yaxshi ko'rishadi. Onam rahmatli tanlab olib bergan kelin, axir.
— Chori otaning yaxshi fazilatlari shunchalik ko'pmi? — so'rayman endi Maqsad onadan.
— Oliy ma'lumotli, ko'p kitob o'qigan odamning yomon fazilati bo'lmaydi. Mana, 85 yoshga kirsalar ham hamon g'ayrati so'nmagan. Tomorqamiz kattagina. Undagi daraxtlarga o'zlari shakl beradilar, buni o'g'illariga ham o'rgatadilar. Biz kenjamiz Erkinjon bilan birga turamiz. U ham, nabiralar ham otasining yonida bo'ladi. Dasturxonimizni to'ldirgan meva va sabzavotlarning bari o'z tomorqamizdan chiqadi. Boshqa bolalarim ham o'z oilasida ota tutumini yo'lga qo'yishgan. Bolalarimni otasiga o'xshagan bo'lishlarini so'rab duo qilaman doim.
Chori ota va Maqsad onaning gaplarini eshitamanu baxtli oila qurish, qo'sha qarish, elda obro' topish erkak va ayolning bir-birovini to'g'ri tushunib, izzat qilishidan boshlanishiga yana bir bor amin bo'laman.
Otaxon hozirgi kunda “Nuroniy” jamg'armasi Bandixon tumani tashabbusi va taklifiga ko'ra, “Uch avlod uchrashuvi” ma'naviy-ma'rifiy tadbirlarida tez-tez ishtirok etib turadilar.
Ha, Chori ota singari piru badavlatlarimizning oq-qora kunlarni farqlab, yaxshi, saodatli davrlarning qadriga yetish haqidagi hayotiy hikoyalari, ulkan tajribalari yoshlarimizning umr yo'llarida yo'lchiroq bo'lishi shubhasizdir.
Zamira Ro'ziyeva,
“Nuroniy” muxbiri.