Yurtimizda sog'lom va barkamol avlodni voyaga yetkazish, mamlakatimizning ijtimoiy-iqtisodiy salohiyatini oshirish yo'lida fidoyilik ko'rsatib kelayotgan insonlar bisyor, albatta. Ana shunday yurtdoshlarimizdan biri ustoz Husniddin Nuriddinovdir. Domlani nafaqat g'uzor tumani, balki Qashqadaryo viloyati hamda respublikamizda ham yaxshi tanishadi.

Bugungi kunda 80 yoshni qarshilagan Husniddin Nuriddinov tumanning Qoratikan qishlog'ida ulg'aygan. Samarqand davlat universitetining kimyo-biologiya yo'nalishiga o'qishga kirib, uni muvaffaqiyatli tamomlagach, o'zi ta'lim olgan 8-maktabda o'qituvchi bo'lib ish boshlaydi. Yosh o'qituvchi o'quvchilarga kimyo fanidan bilim berish bilan birga, yoshlarning bo'sh vaqtlarini mazmunli tashkil etishga astoydil kirishadi. Fanga qiziquvchi o'quvchilar uchun to'garak tashkil etadi. Ayni sa'y-harakatlari, tashabbuskorligi, izlanuvchanligi, yangiliklarga intiluvchanligi, ma'naviy-ma'rifiy ishlarni tashkil etishdagi iste'dodi sababli maktab jamoasida obro'-e'tibor topadi.

Maktab rahbariyati keyinchalik uni ilmiy bo'lim mudiri lavozimiga tayinlaydi. Maktabda o'quv ishlarining belgilangan talablar asosida olib borilishini ta'minlash yo'lida astoydil harakat qiladi. O'qituvchilarning o'zaro tajriba almashinuvini yo'lga qo'yadi. O'quvchilarning maktab kutubxonasi bilan hamkorligini yaxshilashga erishadi. Tez orada tuman   partiya qo'mitasi targ'ibot va tashviqot bo'limi mudiri o'rinbosari vazifasiga ishga taklif etiladi. Bo'lim mudiri vazifasida ishlab kelayotgan Husanjon Aminov (Olloh rahmat qilsin) bilan bir safda ishlab, hamfikr, sirdosh birodarga aylanib ketdi. Keyinchalik bu do'stlik, birodarlik rishtalari bir umr uzilmadi.

O'qish, o'rganish, izlanish, tajribali xodimlar bilan yaqindan hamkorlik ishlari o'z samarasini berdi. Shu tariqa Husniddin Nuriddinov 1976-1985 yillarda  targ'ibot va tashviqot bo'limi mudiri, 1985-1987 yillarda tashkiliy kadrlar masalalari bo'limi mudiri lavozimlarida ishladi. 1987 yildan 2008 yilgacha tuman xalq ta'limi bo'limi mudiri lavozimida faoliyat olib bordi.

Ustoz ta'lim sohasidagi ishlarda o'ta talabchanlik va qat'iylik bilan faoliyat yuritganlar. Birinchi navbatda, bo'lim mutaxassisi va metodistlari tarkibiga ishchan, talabchan va o'z ishiga mas'uliyat bilan yondashadigan xodimlar tanlab olindi. O'quv-tarbiya jarayoni sifati, ta'lim samaradorligini yaxshilashga qaratilgan huquqiy-me'yoriy hujjatlar,   ko'rsatmalar va tavsiyalar ijrosi ustidan tizimli nazorat o'rnatildi.

O'tgan asrning 80-yillarida tumanda maktablar soni 58 ta, maktabgacha ta'lim muassasalari soni 8 ta, maktabdan tashqari muassasalari soni 1 ta, maktablararo (kasb-hunarga yo'naltirilgan) o'quv ishlab chiqarish kombinatlari soni 3 tani tashkil etgan bo'lsa, ustozning rahbarliklari davrida (2008 yil avgust oyida) maktablar soni 78 taga, maktabgacha ta'lim muassasalari soni 31 taga, maktabdan tashqari muassasalar soni 3 taga yetdi.

Iqtidorli yoshlarni izlab topish, fanlarni chuqurlashtirib o'qitishga katta e'tibor qaratildi. 1992 yilda viloyatda birinchilardan bo'lib tumanda aniq fanlar yo'nalishidagi, 1996 yilda xorijiy tillar hamda jismoniy tarbiya va sportga (futbol va milliy kurash) ixtisoslashtirilgan maktab internatlarining faoliyati yo'lga qo'yildi.

Mazkur ta'lim muassasalaridagi pedagog kadrlar salohiyatini oshirish maqsadida, Respublika va viloyatdagi oliy o'quv yurtlari bilan hamkorlik o'rnatildi. Qarshi davlat universiteti professori, fizika-matematika fanlari doktori Bozor Choriyev (Olloh rahmat qilsin) iqtidorli o'quvchilar bilan mashg'ulot olib borishi natijasida ular fan olimpiadalarida ishtirok faol etishib, katta yutuqlarga erishdilar.

Fizika, matematika, geografiya, fransuz va ingliz tillari, kimyo fanlari bo'yicha Respublika fan olimpiadasida g'olib chiqqan o'quvchilar oliy o'quv yurtlariga  imtiyozli asosda talabalikka qabul qilindilar.

Shamsiddin Bozorov Xalqaro Mendeleev nomidagi  kimyo fani olimpiadasida, O'ktam Alimardonov (Olloh rahmat qilsin) matematika fani bo'yicha sobiq hamdo'stlik mamlakatlarining Olma-ota shahrida, Farrux Sharipov “Aerokosmik” tanlovining Pokiston va Armaniston davlatlarida o'tkazilgan musobaqalarida g'olib bo'lishgan.

Irodasi mustahkam, hayot so'qmoqlarida sinovli kunlarni boshdan kechirgan  ustoz bir zum ham xizmat vazifasini bajarishdan to'xtamagan. Bir necha marta muqobillik asosida tuman kengashi deputatligiga saylandilar. Ikki marta Respublika Oliy Soveti kengashi deputatligiga nomzodlari ko'rsatildi.

Ta'lim muassasalarida ilg'or tajribalarni o'rganish va ommalashtirish, metodik kunlar o'tkazishga doir yangiliklarning joriy etilishi ustozning rahbarligida amalga oshirildi. Jumladan, xalqaro YuNISEF tashkiloti hamkorligida yangilik sifatida ilk bor 8-bolalar bog'chasi huzurida “Xonadon bog'cha” tashkil etildi.  Bog'cha faoliyati xalqaro tashkilot vakili tomonidan o'rganilib, olib borilgan ishlardan nafaqat qoniqish hosil qildi, balki bu tajribani qo'llab-quvvatlash yuzasidan zarur tavsiyalar berdi.

Ustoz zimmasiga garchi xalq ta'limi sohasini boshqarishdek mas'ul vazifa yuklatilgan bo'lsa-da, o'tgan vaqt ichida o'qituvchi va o'quvchilar uchun “Kimyoviy elementlar haqida nimalarni bilasiz?”, “Kimyoviy elementlar haqida hikoyalar” nomli qo'llanmalar yaratdi. Mazkur qo'llanmalar hozirda oliy o'quv yurti talabalariga ham qo'l kelmoqda. Shuningdek, “G'uzorda ta'lim”, “G'uzorliklar”, “G'uzornoma”, g'uzorlik marhum shoir Husanjon Aminov hayoti va ijodiy faoliyatiga bag'ishlangan “Munavvar kunlar yodi” risolasi, biologiya fanlari doktori, professor Ochil Mavlonovning hayoti va ilmiy faoliyatiga bag'ishlangan “Ilmning uzun yo'li” kitoblari, 2025 yilda yangidan nashr etilgan 3 jildli “Hayotimda anglaganlarim” asari kitobxonlarning sevimli asarlariga aylangan.

Husniddin Nuriddinov 2012 yildan 2020 yilgacha “Nuroniy” jamg'armasi G'uzor tumani bo'limini boshqardilar. Nuroniylar mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotida faol ishtirok eta boshladilar. Jamoatchilik asosida ish olib boradigan faollar ko'zga tashlandi. Ikkinchi jahon urushi ishtirokchilari, keksa yoshdagi nogironlar va mehnat faxriylari, yolg'iz keksalar, nafaqada bo'lgan ehtiyojmand keksalar holidan xabar olish, homiylik yordamlari yo'lga qo'yildi.

2022 yilda muhtaram Prezidentimizning Qashqadaryo viloyatiga tashriflari chog'ida u kishining tumanda “Nuroniylar maskani”ni tashkil etish to'g'risidagi takliflari e'tiborga olindi. Oradan qisqa vaqt o'tib,  ya'ni 2024 yilda “Nuroniylar maskani” qurilib, foydalanishga topshirildi. Ayni paytda ushbu maskanda ma'naviyat xonasi, kutubxona, dam olish xonasi, erkaklar va xotin-qizlar uchun trenajyor  zallari nuroniylar uchun xizmat qilmoqda.

Husniddin Nuriddinovning sobiq O'zbekiston Kompartiyasi birinchi kotibi, davlat va jamoat arbobi Sharof Rashidov,  Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov, muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev bilan muloqotda bo'lganliklarini kamdan-kam insonlarga nasib etadigan baxt desak, aslo mubolag'a qilmagan bo'lamiz.

Ustozning fidokorona xizmatlari davlatimiz tomonidan o'z davrida munosib taqdirlangan. Jumladan, Husniddin Nuriddinov “Shuhrat” medali, “Xalq ta'limi a'lochisi”, 1-darajali “Mehnat faxriysi” ko'krak nishonlari bilan mukofotlangan.

Xoh keksa, hoh yosh avlod vakili bo'lsin, barchaga birdek hurmat-ehtirom ko'rsatib kelayotgan ustozning fazilatlarini safdoshlari, hamkasblari, yaqin birodarlari, shogirdlari faxr bilan tilga olishadi.

O'z kasbining mohir ustasi, donishmand, yurtining sodiq, fidoyi va jonkuyar farzandi bo'lgan ustoz Husniddin Nuriddinovga uzoq umr tilaymiz. Hamisha farzandlaru nabiralar, yaqinlar yonida, davralarning to'rida duogo'y bo'lib turishlarini Yaratgandan so'rab qolamiz.

Bahrom Do'stqobilov,

xalq ta'limi faxriysi,

G'uzor tumani. 

By Behzod

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan