Umr har kimga berilgan oliy va betakror ne'mat bo'lishi bilan bir qatorda, oltin imkon hamdir. Undan oqilona foydalanish, ezgu ishlarga sarflash yoxud shamolga sovurish, barcha-barchasi insonning o'ziga bog'liq, albatta. Amallar niyatlarga qarab bo'lganidek, kimki ezgu niyat qilsa, elu yurt va olamga birdek foyda keltirishni chin dildan istasa, shu yo'lida bardavom bo'lsa, sa'y-harakatdan to'xtamasa, Yaratgan uni o'z xohish-istaklariga yetkazar ekan. Bunga nafaqat tariximiz, balki bugunimizning o'zidan ham yaqqol misollar juda ko'p.

Toshkent viloyatining Chinoz tumanida yashovchi 106 yoshni qarshi olgan tabarruk onaxon, “Shuhrat” medali sohibi Mehri aya Usmonova ham ana shunday yurtdoshlarimizdan biridir.

Viloyatda  100 yoshdan oshgan nuroniylar soni 38 nafarni tashkil etadi. Ular orasida tumanning faxriga aylangan Mehri ayaning uzoq va ibratli umri, sabru toqati hamda mehnatsevarligi bugungi avlodlar uchun haqiqiy ma'noda hayot darsxonasidir.

Onaxon 1920 yilda oddiy ishchi oilasida dunyoga kelgan. Otasi Rahmonqul Mahamadusmonov o'sha davrdagi kolxoz ishlarida mehnat qilgan. Onasi Rixsi Mahamadusmonova esa farzand tarbiyasi bilan mashg'ul bo'lgan. Ko'p farzandli oilada o'sgan Mehri aya bolaligidanoq hayot  qiyinchiliklarini ko'rib ulg'aydi. Oiladagi turmush sharoiti og'ir bo'lganligi sababli  yoshligidan mehnatga bel bog'lab, halol rizq topish va sabr bilan yashashni o'rgandi.

U o'z mehnat faoliyatini 1940 yilda tumandagi “Kommuna” sovxozida oddiy ishchi sifatida boshlagan. Og'ir yillar, ayniqsa, Ikkinchi jahon urushi davri sinovlari Mehri ayaning sabr-toqatini yanada charxladi. Urush yillari va undan keyingi og'ir davrlarda ham Mehri aya qariyb 40 yil davomida tumandagi kolxozlarda fidokorona mehnat qildi. 1942 yildan boshlab, tumandagi jamoa xo'jaligi ishchi batalonida ishladi. Front uchun  uzum va don mahsulotlarini yetishtirish, ularni yig'ib-terib olish, kanal qazish ishlarida minglab zahmatkash ayollar qatori Mehri aya ham tinim bilmay mehnat qilgan.

Onaxon nafaqat mehnat maydonida zarbdorlardan biri, balki oilada ham ibratli ona sifatida 4 nafar farzandni tarbiyalab, voyaga yetkazgan. Bugun esa tabarruk onaxon 9 nafar nevara, 27 nafar evara va 10 nafar chevara ardog'ida umrguzaronlik qilmoqda. Katta va ahil oila Mehri ayaning duosi hamda tarbiyasi bilan birlashib, mahallada hurmat-e'tibor qozonib kelmoqda.

Onaxon o'z mahallasining ishonchli maslahatgo'yi. Qo'ni-qo'shnilar ayaning holidan muntazam xabar olib turadilar. Mehri aya kelgan odamni shirin so'z, ochiq yuz bilan kutib oladilar. Hayot saboqlarini beradilar. Turmush tajribalari bilan bo'lishadilar.

Aya tabarruk yoshda bo'lishlariga qaramay juda faol. Mahallada o'tadigan tadbirlarda yoshlarga milliy urf-odatlar hamda qadriyatlarimiz haqida so'zlab beradilar. To'y va boshqa marosimlarda  isrofgarchilikka yo'l qo'ymaslik, tadbirlarni ixcham va barakali o'tkazish haqida qimmatli nasihatlarini berib o'tadilar.

Hayotning og'ir sinovlarini matonat bilan yengib o'tgan, o'z mehnati va sabri bilan hurmat qozongan, haqiqiy o'zbek ayolining asl timsoli bo'lgan Mehri aya kabi onaxonlarimiz bor ekan, yurtning barakasi ham, fayzi ham ortib boraveradi.

Nigora O'rolova,

Toshkent viloyati.

By Behzod

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan