Bahor elimizga Zulfiyaning tug'ilgan kuni
bilan kirib keladi…
Ustozimiz Mirtemir Zulfiyaxonimni “Tong kuychisi” deb atagan edilar. darhaqiqat, Zulfiyaxonim nomi, shaxsiyati, she'riyati, shon-shuhrati tabiatning yasharish fasli — bahorga va umrning munavvar tongiga bir hovuch nurday tutashaveradi…
Zulfiya opa andak g'amgin, noxush ko'rinsalar, biz darrov Hamid Olimjondan so'z ochardik. Uning she'rlarini yod ayta boshlasak, Zulfiya opa Hamid Olimjon she'rlaridan yod aytib, suhbatimizni qizitardilar. Kayfiyatlari ko'tarilib, Hamid Olimjon haqida yayrab-yashnab so'z ochardilar:
— Biz Oydin opa (Oydin Sobirova) va Hamid Olimjon bilan birga teatrga yoki uchrashuvlarga borsak, u kishiga eshittirib: “Hozir Hamid Olimjon eshikni ochib, bizni ichkariga o'tkazib yuboradilar… Hozir Hamid Olimjon paltolarimizni kiydirib qo'yadilar…”, — der edik. Hamid Olimjon yosh boladay quvonib, oppoq tishlari charaqlab kulardi-da, bizni oldinga o'tkazib yuborar, paltolarimizni kiydirib qo'yardi. Odamlar Hamid Olimjonday mag'rur yigit shunchalar muloyim tortib, gapga kiradigan bo'lib qolganiga hayron bo'lishardi…
Qish kunlari yaxmalak otishga chiqib turardik. O'shanda Hulkar tug'ilishiga ozgina qolgan. Yaxmalak uchay desam, ucholmayman. Shunda Hamid Olimjon, qani, xonim, o'tiring, mening paltomdan ushlang, men sizni chana tortganday yaxmalak uchiraman, der edi. Qiyqirib, shodon bo'lib yaxmalak uchar edik. Hamid Olimjon juda mehrli, sezgir va nihoyatda topqir inson edi. Bir kuni ziyofatga bordik. Baland poshnali tufli kiyib olganman. Yurishga qiynalaman. Qaytayotganimizda yurish yana ham mashaqqat bo'lib ketdi. Shunda Hamid Olimjon, qani, xonim, tuflingizni yechib menga bering, mana buni kiyib oling deb, tuflisini yechib oyog'imga kiydirib qo'ydi. Men Hamid Olimjonning katta tuflisini kiyib, u esa yalangoyoq uyga qaytganmiz…
Hayotining bu quvonchli, zavqli lahzalarini opa ko'zlari yonib, yuzlari yorishib, xuddi o'sha holatni qayta boshidan kechirayotgandek huzurlanib so'zlardilar. Balki, mana shu lahzalarning so'nmas yodi Zulfiyaga to so'nggi nafasigacha kuch-quvvat, mador, sabr-toqat bergandir…
Shamga parvona
…1943 yil. Hayot-mamot janglari dunyoni larzaga solib turgan suronli davr. Xalq qurol yasar, zavod-fabrikalarda uyqusiz dastgoh yurgizar, bir tishlam nonini ham, tashvishini ham front bilan baham ko'rardi. Gospitallarda hamshiralar malhami bilan bir qatorda san'atkorlar qo'shiq bilan yaradorlarni davolar edilar. Yurt yozuvchi va shoirlarning so'ziga ilhaq edi. Toshkentda adabiy hayot qaynar, bu yerda yashayotgan taniqli rus, ukrain, belarus shoirlarining asarlari o'zbek tilida chop etilar, o'zbek jangchilarining ko'krak cho'ntagida H.Olimjonning “Qo'lingga qurol ol”, G'.G'ulomning “Sen yetim emassan” she'rlari bilan birga K. Simonovning “Meni kutgil”i kabi noyob she'rlarning o'zbekcha tarjimasi ham yurardi.
Belarus shoiri Yakub Kolasning yubileyi bo'lishi kerak. Adibning kitobini zudlik bilan o'zbek tilida chiqarish darkor edi. Xonadonning eng katta xonasi ikki shoirning ijodxonasiga aylandi. O'rtada ikki yurakni birlashtirib sham yonadi. Bir sham yorug'ida ikki dil, ikki safdosh shoir yarim tungacha Ya.Kolas bilan g'oyibona suhbatda. Kitobga so'zboshini Hamid Olimjon yozar, she'rlarini Zulfiya o'zbek tiliga o'girardi. Uch kunda so'zboshi ham, Zulfiyaga tegishli tarjima ham tayyor bo'ldi. Shamning xira yorug'ida bir xona keng jahonday bo'lib, bitta stolning ikki qanoti ilhom va mehnatda edi. Ular bitta nafasga aylanib baxtiyor yashar, ishlar edilar. Qiyin sharoitni payqamas edilar, hamma shunday yashardi.
O'sha mashaqqatli kezlarda noziknihol Zulfiyaning qudratli tayanchi — Hamid Olimjon yonida yoniq so'zlarni izlash va topish osondek edi.
Tush
— Hamid Olimjon halok bo'lganda (1944 yil) ko'ru kar edim. Hech narsani bilmasdim. O'shanda uni kutib, teatrga boramiz deb chiroyli kiyinib olgandim. Xalq uni yelkasida olib borardi. O'sha mudhish kun uning boshida turibmanu, xinoli barmoqlarimni qayoqqa qo'yishni bilmayman. Kesib tashlanglar, deyman… Qaynonam Komila aya irodali edilar. Men va Sahobat yig'lab-yig'lab ikki yoqda cho'zilishib qolardik. Shakarli choyga non ivitib, og'zimizga solardilar. Oradan ko'p o'tmay, lag'mon pishirib, ustiga ko'klar solib, dasturxonga tortdilar. “Oling, bolam, yeng. Abdulhamid yaxshi ko'rardi buni. Avvallari ikkovingizga pishirib berardim”, — derdilar. — Motam aqlsizni — jinni, aqllini — dono qiladi.
Oh ona, ona! Sening borlig'ing sabr-toqat va madad edi!
O'sha kunlari tushimga Hamid Olimjon kiribdi. Shunday zinadan tushib ketayotsa, yig'lab orqasidan ergashibman, yuguribman. “Qayoqqa borasiz, ana, onamdan o'rnak olsangiz-chi! Yig'lamang, bolalarga qarang, mening dunyoyim boshqa. Bo'ldi, qoling, yig'lamang!” — Shunday deb chiqib ketib qoldilar, — deya so'zlab berardilar ustoz…
Bu bashorat — munis yo'ldoshini tirik hayot bag'riga, katta she'riyat, elga xizmat yo'liga undagan edi. O'sha bedod ayriliqning tog'day yukiga qalamga tayanib, odamlarga suyanibgina, shoira tob berdi. Hijronning olovli chig'irig'idan porlab, jarohatli jayron dardiga em topib, yonib she'r yozdi…
Oltmish yillik vulqon
Zulfiya 80 yoshida “Xotiram siniqlari” dostonini yozdi. Asar adabiy jamoatchilik orasida shov-shuv bo'lib ketdi. Bu dostonda shoiraning armonlari, akasining umriga zavol bo'lgan qatag'on yillarining dahshati, mushfiq, munis onasi Xadicha ayaning dunyoni o'rtovchi iztiroblari alanga olib yotadi.
Bu doston Hurriyatning poyqadamiga bitilgan sevinch shukronasi, qirchinida qiyilgan akasi Normat Isroilovga 50 yil qaytib yozilgan marsiya qo'shig'i. Isroil ota nomidan qattol zamonga ayblovnomadir. 17 yoshida nobud bo'lgan o'spirin o'g'lining dardi ona ko'ksidagi dog' edi. Ismoil, Qodir degan o'g'illari er yetib, oyoqqa turdi, o'zidan ko'paydi. Ularning farzand, nevara, evaralari ulkan chinor shajarasiga aylandi.
Zulfiya opa aytishlaricha, yangalariga esh bo'lib, palak tikib o'sganlar. Dono ona o'z kelinlarini siylar, ko'rkam, zebo bo'lib eshikdan kirgan barvasta o'g'illarini kutib olishni o'rgatarkan. Bog' hovli gulzor. Hovli etagida bir labi uchgan qozon tagida qishin-yozin o'sma ko'm-ko'k gurkirab turarkan.
Shunday orasta, fayzli, xosiyatli xonadonda o'sgan Zulfiyaning yana bir baxti — baxshife'l, muloyim, daryodil Komila ayaga kelin bo'ldi, Hamid Olimjonning gavjum xonadoni mehrini qozondi…
Yozuvchi Sarvar Azimov, Hamid Olimjonning singillari Asolatxon, taniqli xirurg Rohatoy, muallima Sahobatoy, tarixchi olima Muhabbatoylar Zulfiyaxonimni bag'oyat hurmat qilar, tug'ishgan opalariday aziz bilishardi… Zulfiya opaning quvonchli kunlarida, hijron damlarida hamdam, hamdard, tayanch bo'lishgan ular…
So'nggi diydor
1996 yil. Bahorda Zulfiyaxonim betoblanib, statsionarga yotdilar. O'zim bilan ovora bo'lib bora olmadim. Yoz oylari esa borishimga Hulkar opa ruxsat bermadilar. Tinimsiz tush ko'raman: “Kompozitorlar” ko'chasining ikki tarafida oppoq stollar, stullar terilgan, oppoq dasturxonlar yozilgan… Yana qo'ng'iroq qildim. Bu gal Omon aka (o'g'illari) ijozat bermadilar. Zulfiya opa bemor holatda shogirdlariga, muxlislariga ko'rinishni istamasdilar.
Avgustning birinchi kuni. O'zbekiston xotin-qizlar qo'mitasi vakillari, shoiralar “Temuriy malikalar” ilmiy anjumaniga yig'ilishgan. Shu tadbirga borish uchun shaylanib tursam, Bobojonov ko'chasidagi hovlimizga ishxonadan qo'ng'iroq bo'ldi:
— Zulfiya opa o'tibdilar…
…Hamid Olimjon va Zulfiyaxonim yashagan hovliga jo'nadim. “Kompozitorlar” ko'chasiga qayrilishimiz bilan, ko'chaning ikki chetida qator terilgan oppoq yelim kursilar ko'zga tashlandi…
…Hovli, zinalar, ko'cha odamlarga to'lib ketdi, uzoq-yaqindan shoiraning do'stlari, muxlislari, shogirdlari uni so'nggi yo'lga kuzatish uchun oqib kelardi. Gullar, gulchambarlar yeru ko'kka sig'mas, bu ko'chaga bahor tashrif buyurganday ko'zlar qamashardi.
…Bahorning birinchi kuni dunyoga kelib, avgustning birinchi kunida ardoqli shoira Zulfiya Isroilova xalqi bilan xayr-xo'shlashib, bu foniy dunyodan o'tdi…
Abadiyat lahzalari
2008 yil, 1 martda shoira Zulfiyaning haykali ochildi.
… Soat 11 da haykal yuzidan oq parda tushirildi. Salobat to'kib, ilhom og'ushida xayolga cho'mgan Zulfiyaxonimning siymosi oftobday charaqlab ketdi…
…O'shandan beri Zulfiyaxonim haykali poyidan qadam uzilmaydi. Hamisha gullar yashnab turadi. 1 mart — uning tug'ilgan kuni she'riyat bayramiga aylanadi, shogirdlar, muxlislar, yoru birodarlar bu munavvar maskanga jamlanadilar, uni gullarga burkaydilar, she'rlar yangraydi, xotiralar qayta-qayta jonlanadi.
O'zbekiston xalq shoiri
Oydin Hojiyevaning
“To'rt tanho” kitobidan
qisqartirib olindi.